Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:45

So‘xda haydovchilar ikki kun ish tashladi


O‘zbekistonning So‘x eksklavida haydovchilar ish tashlagani ortidan ikki kun mobaynida So‘x - Farg‘ona yo‘nalishida yo‘lovchi tashuvchi avtomashinalar qatnovi to‘xtab qoldi. Ozodlikning So‘xdagi manbalariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishdagi qatnov 27 yanvardan asta-sekinlik bilan jonlana boshlangan. So‘xdan Farg‘onaga borish yo‘lkirasi esa 20 ming so‘mdan 100 ming so‘mga ko‘tarilib ketgan.

Сўхда ҳайдовчилар икки кун иш ташлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:59 0:00
Бевосита линк

O‘zbekistonning Qirg‘iziston ichkarisida joylashgan So‘x ekslavida haydovchilar 25 va 26 yanvar kunlari ish tashlagani haqidagi ma’lumotni Ozodlikning So‘x tumanidagi davlat idoralaridan birida ishlovchi manbasi tasdiqladi. Uning aytishicha, haydovchilarning ish tashlashiga Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari, chegarachilari va bojxonachilarining haddan oshgan ta’magirligi sabab bo‘lgan. Haydovchilar tuman hokimligidan bu muammoni hal qilib berishni so‘ragan.

- Haydovchilardan 500-600 kishi to‘planib, So‘x tuman hokimligiga chiqishdi. Ular: ”Bizni bu ta’magirliklardan kim qutqaradi, biron chora ko‘rmaysizlarmi”” deb talab qilishdi, - dedi manba.

Uning aytishicha, 26 yanvar kuni So‘x tuman hokimi qo‘shni Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani hokimi bilan uchrashgan va 27 yanvar kuni bu muammo hal etilgan.

- Kecha So‘x tuman hokimi Raimov Qadamjoyga borib, Qadamjoy tuman hokimi bilan uchrashgan, Uchrashuvda huquq-tartibot tuzilmalari rahbarlari ham ishtirok etgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, bugun ertalabdan qirg‘iz GAIlari yo‘lda ko‘rinmagan, - dedi hukumat idorasidagi manba.

Ish tashlagan haydovchilardan biri 25-26 yanvar kuni So‘xdan Farg‘onaga qatnovchi mashinalar soni keskin kamayib ketgani sababli, yo‘lkira haqi ham 20 ming so‘mdan yuz ming so‘mga ko‘tarilib ketganini aytdi:

- Kecha bir qo‘shnimiz operatsiya bo‘lishi kerak edi, biroq Farg‘onaga borishning ilojisi bo‘lmabdi. Bir taksiga olib borishsa “yuz ming berasizlar”, debdi. “Yo‘lkira 20 ming ediku, nega yuz ming so‘rayapsan?”, deyishsa, taksichi: “Yigirma ming o‘zini qoplamayapti”, deb javob beribdi, - dedi ish tashlagan haydovchilardan biri.

Haydovchining aytishicha, 27 yanvardan boshlab kam sonli yo‘lovchi tashuvchi mashinalar Farg‘onaga qatnay boshlagan. “Farg‘onaga borib kelgan haydovchilar yo‘lda qirg‘iz GAIlari yo‘qligini aytishayapti”, deydi o‘zini tanishtirmagan haydovchi. Unga ko‘ra, so‘nggi paytlarda qirg‘iz huquq-tartibot tuzilmalari xodimlarining ta’magirliklari haddan oshib ketgan ekan:

- Besh yuz minggacha pul olishadi. Ikki-uch kishi bo‘lib turib olishadi va “Har birimizga 20 mingdan berasan”, deydi. “Pulim oz”, desangiz, “40 mingdan berasan”, deydi. “Yordam qilinglar ozgina, tushiringlar”, deb iltimos qilsangiz, “Unda ellik mingdan berasan”, deydi. Chegarachilar ham, bojxonachilar ham pul oladi. Masalan, yuk mashinalari davlatning hamma hujjatlari joyida bo‘lgan yukini Farg‘onadan So‘xga olib o‘tishi uchun bir yarim million pul beradi chegarachi va bojgirlarga, -dedi so‘xlik haydovchi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining Botken viloyatidagi muxbiri, 27 yanvar kuni haydovchilar ish tashlashi ortidan O‘zbekiston tomoni barcha yo‘llarni berkitib qo‘ygani haqida xabar berdi.

Qirg‘iz xizmati muxbiriga ko‘ra, chegaralar yopib qo‘yilgani oqibatida So‘x anklavi atrofida joylashgan o‘ndan ortiq qirg‘iz qishlog‘i aholisi tuman va viloyat markaziga borish uchun aylanma yo‘llardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Chegara yopilguniga qadar bu qishloqlar aholisi So‘x tumanidagi yo‘llardan foydalanib kelgan.

Biroq Ozodlikning So‘xdagi manbalari bu xabarni tasdiqlamadilar. Ularning aytishlaricha, ayni paytda Farg‘onaga qatnov sekinlik bilan bo‘lsa-da qayta jonlanmoqda, chegaralar va barcha yo‘llar ochiq. O‘zbekiston tomoni chegaralarni yopgan emas.

2012 yil yanvar oyida Qirg‘iziston chegarachilari So‘x anklavi hududida simyog‘och o‘rnatishga harakat qilgan payti mahalliy aholi norozilik bildirgan va o‘rtada chiqqan janjal ortidan qirg‘iz rasmiylari So‘x anklaviga boruvchi eng yaqin Rishton shoh yo‘lini berkitib qo‘ygan edi.

Bu yo‘l to‘rt yildan buyon butunlay yopiqligicha qolmoqda. So‘xliklar esa avvalgi 20 kilometr o‘rniga, Qirg‘iziston ichkarisidan 100 kilometr yo‘l bosib, Rishton va Farg‘onaga borishga majbur bo‘layotir.

XS
SM
MD
LG