Линклар

Taniqli qo‘shiqchi, Zokirovlar sulolasining kenja vakilasi 45 yashar Nargiz Zokirova shanba kuni Moskvaning Backstage restoranida bergan konserti chog‘ida ikki ksenofob ayolning tajovuziga uchrab, yengil yaralandi. Bu voqea haqida Nargiz Zokirovaning o‘zi va muxlislari Facebook va Instagram tarmoqlarida foto va ma’lumotlar qoldirishdi. Ayni voqea Rosiya matbuoti va o‘zbek internet nashrlari mundarijasiga ham chiqdi.

Internetdagi eltuz.com nashrining voqea guvohlaridan biri Xushnudbekka tayanib, yozishicha¸ voqea Moskvaning Krokus Siti Xoll majmuasida joylashgan Backstage restoranida Nargizning solo kontserti paytida ro‘y bergan:

“Kontsert o‘tayotgan restoranning VIP qismida o‘tirgan ayol alkogol to‘ldirilgan qadax bilan sahnaga chiqib, Nargizni o‘zbekligi uchun haqoratladi va qo‘lidagi qadaxni qo‘shiqchining yuziga uloqtirdi”, deya yoziladi nashrda.

Rosiya ko‘ngilochar matbuotiga ko‘ra, Nargiz Zokirovaga ikki ayol hamla qilgan. Ikkovlon qo‘shiqchini tahqirlayotgan paytda qo‘riqchilar chiqib ketishgan va kuzatuv kameralari o‘chirib qo‘yilgan. Bu holat ikki xonimning Rossiya jamiyatidagi yuksak mavqei bilan izohlangan.

Nargizning o‘zi bu holatni Facebookdagi sahifasida mana bunday tasvirladi:

"Mana o‘sha VIP mehmon! U qo‘lida bokal bilan oldimga kelib "Ti x…ya!!!" deb baqirdi. Keyin esa bu xonim "Senga o‘xshagan o‘zbeklar mening uyimda bo‘q tozalashadi", deya qadahni menga qarab irg‘itdi. Qadax dramshildga (Ovoz to‘suvchi uskuna) tegib parcha-parcha bo‘ldi. Sahnaga shisha parchalari uchdi. Ayni paytda meni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan qo‘riqchilar sehrli tarzda g‘oyib bo‘lishdi. Tashkilotchilar ayanch jilmayib, vaziyatni haspo‘shlashga urinishdi", deya yozgan qo‘shiqchi Nargiz Zokirova uni haqoratlab, jarohatlagan rus ayoli rasmini tarmoqqa qo‘ydi.

Nargiz Zokirovaning Instagram sahifasidan olindi

Nargiz Zokirovaning Instagram sahifasidan olindi

​Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlardagi Nargizning muxlislari ksenofob tajovuzkorlar jazolanishini talab qilishmoqda.

Nargiz Zokirovani yaqindan tanigan o‘zbek kinorejiseri Mastura Isxoqova Ozodlik bilan suhbatda ksenofoblar tajovuziga nishon bo‘lgan qo‘shiqchi voqeasiga munosabat bildirdi:

- Nargiz Zokirova men uchun birinchi navbatda – qo‘shiqchi. Qolgan hammasi piar. Baxillar hasadi ham, muxlislarning hayrati ham. Insoniy munosabat madaniyatidan bexabar johillar mana shunday jirkanch tajovuzni o‘ziga ep ko‘radi. Bizga nimadir yoki kimdir yoqmasligi mumkin. Bu taqdirda nima qilasan¸ yoqmagan odam qo‘shiq aytayotgan konsertga borib. Bu qo‘shiqchini shunchalik yomon ko‘rsang, borma konsertiga. Men Nargizni yuziga qadax otib yaralangan bu sharmanda ayolni kim bo‘lishidan qat’iy nazar qoralayman¸- deydi Mastura Isxoqova.

Mashhur Zokirovlar sulolasiga mansub qo‘shiqchi Nargiz Zokirova Rosssiyada bundan oldin ham muammolar bilan yuzma-yuz bo‘lgan edi.

O‘tgan yili Rossiyaning Nijnevartovsk shahridagi konsert paytida Nargiz Zokirova Federal migratsiya xizmati tomonidan iznsiz ishlayotganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

Ozodlik suhbatlashgan migratsiya xizmati xodimlari AQSh fuqarosi bo‘lgan Zokirova Rossiya hududida ish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini bermaydigan turistik viza bilan bo‘lib turganini aytgan edi.

Mashhur Zokirovlar sulolasiga mansub qo‘shiqchi 1995 yilda Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib ketgan va Rossiya 1-Kanali o‘tkazgan “Golos” qo‘shiq tanlovida ikkinchi o‘rinni egallashi ortidan el og‘ziga tushgan edi.

XS
SM
MD
LG