Линклар

Qirg‘iz rasmiylari chegaradagi o‘z nazoratini kuchaytirish maqsadida qirg‘iz-tojik chegarasidagi bahsli yerlarni dehqonlarga arzon-garov ijaraga bermoqda. Garchi bu hududlarda suv yetishmovchiligi bo‘lsa ham, dehqonlar bu yerlarni o‘zlashtirishga kirishganlar.

Botken viloyati hokimiyati Tojikiston bilan qarovsiz qolgan chegaradosh hududda nazorat o‘rnatish maqsadida yerlarni arzon narxda dexqonlarga ijaraga bermoqda. Hozirda chegaradosh hududning 200 gektariga dexqonlar tomonidan o‘rik daraxtlari ekildi.

“Biz qishloq hukumatiga borib suvsiz yerlarni o‘zlashtiraylik dedik va hukumat rozi bo‘ldi. Biz 90 gektar yerga ekin ekdik. Bu yer sovet davridan keyin qarovsiz qolib ketgan yer edi. O‘tgan yili olganimizda shu yerlarda tojik chegarachilari yurgan edi. Biz ularni xaydab, yerni o‘zlashtirdik. Bu hududlar bahsli hududlar bo‘lgan. Hozir 7 ming ko‘chat ekdik. Bu degani 50-60 odam qishin-yozin ish bilan ta’minlandi degani”, - deydi dexqonlardan biri Ching‘izbek.

Botkenning Yangiyer qishlog‘i Tojikistonning ikki tumani bilan chegaradosh bo‘lib, bu hududda muntazam chegara janjallari sodir bo‘lgan.

Ikki yil avval hududdagi neft ishlab chiqiluvchi Katta tuz uchastkasi ikki davlat o‘rtasida talashga tushib, katta mojaroga sabab bo‘lgan edi.

Qishloq oqsoqoli Saatbek Egemberdievga ko‘ra, chegara hududlarini nazorat qilish maqsadida chegara yaqinidagi hududlar dexqonlarga yengillashtirilgan tarzda, arzon bahoda ijaraga berilmoqda.

“Dexqonlarimiz bundan ham ko‘p yerlarni o‘zlashtiriga tayyor. Faqat suv yetishmovchiligini birgina muammo bo‘lyapti. Bu chegarani mustahkamlashga eng katta yordam. Agar qonunlarimiz imkon berganida men chegara hududlarini pulsiz ijaraga bergan bo‘lardim. U yerlarda suv yo‘q ko‘p narsa ekolmaydi, hech bo‘lmasa nazorat qilinardi”, -deydi Saatbek Egemberdiev.

Biroq kuzatuvchilarning aytishlaricha, qirg‘iz-tojik chegarasidagi bahsli hududlar to‘liq aniqlanmay va muammo hal qilinmay turib, bu yerlarni dehqonlarga ijaraga berilishi kelajakda katta janjallar keltirib chiqarishi mumkin.

Botken viloyatining 600 kilometrga yaqin yeri Tojikiston bilan chegaradosh hudud hisoblanadi.

Ayni paytda Qirg‘iziston hukumati qirg‘iz-tojik chegarasi yuzasidan kelishuv loyihasini tayyorlagan. Unga muvofiq, aniqlangan va bahsli bo‘lmagan chegaralar bo‘yicha hujjat davlat rahbarlari darajasida imzolanadi.

Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘tgan yilning noyabr oyidagi uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida avval tasdiqlangan chegaralarni hujjatlashtirib qo‘yishga kelishilgan edi.

Tomonlar bundan keyin eski kartalarga qaramay, Olmaota deklaratsiyasi bo‘yicha ish olib borishga kelishgan. Mazkur deklaratsiyaga muvofiq, har bir mamlakat mustaqillikni qo‘lga kiritgan davrdagi chegarasi bilan qolishi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari ikki davlat vakillari ba’zi bahsli hududlarni o‘zraro almashish orqali ham masalani hal qilishni muhokama qilgan.

Bungacha tomonlar bahsli chegara hududlari bo‘yicha bir necha marotaba uchrashgan bo‘lishiga qaramay, bir fikrga kelisholmagan. Bu esa qirg‘iz-tojik chegarasida turli janjal va mojarolar bo‘lib turishiga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG