Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:40

Eron prezidenti nomzodlarning saylovdan chetlashtirilishini tanqid qildi


Eron prezidenti keyingi oy bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida ishtirok etishni istagan nomzodlarning ommaviy ravishda chetlashtirilganini tanqid qildi. Prezident nomzodlarning chetlashtirilishi bu saylovni ma’nosiz qilishi mumkinligini aytdi.

O‘zini mo‘’tadil siyosatchi o‘laroq taqdim etuvchi Hasan Ruhoniyning bu sharhlari u va Islomiy respublikadigi muhim idoralarga yetakchilik qiluvchi radikallar o‘rtasida yuzagan kelgan tangliklardan darakdir.

Ruhoniyning bu chiqishiga Konstitutsiya himoyachilari kengashi tomonidan 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etishni istagan nomzodlarning taxminan 60 foizining diskvalifikatsiya qilingani turtki bo‘ldi.

Kelayotgan saylovda Eron parlamentidagi 290 o‘rinning bir nechasini egallashga umid bog‘layotgan islohotchilar o‘z nomzodlarining atigi 1 foiziga saylovda ishtirok etishga izn berilganini bildirshdi.

Xabarlarga ko‘ra, 21 yanvar kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ruhoniy “Saylovda bitta fraksiya ishtirok etadigan bo‘lsa, unda nega saylov o‘tkazyapmiz?” degan.

Yana bir islohotchi siyosatchi Husayn Marashiy 3 000 islohotchi nomzodning atigi 30 nafari saylovda ishtirok eta olishini bildirdi.

Eron parlamenti, ya’ni Majlisiga har to‘rt yilda bir marta saylov o‘tkaziladi. Majlis yangi qonun loyihalarini ishlab chiqishi, ularni muhokama qilishi mumkin. Bu qonunlar kuchga kirishi uchun ularni prezident rasmiy ravishda ma’qullashi zarur.

Ammo amalda Konstitutsiya himoyachilari kengashi kabi tashkilotlar qaysi qonunlar qabul qilinishi va saylovlarda kim ishtirok etishini hal qilishda muhim rolь o‘ynaydi. Konstitutsiya himoyachilari kengashining olti ruhoniy va olti huquqshunosdan iborat a’zolarini saylovchilar tanlamaydi.

Kengash nima uchun bunchalik ko‘p nomzodni saylovdan chetlatishga qaror qilgan noma’lum. Ammo kengash bundan avval islohotchi nomzodlarni hamda islomiy tizim yoki oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyga sodiq emas, deb ko‘rilgan nomzodlarni saylovlardan chetlatgan hollar ko‘p kuzatilgan. Islohotchilardan tashqari ayrim konservativlar ham saylovdan chetlatildi. Bular orasida muxolifatchilarning uy qamog‘iga olinishini tanqid qilgan huquqshunos Ali Motahariy ham bor.

21 yanvar kuni gubernatorlar hamda saylov rasmiylari oldida chiqish qilgan Ruhoniy “Parlament bitta fraksiya emas, butun xalqning uyidir”, dedi.

“Xalq uyi millatimizni chindan o‘zida aks ettirishiga, xalqqa tegishli bo‘lishiga izn beraylik”, deya so‘zini davom ettirdi prezident.

Oliy aralashuv?

Diskvalifikatsiya qilinganlar arzlanishlari mumkin. Keyingi kunlarda Eron matbuotida ayrim chetlatilgan nomzodlarning arzlari chop etildi.

Sobiq madaniyat vaziri, prezidentlikka nomzod Mustafa Moin uning saylovdan chetlatilgani Eron konstitutsiyasi hamda milliy qiziqishlariga zid ekanligini aytdi.

Xabarlarga ko‘ra, Ruhoniy prezident yordamchisi Eshag‘ Jahongiriyga nomzodlarning man qilinishini Konstitutsiya himoyachilari kengashi bilan muhokama qilishni buyurgan. Radikallar tarafdori, taniqli siyosiy tanhlilchi Amir Mohebbiyan esa Ruhoniy oliy rahbardan yordam so‘rashi mumkinligini aytdi.

Fararu.com yangiliklar saytida yozilishicha, Mohebbiyan “Ruhoniy o‘z obro‘sidan foydalanishi mumkin. Masalan, o‘z statusidan foydalanib, rahbardan diskvalifikatsiyalarni ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin. Ammo uning iltimosi bajariladimi, yo‘qmi – bu butunlay boshqa masala” degan.

Tehronlik yana bir siyosiy tahlilchi Sadeg‘ Zibakalam bunchalik ko‘p nomzodning chetlatilishi hatto “mo‘’tadil konservativlarni” ham xavotirga solayotganini aytdi.

Prezidentlikka sobiq nomzod, islohotchi siyosatchi Reza Aref man qilingan nomzodlarning ayrimlariga ruxsat berilishiga umid qilishini aytdi. Aref nomzodligini Konstitutsiya himoyachilari kengashi muntazam ravishda ma’qullab kelayotgan sanoqli islohotchilarning biridir.

“Konstitutsiya himoyachilari kengashi va boshqalar bilan yaxshi muhokamalarni o‘tkazib kelyapmiz. Diskvalifikatsiyalar qayta ko‘rib chiqishilishiga umid qilaman”, degan Aref. Mazkur oyning boshida Xomanaiy barcha Eron fuqarolarini, hatto uni yoki islomiy tizimni ma’qullamaydiganlarni ham fevralda bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etishga chaqirdi.

Saylov davomida yana mamlakatning navbatdagi oliy rahbarini belgilovchi Mutaxassislar assambleyasiga a’zo bo‘lishni istovchilarga ham ovoz beriladi.

Gulnoz Isfandiyoriy

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG