Линклар

logo-print

1986 yil Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan Matematiklar xalqaro kongressiga 30 dan oshiq Sovet Ittifoqida yashovchi – aksari rossiyalik – matematik taklif qilingan. 2010 yilda esa kongress Hindistonda bo‘lib o‘tdi va unga taklif etilgan matematiklarning atigi 5 nafarining Rossiya universitetlari bilan aloqasi bor edi.

Ikki moskvalik izlanuvchi etuk matematik olimlari bilan nom taratgan Rossiya bu matematiklarning ommaviy tark etishi sabab boshdan kechirgan yo‘qotishlarni aniqlash uchun izlanish o‘tkazdi.

“Oliy iqtisod maktabi” Milliy izlanish universiteti xodimlari Vladlen Timorin va Ivan Sterligov 25 xorijiy “sof matematika” jurnalida keng tarqalgan ruscha familiyaga ega olimlar tomonidan yozilgan maqolalarni o‘rganib chiqishdi.

1994 yilda bu maqolalarning taxminan 70 foizi Rossiya institutlariga to‘g‘ri kelgan. 1997 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 50 foizga tushib qolgan va hozirgacha o‘zgarmay keladi.

1993-2015 yillarda G‘arbga ko‘chib ketgan rossiyalik matematiklarning uchdan bir qismi AQShga borgan. Rossiyani tark etgan matematiklar tanlagan mamlakatlar orasida Fransiya AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

“Rossiya matematikasi hamda rus matematika diasporasiga metrik nazar” deb nomlanuvchi izlanish natijalari “Oliy iqtisod maktabi” Milliy izlanish universiteti chop etadigan “Rossiya va xorijda oliy ta’lim” jurnalining 2015 yilning qishki nashrida chop etildi.

“Oliy iqtisod maktabi” Milliy izlanish universiteti professrori, matematika fakulteti dekani Timorin Ozodlik bilan suhbatda Rossiyani tark etgan matematiklar “xorijda yaxshi akademik ish topa oladi”, mamlakatni tark etmaganlardan akademik jihatdan muvaffaqiyatliroq bo‘ladi hamda yangi vatanlarida tug‘ilib-o‘sgan hamkasblaridan yaxshiroq natija ko‘rsatadi, dedi.

Izlanish natijalarida 1992-2008 yillarda o‘rtacha rossiyalik muhojir matematik amerikalik hamkasbiga solishtirganda 20 taga ko‘proq maqola chop etgani aytiladi. Qolaversa, rossiyalik matematiklar maqolalari 143 marta ko‘proq manba sifatida ko‘rsatilgan.

Massachusetsda joylashga xususiy, nodavlat “Iqtisodiy izlanishlar milliy byurosi” guruhi 2012 yil chop etgan izlanishga ko‘ra, “sovet matematiklarining” AQShga kelishi mamlakatning matematiklar bozoridagi raqobatni oshirgan.

“Empirik analizlarimiz o‘z izlanish dasturlari sovet matematiklari dasturlari bilan eng ko‘p o‘xshash bo‘lgan amerikalik matematiklarning mahsuldorligi sovet ittifoqilik immigrantlarning AQSh matematika bozoriga kirishi ortidan tushganini ko‘rsatadi”, deyiladi ilmiy maqolada.

Timorin va Sterligov taxminan 1 000 matematik Rossiyadan AQShga ko‘chib ketganini, natijada “Rossiya matematikasi o‘zining eng yaxshi namoyandalaridan ayrilganini” aytishdi.

Timorin va Sterligov yetakchi rus matematiklarining mamlakatni tark etgani “Rossiyada ham oliy ta’limni, ham ilmiy izlanishlarni jiddiy sustlashtirganini” qo‘shimcha qilishdi.

Timorin va Sterligov maqolasiga ko‘ra, Filds medalini olgan va kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan har bir matematikning doimiy ishi G‘arb mamlakatidadir. Filds medali matematika sohasida ta’sis etilgan xalqaro mukofot bo‘lib, matematiklar uchun Nobel mukofotiga tenglashtiriladi.

Izlanishda ko‘rsatilgan salbiy o‘zgarishlarga qaramasdan, optimizmga ham o‘rin bor.

Rossiyadagi institutlar bilan ish olib boruvchi izlanuvchilar soni mutazam ravishda 50 foizni tashkil etib kelmoqda. Ham Rossiya, ham G‘arb institutlari bilan hamkorlik qiluvchi olimlar soni esa taxminan 25 foizni tashkil eiladi.

Timorin va Sterligov maqolasida matematiklar ommaviy ravishda tark etganiniga qaramasdan, “Rossiyada matematik izlanishlar darajasi hayratlanarli darajada yuqoridir”, deyiladi.

“Rossiyada ruscha matematika jurnallarini chop etish an’anaga aylangan bo‘lsa-da – bu jurnallar juda yaxshi ekanligini unutmasligimiz kerak – eng yaxshi G‘arb jurnallarida chop etilgan maqolalarga nazar solsangiz, Rossiya eng ilg‘or yetti yoki sakkiz mamlakatning biridir”, dedi Timorin.

Ammo u “hech qanday jiddiy o‘sish kuzatilmayotganini” qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG