Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:43

Salimboyga yonib ketgan “Jo‘rabek” masjidini qayta qurishga izn berishmadi


Ba’zi Internet nashrlar 2015 yilning aprelida yonib ketgan “Jo‘rabek” masjidini qayta tiklash ishlari shu kunlarda jadal boshlab yuborilgani to‘g‘risida xabar qildi.

Toshkentdagi mazkur masjidda yong‘in chiqqanidan bir-ikki hafta o‘tiboq, uni qayta tiklashni 65 yashar tadbirkor Salim Abduvaliev o‘z zimmasiga olgani to‘g‘risida gap-so‘zlar paydo bo‘lgan edi.

Ozodlikning “Jo‘rabek” masjidi atrofidagi gap-so‘zlardan xabardor manbalariga ko‘ra, hukumat kriminal avtoritet sifatida tanilgan Salim Abduvalievga masjidni qayta tiklashga ruxsat bermagan.

“Jo‘rabek” masjidini qayta qurish boshlangani, qurilish sarf-harajatlarini Salim Abduvaliev ko‘tarayotgani to‘g‘risida uzmetronom.com sayti xabar qildi.

Sayt “qayta tiklanadigan emas, balki yangidan quriladigan” masjidni “prezident Karimovning tashabbusi bilan qurilgan “Minor”masjidiga mengzadi.

Nashrga ishoniladigan bo‘lsa, Salim Abduvaliev qayta qurilajak masjid sahnini kengaytirish uchun unga qo‘shni 3 ta hovlini, har birini 150 ming dollardanga, sotib olgan.

Bu xabar ketidan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov Ozodlikning iltimosiga javoban qurilish ishlarini ko‘rib kelish uchun “Jo‘rabek” masjidiga bordi va ... yonganidan so‘ng vayronasi surib tashlangan sobiq masjid o‘rnida hech qanday ish olib borilmayotganiga guvoh bo‘lib qaytdi.

- Agar qurilajak imoratning poydevorini shartli ravishda 10 foiz, deb olsak, qo‘shimcha necha foiz qurilish qilingan?

- Bir foiz ham ish qilingan emas. Poydevor ham yo‘q. Umuman tekis maydon xolos. Yonib ketgan binoning poydevori ham qolgan emas. Tekislab tashlashgan.

Yonib ketgan "Jo‘rabek" masjidi o‘rni balandligi 4 metrli devor bilan o‘rab qo‘yilgan. 2015, 26 yanvarь
Yonib ketgan "Jo‘rabek" masjidi o‘rni balandligi 4 metrli devor bilan o‘rab qo‘yilgan. 2015, 26 yanvarь

Abdurahmon Tashanovning guvohlik berishicha, o‘tgan yilning apreligacha “Jo‘rabek” masjidi turgan maydonda qurilish ishlari nafaqat bugun olib borilmayapti, balki so‘nggi kunlarda birov bu erda biron ish qilgani alomati ko‘rinmaydi.

Ozodlikning sobiq “Jo‘rabek” masjidi qavmi bo‘lgan ikki manbasi bir biridan mustaqil ravishda masjid qurilishiga oid bir xil gapni aytdi. Ki Salim Abduvaliev masjidni qayta tiklashga so‘nggi qariyb bir yil ichida hukumatdan 3 marta ruxsat so‘ragan, lekin izn ololmagan.

Yonib ketgan "Jo‘rabek" masjidi o‘rni. 2015, 26 yanvarь.
Yonib ketgan "Jo‘rabek" masjidi o‘rni. 2015, 26 yanvarь.

Hukumat, deyilar ekan, Toshkent shahar hokimligi nazarda tutilayaptimi yoki Vazirlar Mahkamasimi?

Afsuski, bu savolga javob berishi mumkin bo‘lgan Salim Abduvaliev ham, hukumat ham o‘zlarini ommaviy axborot vositalaridan juda uzoqda tutadi.

Shunisi qiziqki Salim Abduvaliev “Jo‘rabek” masjidini ta’mirlash xarajatlarini o‘z zimmasiga olgani to‘g‘risida ham o‘tgan yilning 6 mayida uzmetronom.com nashri xabar qilgan edi.

2015 yilning aprelida yong‘in oqibatida Toshkentdagi eng yirik masjidlardan biri, Yashnaobod (sobiq Hamza) tumanidagi “Jo‘rabek” masjidi binosining to‘qson foizi yonib kul bo‘lgan edi.

Rasmiylar yong‘inga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lganini aytishgan.

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi yonib ketgan masjid yaqin oylarda tiklanishini bildirgan, lekin ta’mirlash ishlari qaysi mablag‘ evaziga amalga oshirilishini aniqlashtirmagan edi.

O‘zbekiston Din ishlar qo‘mitasining Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muxammadbobur Yuldoshev Ozodlik bilan suhbatda yong‘indan ziyon ko‘rgan “Jo‘rabek” masjidi Salim Abduvaliev puliga ta’mirlanishi haqidagi xabarlarni na tasdiqlagan va na inkor qilgan.

- Hozir bu ko‘rib chiqilyapti. Uning plani chiziladi va shu asosda qayta tiklanadi. Asosan hashar yo‘li bilan qilinadi,- deb gapni qisqa qilgan edi Yo‘ldoshev.

XS
SM
MD
LG