Линклар

Xitoy mahkamasi tomonidan narkotiklar kontrabandasida ayblanib¸ o‘limga hukm etilgan Tojikiston fuqarosi Hasan Yusupov 28 yanvar kuni tongda qatl etildi. Tojik diplomatlari¸ hozirda marhum jasadini vataniga qaytarish borasida so‘zlashuvlar borayotganini bildirdi.

Tojikistonlik 51 yashar Hasan Yusupov 28 yanvar tongida Xitoyning Urumchi shahrida qatl qilindi.

Hasan Yusupovning yaqinlari so‘nggi daqiqagacha qatl amalga oshmasligiga umid qildi, lekin Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 28 yanvar kuni uning qatl qilingani haqidagi xabarni tasdiqladi.

Vazirlik mulozimi Vafo Niyatbekovning aytishicha, Xitoydagi tojik diplomatlari qatldan bir kun oldin Hasan Yusupov bilan uchrashgan va u qatldan so‘ng jasadi Tojikistonga jo‘natilishini iltimos qilgan.

Xitoyga oshpaz sifatida ishlagani borgan Hasan Yusupov keyinchalik tadbirkorlik bilan shug‘ullangan va Tojikistonga Xitoy mollarini yuborib turgan.

U bundan besh yil muqaddam Urumchi shahrida narkotik moddalar kontrabandasida ayblanib hibsga olingan edi. Keyinroq Xitoy sudi unga o‘lim jazosi tayinladi.

Qatl qilingan tojikistonlikning akasi Bahodir Yusupov Ozodlik bilan suhbatda¸ ukasining narkotik moddalar kontrabandasiga aloqasi yo‘qligini aytgan:

“U bozordagi bir ayol tomonidan aldangan. U ayolning iltimosi bilan bir sumkani bir joydan boshqa joyga olib borib qo‘ymoqchi bo‘lganida¸ Urumchi politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan. Bu sumkada esa narkotiklar bo‘lgan”, degan edi Bahodir Yusupov.

Tojik rasmiylari bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Xitoy qamoqxonalarida yana 16 nafar Tojikiston fuqarosi bor va ulardan 9 nafari erkak¸ 7 nafari ayol mahbuslardir.

O‘tgan yilning may oyida Tojikiston Bosh prokurori Yusuf Rahmon, Xitoy qamoqxonalaridagi 16 tutqundan uch ayol va bir erkak o‘lim jazosiga, besh nafari esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganini aytgan edi.

Tojikistondagi qamoqxonalarda esa uch nafar xitoylik jazo muddatini o‘tamoqda. Ular zo‘rlash, og‘ir tan jarohati yetkazish, noqonuniy narkotik moddalar savdosida ayblangan.

Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, narkotik moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullanganlikda ayblangan shaxslarga o‘lim jazosi belgilanadi.

XS
SM
MD
LG