Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:46

"Yabloko" rahbarlari Qodirovga qarshi piketda qo‘lga olindi


Moskvada Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov iste’fosi talabi bilan prezident devoni oldida yakka piketga chiqqan “Yabloko” partiyasining uch namoyandasi politsiya tomonidan hibs etildi. Ushlangan Sergey Mitroxin va Anton Antonov-Ovseenko yakka piket Moskva shahar ma’muriyati tomonidan ommaviy mitingga ruxsat bermaganidan keyin yakka tartibda Vladimir Putin boshqarayotgan devonni piket qilishga chiqqani aytilmoqda. Ayni paytda, Vladimir Putin Ramzan Qodirovga sodiqligi uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Seshanba 26 yanvar kuni Moskvada Rossiya prezidenti devoni oldida yakka tartibda Ramzan Qodirov iste’fosini talab qilayotgan bir guruh “Yabloko” partiyasi vakillari qo‘lga olindi.

“Yabloko”ning sobiq raisi Sergey Mitroxin shaharning Kitaygoroddagi prezident ma’muriyati binosi oldida soat kunduzgi 12-da “Qodirov – iste’foga!” plakatini yoyishi bilanoq huquq-tartibot idorasi xodimlari tomonidan qurshab olindi.

Avvaliga politsiya “yablokochi”lardan pasportni ko‘rsatishni talab qildi, keyin biror sababini tushuntirmasdan ularni politsiya bo‘limiga olib ketdi.

"Men Sergey Mitroxin, yakka tartibda piket o‘tkazishga ketyapman.

- Siz piketga ketayotgan bo‘lsangiz, hujjatlaringiz bo‘lishi shart!

- Bo‘lmagan gap! Qonunda bu ko‘rsatilmagan. Shu sababli mening hujjatim yo‘q.

Bu Sergey Mitroxin va uni hibs etgani kelgan politsiya xodimi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qisqa suhbat.

Partiya matbuot xizmati rahbari Mariya Epifanova “u prezident devoni binosi nazorat punktidan ichkariga kirishga uringani uchun” hibs etilganini bildirdi.

Sergey Mitroxin prezident devoni oldiga qo‘yilmadi
Sergey Mitroxin prezident devoni oldiga qo‘yilmadi

“Yabloko” rahbariyati Ramzan Qodirovdan “notizim muxolifat” vakillarini “xalq dushmanlari”ga tenglashtirgani uchun kechirim so‘rashini, Vladimir Putindan esa Checheniston rahbarini iste’foga chiqarishni talab qilmoqda.

- Men Igor Bakirov, “Yabloko” a’zosi. Qodirov so‘zlari Rossiya fuqarolariga ochiq tahdid bo‘lgani uchun biz bu yerdamiz. U kim bo‘lishidan qat’iy nazar bunday gaplarni gapirish nomaqbuldir: itlar bilan qo‘rqitish, muxolifatga qarshi gaplar. Shu sababli biz uning iste’fosini talab qilyapmiz, dedi piketda ishtirok etgan partiya rasmiy vakili.

Mitroxin va Antonov-Ovseenko politsiya bo‘limiga olib ketilishi ortidan qonunga muvofiq yakka tartibda plakat yoygan Stanislav Belyanskiy ham ushlandi: qonunga xilof ravishla undan 50 metr yaqinroqda politsiya tomonidan yuborilgan provokator plakat yoydi.

Bundan bir kun oldin Ramzan Qodirov bilan bog‘liq avj olib borayotgan mojaro boshlanganidan buyon birinchi marotaba Rossiya prezidenti unga izoh berdi. Vladimir putin Checheniston rahbarini “samarali boshqaruvchi” nomi bilan siylab,qilgan “mehnati uchun” rahmat aytdi.

- Respublika uchun rahmat, u yerda yashayotganlarga, birinchi prezidentga, hozirgi rahbarga rahmat. U juda samarali faoliyat yuritmoqda, dedi Stavropolyeda yoshlar oldida so‘zga chiqqan Vladimir Putin.

3 soatcha politsiya bo‘limida ushlab turilgan siyosatchi Sergey Mitroxin “miting va piket qilish qoidalarini buzgani uchun” javobgarlikka tortilib qo‘yib yuborilgani, unga 10 ming rubldan 20 ming rubl jarima yoki 40 soatlik majburiy mehnatga jalb etilishi mumkinligini bildirishgani ma’lum bo‘ldi.

“Yabloko”ning qolgan ikki faoli politsiya bo‘limida qolgani aytildi.

O‘tgan hafta oxirlarida esa Kremlning “Qodirov mojarosi”ga rasmiy munosabatini bildirgan Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya jamoatchiligi junbushga keltirgan Ramzan Qodirovning so‘zlarida biror nojo‘ya fikr topa olmaganini bildirib, “gap norasmiy muxolifat to‘g‘risida ketgani mumkinligi” va chechen rahbari so‘zlarini “yaxshilab anglab olishni” tavsiya qilgan edi.

12 yanvar kuni Rossiya matbuoti kunida jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Ramzan Qodirov barcha muxolifatchilarni “xalq dushmanlari” deb atadi va “sotqinlar sifatida” sud qilishni taklif etgan edi.

Ramzan Qodirovning so‘zlari qator Rossiya siyosatchilari tanqidiga uchradi.

XS
SM
MD
LG