Линклар

O‘zbekiston hukumati avtotransportda xorijga meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum eksport qilish muddatini 2016 yil 1 iyuligacha uzaytirdi. Bu haqdagi hukumat qarori shu yil 20 yanvarida chiqqan.

Eksportga ruxsat Meva-sabzavot mahsulotlaridan ichki bozorda ratsional foydalanish hamda eksportni tashkillashtirish masalalarini hal qilish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan tasdiqlanmish ro‘yxatga kirgan huquqiy shaxslargagina beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2015 yil 1 sentyabridan boshlab meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni avtotransport vositalarida xorijga olib chiqib ketish taqiqlangandi. Qaror izohida bundan maqsad O‘zbekiston meva-sabzavoti va poliz ekinlarini soliq va boj to‘lovlarini chetlab o‘tib, xorijga olib chiqayotgan “nohalol eksportchilar”ni to‘xtatish va ularni fosh qilib, jazoga tortish va eksportni shaffoflashtirish ekani ta’kidlangandi.

Biroq o‘tgan yilning oktyabr oyi boshida O‘zbekiston hukumati 2016 yil 1 yanvarigacha meva-sabzavotni avtotransport bilan eksport qilishga ruxsat bergan va o‘tgan hafta bu muddat yana 6 oyga uzaytirilgan.

Fergananews.com sayti taxminicha, hukumatning bu qaroriga “Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligida 13 yanvar kuni O‘zbekiston davlat korporatsiyalari vakillari bilan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti hajmini oshirish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan uchrashuv ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG