Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:08

Melisadan tepki yegan ayol prezidentga shikoyati uchun tuhmatda ham ayblandi


Toshkentning "Chorsu" bozorida qornida 6 oylik homilasi bilan militsioner tomonidan tepkilanganini da’vo qilgan 35 yashar Sevara Sultonovaga prezident devoni va MXXga ariza yozgani uchun 139-modda asosida “yolg‘ondan iborat shikoyat matnini davlat idoralariga tarqatganlik” aybi qo‘yildi. 25 yanvarda ayblov xulosasini qo‘liga olgan ayol jami 3 ta modda bilan militsionerga qarshilik ko‘rsatish, haqorat va tuhmat qilishda ayblanmoqda.

Toshkent shahridagi "Chorsu" bozorida homilador holida militsioner tomonidan kaltaklanganini da’vo qilgan toshkentlik 35 yashar Sevara Sultonova, va nihoyat, ayblov xulosasini qo‘liga olganini aytmoqda.

Shu yilning 18 yanvar kuni Ozodlikka qilgan murojaatida bu ayol o‘tgan yilning 12 sentyabrida Toshkentdagi "Chorsu" bozorida Shayxontohur tumani IIB mulozimlaridan biri uni kaltaklaganini iddao qilgan edi.

25 yanvar kuni ayolning qo‘liga topshirilgan ayblov xulosasida Sevara Sultonovaga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining bir yo‘la 3 ta moddasi - 219-modda (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish), 139-modda (tuhmat) va 140-modda (haqorat qilish) aybi qo‘yilgan.

Sevara Sultonova "militsiya xodimini tepgan, haqorat qilgan, pogonlarini yulib olgan" mazmunida 219-modda ostiga unga nisbatan ilgari surilgan ayblovga iqror emasligi va buni tuhmat, deb bilishini yana ta’kidladi.

Ammo, 139 va 140-moddalar esa bunday "tuhmatga norozilik tarzida prezident devoniga murojaat qilgani uchun qo‘yilgan", deb tushunshini aytmoqda:

- Ayblov xulosasida shunaqa deb yozilgan: "... yolg‘on voqea-hodisalar bayon etilgan murojaatlardan iborat shikoyatlarning matnini tayyorlab, ushbu shikoyatlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Oliy Majlisi, Inson huquqlari bo‘yicha vakili - Ombudsmen, Bosh Prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, boshqa organ va idoralariga tarqatib kelgan. G‘arazgo‘ylik va boshqa past niyatlar bilan bosma usulda ko‘paytirilgan tarqatishda ifodalangan huquqqa xilof harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 139-moddasi, 3-qismi, "g" bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan". Menga prezident devoniga ariza yozganim uchun "tuhmat tarqatding" deb shu moddani qo‘llashgan, deb tushundim men, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Sevara Sultonova.

Sevara Sultonova shu kunda militsioner tepkisidan qornidalik chog‘ida bir necha bor nobud bo‘lish xavfi ostida qolgan va og‘ir ahvolda tug‘ilgan go‘dagi xastaligi bois, suhbatni qisqa qilishga majbur ekanini aytdi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan turmush o‘rtog‘i shu kunlarda Sevaraning kaltaklanishiga guvoh bo‘lgan va ko‘rsatma bergan savdogarlarga jarima solinishi aytilib, bosim o‘tkazilmoqda, deb da’vo qildi.

Ozodlik bilan ismini ochiqlamaslik sharti ostida suhbatlashgan tadbirkor ayollardan biri "Sevaraning boshiga IIV xodimi bir dasta shim bilan urganini ko‘zim bilan ko‘rdim", dedi:

- Men sal kechroq bordimda, odamlar gavjum, olomon bo‘lib yotgan ekan. Keyin shimning parchasi bilan boshiga urganini ko‘rdim. Bir pachka shim qattiq bo‘ladi. Hushidan ketib, yiqilib qolganini ko‘rdim. Sevaraning o‘zi melisani qaydan uradi, o‘zi bechora ikkiqat bo‘lib zo‘rg‘a yurgan bo‘lsa?! Pogonini qaerdan yulib oladi, u odam gavdali odam, Sevaraning bo‘yi pastgina bo‘lsa, bo‘yi yetarmikan pogoniga?! Men ko‘rganimni aytaman, ko‘rmagan narsamni gapirmayman, - dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan savdogar ayol.

Bu ayol Ozodlik bilan suhbatda Sevara Sultonova ishi bo‘yicha guvohlik bermaslikka undab, unga IIV xodimlari tomonidan bosim bo‘layotganini tasdiqlamadi. Ammo, Sultonova bu ayolga bosim bo‘ldi, ammo iqror bo‘lishga cho‘chiyapti, deb da’vo qilishda davom etmoqda.

Shu tariqa, 12 sentyabr kuni "Chorsu" bozorida IIVning yuqori lavozimli xodimidan tepki yegani, og‘ir ahvolda shifoxonaga tushganini da’vo qilayotgan shayxontohurlik 35 yashar Sevara Sultonovaga 3-modda bilan ayblov e’lon qilindi.

Ayblov isbotini topgan taqdirda bu ayol eng kam ish haqining 50 barobaridan 400 barobarigacha jarima yoxud 3 yilgacha ahloq tuzatish, yoki 2 oydan 3 yilgacha qamoq jazosini olishi mumkin.

Sevara Sultonova 3 farzandning onasi. Militsiyaning tepkisi ostida tushishga bir bahya qolgan uchinchi farzandi 14 dekabr kuni tug‘ilgan.

Turmush o‘rtog‘i bor, ammo u ismi ochiqlanishini istamadi.

Murojaati so‘ngida Sevara Sultonova Ozodlik radiosi orqali inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishi va ulardan yordam kutib qolishini alohida ta’kidladi.

Ozodlik Sevara Sultonova bilan sudlashayotgan IIV xodimi bilan bog‘lanishga urinmoqda, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG