Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:23

Toshkentda bank xodimlari kamida 5 pensionerni plastikka o‘tkazishga majburlanyapti


Toshkent shahridagi deyarli barcha bank xodimlariga uyma-uy yurib keksalar pensiyalarini plastik kartaga o‘tkazish topshirig‘i berildi. Har bir bank xodimi kamida besh qariya pensiyasining to‘lig‘ini yoki bir qismini plastik kartaga o‘tkazishi kerak. Ammo, Markaziy bank mulozimi tijorat banklariga bunday topshiriq berilmaganini aytmoqda.

Toshkentda pensiyalarni plastik kartalarga o‘tkazish bo‘yicha kompaniya yanada kuchaydi.

O‘qituvchi va kommunal xizmat ishchilaridan so‘ng, endi bank xodimlari uyma-uy yurib pensionerlarni o‘z pensiya mablag‘larini plastik kartaga o‘tkazishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan "O‘zsanoatqurilishbank"ning ismi sir qolishini so‘ragan xodimiga ko‘ra, bunday talab bank rahbariyati tomonidan qo‘yilgan:

“Bizlarga rahbarlar shunday talab qo‘yishmoqda. Tanishmi, qarindoshmi farqi yo‘q, 5 ta pensionerni pensiyasini plastikka o‘tkazishga ko‘ndirishingiz kerak. Ariza yozib bersin. Hech bo‘lmaganda pensiyasining 10 foizini plastikka o‘tkazishga rozi bo‘lsin. Pensioner qarindoshi bo‘lmaganlarga mahallama-mahalla yurish buyurilgan. U yerdagi pensionerlarni agitatsiya qilishga. Juda qiyin bo‘lmoqda”, deydi bank xodimi.

Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida istiqomat qiladigan 76 yashar pensioner Imon otaning aytishicha, bank xodimlari uning uyiga besh marta kelishgan:

- Yanggi yildan oldin meni uyimga har xil banklardan ikki-uchtadan bo‘lib besh marta kelishdi. Ular “endi otaxon, bizga ham buyurishgan, hech bo‘lmasa pensiyangizning 10 foizini plastikka o‘tkazishga rozilik bering”, deb iltimos qilishdi. Men rozi bo‘lmadim. Keyin ular “agar yangi yildan keyin o‘tkazsangiz plastik kartaning narxi 70 ming so‘m bo‘lib ketadi, deb qo‘rqitmoqchi ham bo‘lishdi. Hozir ham, yangi yildan keyin ham plastik kartochkang kerak emas dedim”, deydi Imon ota.

Toshkentning Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 70 yashar pensioner Abduqahhor Musaevning aytishicha, shu kunlarda bank xodimlarining pensionerlar uylariga qatnovi ko‘paygan:

- Menga ham kunora bankdan kelib turishibdi. Men ulardan “qaror bormi shu haqda”, deb so‘radim. Ular esa, “endi ota o‘zingiz tushunasiz hech qanaqa qaror yo‘q. Bizni ham majburlashyapti, bo‘lmasa ishdan bo‘sha deb aytishyapti”, deydi. “O‘zi shu pensiyaga zo‘rg‘a yashab yuribmizu, plastikka o‘tqazsang keyin nima qilamiz”, dedim. “Bir oyda 50 ming so‘m echib beramiz”, deydi. Boshqa joyda naqd qilish imkoni bo‘lmasa, bankomat degani bo‘lmasa, plastikka narxlar bozordagidan qimmat bo‘lsa, bu matahingni boshimga uramanmi, deydi Abduqahhor Musaev.

O‘zbekiston Markaziy Bankining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda bank xodimlarining uyma-uy yurib pensionerlarni plastik kartaga o‘tishga undayotgani holatlari borligini inkor qilmadi:

“Balki bordir shunday holatlar. Bu tijorat banklarining naqd pulni tejash uchun qilayotgan tadbiri bo‘lishi mumkin. Ammo Markaziy Bank tijorat banklariga bunday ko‘rsatma bergani yo‘q. Pensiyalarni plastik kartalarga majburiy o‘tkazish mumkin emas”, dedi bank mulozimi.

Mulozim Fuqarolik kodeksining 354 –moddasiga binoan fuqarolar shartnomalarni imzolashda erkin ekanliklarini ta’kidladi.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi maslahat.uz sahifasida ham bank xodimlarining bu ishga safarbar etilganligi qizg‘in muhokama qilinmoqda:

“Hozir bank xodimlariga "agar ishlashni istasang ...tadan pensionerni "roziligini olib" plastikda olishiga rozi qilasan"- deb reja qo‘yilgan. Kecha bankda ishlaydigan tanishim, pension.fondlarda "tilanib"yurishganini aytib, 10 ta pensioner topib bering dedi. Men bunaqa ishlarga aralashmayman dedim, endi do‘konu bozorlarda ustiga 15% ga shu qariyalarning talanishi qoluvdi,-dedim”;

“Bankomatlar , terminallar ma’lum hududlarda mavjud bo‘lsa plastik kartochkaga hech qachon e’tiroz bo‘lmasdi, hayronman , plastik kartochka tizimiga o‘tishdan oldin uni to‘liq anglab , kerakli vositalar bilan ta’minlab , so‘ngra yo‘lga qo‘yish mumkin. Millionlab maosh olardimu , kerak bo‘lgan paytda sarson bo‘lib undan foydanolmasdim, azob edi...yana minimum haqqingizdan 10% olishlariga " o‘laymi" .Bu umrimda ko‘rgan axmoqliklardan birinchisi bo‘lgan..umid qilaman bartaraf etiladi deb”, deb yozishadi maslahat.uz mushtariylari.

O‘zbekiston viloyatlarida pensiya va nafaqalar plastik kartalarga majburan o‘tkazib yuborilgani haqida Ozodlik ko‘p xabar bergan edi.

Bir necha yildan buyon butun mamlakat bo‘ylab maosh, pensiya, stipendiya va boshqa to‘lovlarni to‘laligicha plastik kartalarga o‘tkazish jarayoni davom etmoqda.

Shu paytgacha pensionerlarni plastikka o‘tishga ko‘ndirish vazifasi o‘qituvchilar, kommunal xizmat xodimlariga yuklangan edi. Endilikda ular safiga bank xodimlari ham qo‘shildi.

O‘zbekistonda naqd pul taqchilligi muammosi keskinlashib boraëtgani ortidan Markaziy bank o‘tgan yilning iyunь oyidan boshlab pensiyalarni naqd pulda berishni taqiqlab qo‘ygan edi.

O‘tgan yil boshrog‘ida O‘zbekiston Markaziy banki Bosh vazirga yuborganhisobotida mamlakat iqtisodida naqd pul taqchilligi yuzaga kelganiijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada qiyinlashtirishidan ogohlantirgan edi. Ozodlikka sizdirilgan hisobotda mamlakat banklarida oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani va tezkor chora-tadbirlar ko‘rilmasa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi ta’kidlangan edi.

Ayni paytda, O‘zbekiston banklari tarafidan beriladigan to‘lov kartalari boshqa mamlakatlardagi kabi ishlamasligi fuqarolar uchun qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

Masalan, O‘zbekistonda plastik kartaga bog‘langan bank hisob raqamidan naqd pul chiqarib olishning imkoni yo‘q. Kartadagi pulni naqdlashtirish uchun 10-20 foiz ustama to‘lashga majbur bo‘ladi. Yoki do‘konlarda plastik karta bilan savdo qilinganda tovarning narxi odatda 10-20 foizga qimmatroq bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG