Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:50

Grozniyda Ramzan Qodirov uchun miting o‘tkazildi


22 yanvar kuni Checheniston poytaxtida Ramzan Qodirovni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan mitingda¸ chechen rasmiylari iddaosicha¸ bir millionga yaqin odam ishtirok etdi. Ayni paytda¸ guvohlar bu majburiy-ixtiëriy tadbirda ko‘pi bilan 200 ming odam qatnashganini aytmoqda.

Ramzan Qodirovning ikki hafta oldin Rossiya liberal muxolifatchilariga ochgan o‘ziga xos urushi 22 yanvar kuni yangi bosqichga chiqarildi – Qodirov o‘zining kimligini ko‘rsatish maqsadida yuz minglab chechenlarni “Kuchimiz birlikda” degan shior bilan ko‘chaga olib chiqdi.

Chechenlarning Ramzan Qodirov himoyasiga chiqishi uchun juma kuni respublikada dam olish kuni deb e’lon qilindi¸ butun rasmiy tizim kuchi Ramzan uchun odamlarni ko‘chaga chiqarish¸ ular qo‘liga berilgan shiorlarni yozish va tarqatishga tashlandi.

Грозний "шайтонлар"га қарши шайтонлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:35 0:00

22 yanvar kuni Checheniston rahbari uchun Grozniyda ommaviy tadbir o‘tkazilishi haqida birinchilardan bo‘lib xabar tarqatgan rossiyalik huquq faoli Igor Kalyapinga ko‘ra¸ chechenistonliklar juma kuni ko‘cha tadbirida qatnashish¸ davlat idoralari va hokimliklar esa hammani tadbirga olish chiqish lozimligidan ogohlantirilgan:

- E’tibor bering¸ odamlarning Qodirov himoyasi uchun tashkillashtirilgan mitingga chiqishi uchun butun Chechenistonda dam olish kuni e’lon qilindi. Chechenlarning bildirishicha¸ ularga mitingga chiqmaganlarning muammoga uchrashi¸ aniqrog‘i¸ ishdan haydalishi aytilgan. Bularning hammasi mitingning mutlaq markazlashgan xarakterda ekanini ko‘rsatadi¸ deydi Kalyapin.

Ayrim kuzatuvchilar¸ 22 yanvar kungi mitingda qatnashganlarning hammasi ham bu yerga majbur bo‘lganidan kelmagani¸ ular orasida Qodirovga yoqish¸ undan mukofot olish ilinjidagilar ham borligini qayd etmoqda. Shuningdek¸ chechenlarda “o‘zimiznikini begonaga urdirib qo‘ymaymiz”¸ degan refleks kuchliligi bois¸ bir guruh mitingchilarning Grozniy ko‘chalariga chechen liderini “moskvadagilar”dan himoya qilish istagida chiqqani ham e’tirof etilmoqda.

Grozniy mitingida qatnashgan chechenistonlikdan biri¸ tadbirda qatnashganlar soni chechen rasmiylari tomonidan bo‘rttirilganini bildirdi:

- Bugun tonggi soat 7 dan beri shaharga mashinalar qatnovi faqat bir yo‘nalishda bo‘ldi¸ Odam juda ko‘p bo‘ldi. Dog‘iston va Ingushetiyadan ham vakillar keldi. Men mitingda rejalangani kabi 750 odam qatnashdi¸ deya olmayman. Menimcha¸ ko‘pi bilan 200 ming odam bo‘ldi. Kelganlarning deyarli hammasi davlat xizmatchilari¸ o‘quvchi va talabalar bo‘ldi. Ular “keldik” deb rasman qayddan o‘tishdi¸ berilgan shiorlarni ko‘tarib turishdi va imkon bo‘lishi bilan uy-uylariga tarqab ketishdi¸ deydi miting qatnashchilaridan biri Ozodlikka.

22 yanvar kungi Grozniydagi miting¸ Ramzan Qodirovning Rossiya liberallari bilan keskin aytishuvini kulminatsiyaga chiqardi.

12 yanvar kuni Grozniyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Qodirov Rossiya muxolifatchilarini “xalq dushmanlari”¸ "shaytonlar" deb atadi va ularni sotqin sifatida sud qilishga chaqirdi.

Bu bayonotdan so‘ng Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida “Qodirov-Rossiya uchun isnod” degan aksiya boshlandi. Bunga javoban chechen parlamenti “Qodirov-Rossiyaning faxri” degan aksiya bilan chiqdi.

16 yanvar kuni Rossiya huquq faollari va jamoatchilik arboblari ochiq xat bilan chiqib¸ uch sinf ma’lumoti bilan o‘zini akademik deb ataydigan Ramzan Qodirovning iste’fosini talab qildi. Shu kuni prezident huzuridagi Inson haqlari komissiyasi Qodirovning “sistemadan tashqaridagi muxolifat” haqidagi baënotlari Rossiya konstitutsiyasiga qanchalik mosligini o‘rganishga kirishganini bildirdi.

20 yanvar kuni Chechenistonda Ramzan Qodirovni quvvatlash uchun fleshmob o‘tkazildi va unda “Ramzan - sen Rossiya qahramoni¸ biz sen bilan!” degan shior ushlagan maktab o‘quvchilari uyushtirilgan shaklda ishtirok etdi.

Ayni paytda¸ Rossiya siyosiy muxolifati ham 22 yanvar kungi Grozniy mitingiga o‘z javobini hozirlamoqda. Xususan¸ 26 yanvar kuni "Yabloko" partiyasi Moskvada Qodirov iste’fosini talab qilib¸ piket o‘tkazmoqchi.​

PARNAS esa¸ “Milliy xavfsizlikka tahdid” degan sarlavha ostida Ramzan Qodirovning jinoiy kirdikorlariga oid maxsus hisobotni ochiqlash arafasida. Boris Nemtsov o‘ldirilganiga bir yil to‘lishi arafasida e’lon qilinadigan bu hisobotda Ramzan Qodirovning Rossiyadagi eng yirik siyosiy qotilliklarga aloqadorligiga oid ma’lumotlarning jamoatchilikka taqdim etilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG