Линклар

logo-print

Polietilen paketga “Messi” deb yozib olib suratga tushgan bolakay Afg‘onistondan topildi. Joriy yilning yanvar oyida Internet tarmoqlarida keng tarqalib ketgan paketdan futbolka yasab olgan bu bolakayning fotosuratini ko‘rgan futbolchi Lionel Messining o‘zi yordam berish maqsadida bir oy davomida uni ijtimoiy tarmoq orqali qidirdi. Avvaliga Iroqda qidirilgan bu bola nihoyat Afg‘onistonning G‘azni viloyatidagi qishloqlardan birida yashayotgan Murtazo Ahmadi ismli yigitcha ekani ma’lum bo‘ldi.

Avstraliyada yashab kelayotgan afg‘onistonlik Azim Ahmadi o‘zining Murtazo ismli 5 yoshli jiyanining fotosuratini ijtimoiy tarmoqlaridan birida chop etdi.

Ko‘k yo‘l-yo‘l chiziqlar tushgan oddiy tsellofan qog‘ozga “10” raqami va tagiga barcha bolakaylar uchun taniqli bo‘lgan “MESSI” yozuvini oddiy ruchka bilan yozib olgan 5-6 yoshlar chamasidagi bolaning fotosi Internetning ayniqsa turk futbol ishqibozlari segmentida yashin tezligida tarqab bordi.

Tvitter foydalanuvchilari bu bolani topish istagida yanvar boshlarida hatto maxsus kampaniya boshlab yubordi.

G‘arb ommaviy axborot vositalaridan bu fleshmob to‘g‘risida xabar topgan argentinalik Lionel Messining o‘zi bolaga ko‘mak berishga qaror qilgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

- Biz DM Leo ishqibozlar komandasidan xabar oldik. Ular bu yigit kimligini bilmoqchi, zero Leo ham uning uchun biror ko‘mak berish istagida, deb yozdi Tvitter sahifasida Leo Messi.

Avvaliga argentinalik taniqli futbolchi ham bu bolaning iroqlik ekani to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot olib, fotoni “Iroqlik bola”, deb nomladi.

Bu yanglish ma’lumot tufayli ijtimoiy tarmoq izquvarlari avvaliga bolakayni Iroqdagi Doxuk shahrida qidiruv boshladi.

Nihoyat, rasm egasi Azim Ahmadi bu uning jiyani Murtazo ekani va u Afg‘onistonning G‘aznisida yashayotganini xabar qildi.

Azim fotoni unga Murtazoning otasi Orif sovg‘a qilganini bildirdi.

- U darhaqiqat futbol va Messini yaxshi ko‘radi. Biz unga haqiqiy mayka sotib bera olmaymiz, chunki men oddiy fermerman. Murtazo mashhur bo‘lib ketgani haqida Internetga kirib yurgan do‘stlaridan bilib olibdi, dedi jurnalistlarga bolakayning otasi Orif.

L.Messi - 2015 yil o‘yinchisi

L.Messi - 2015 yil o‘yinchisi

Orif xorij davlatlari ug‘liga o‘z Lionel Messi bilan uchrashuv uyushtirishiga ko‘mak berishiga ishonishini ham aytdi.

Bundan oldinroq kurdlarning Kurdistan24tv-si “kichkina Messi”ni izlab topgani, uning ismi Homid ekani va fotosurat ikki yil oldin qilinganini xabar berdi. Biroq, keyinroq bu ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmadi.

Ta’kidlash joyizki, “Barselona” futbol jamoasining 10 raqami va “Messi” yozuvi bitilgan futbolkalari olamda eng ko‘p sotiladigan buyumlardan biridir.

World Soccer Shop Internet resursi 2015 yilda aynan Messi yosh fanatlar orasida eng mashhur futbolchi ekanini aniqladi. Hujumchi Lionel Messi 2015 yilda “Barsa” safida beshta turli unvon sohibiga, joriy yilning yanvarida esa yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida “Oltin to‘p” egasiga aylandi.

XS
SM
MD
LG