Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:15

"Ishidchi armani" mojarosi Jizzax hokimligini asabiylashtirmoqda


Ishidchilik¸ jihodchilik, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz kabi og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan jizzaxlik fermer, nasroniy Aramais Avakyan ustidan o‘tayotgan mahkamaning xalqaro matbuot e’tiboriga tushib¸ armanlar e’tiroziga sabab bo‘lgani bu janjalning "bosh qahramonlari"dan deb ko‘rilayotgan Paxtakor hokimini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi.

O‘zini "Aramaisning do‘stiman" deb aytgan jizzaxlik Dilshod Ozodlik bilan suhbatda Avakyan ishi bo‘yicha xalqaro tashkilotlardan so‘rov kelganidan keyin mahbusning ahvoli yaxshilanganini aytadi:

- Hozir¸ shu kunda qiynoq qo‘llanilmagani aniq. Tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Tashqaridan ovqat va dori kiritishning ham iloji bo‘ldi¸ deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra¸ mahkama jarayonining mahalliy jurnalist Sid Yanishev va xalqaro radio muxbirlari tarafidan jiddiy kuzatilishi sud jarayoniga ham ta’sir qilgan.

Dilshodning aytishicha¸ joriy haftadagi sud majlislarida Aramais Avakyanga sudyalar bir oz erkinlik berishgan:

- Aramais guvohlarga va boshqa ishtirokchilarga bemalol savollar berdi¸ faktlarni aniqlashtirdi. Sudya ham, prokuror xam uning so‘zlarini ilgarigi kabi bo‘lib qo‘yishmadi¸ dedi mahbusning do‘sti Dilshod.

Sud jarayonidan lavhalar Ozodlikda efirga ketganidan keyin o‘tgan keyingi ikki sud majlisida Aramaisga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlar, o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishgan.

Dilshodning ishonishicha¸ mahkamaning matbuotda yoritilishi sud hakamlarini dovdiratib qo‘ygan:

- Aramais Avakyan ishi xalqaro matbuotda ko‘rindi, hattoki Armaniston xukumatining xavotiriga sabab bo‘ldi. Guvohlar endi Aramaisga qarshi ko‘rsatma bermay qo‘ydi. Aramaisni ozod qilishlari mumkin¸ degan taaasurot bor¸ deydi suhbatdosh.

18 yanvar kuni Paxtakor tuman hokimligiga chaqirilgan Aramaisning xotini Shirin Tursunovani hokimlik binosida hokim G‘ofur Qarshiboevning muovini Fotima Rasulova, madaniy-targ‘ibot ishlari bo‘yicha xodimi Karim Totliboev, Alisher Ochilov va mahallalar bo‘yicha vakil Ra’no Zavqievalar kutib olib¸ “Aramais ishi yaxshilik bilan tugaydi¸ siz xavotir olmang” deb aytishgan.

Shirinning aytishicha, o‘zini bir xonaga olib kirishib, Eltuz¸ Ozodlik va boshqa saytlarda chiqqan intervyularini ko‘rsatishgan.

Uchrashuvdagi rasmiylar, Shirinni tinchlantirishga urinishgan va u bilan birga kelgan opasiga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lishgan. "Singlingizni yo‘lga soling, sud tugagunga qadar jim yursin"¸ deyishgan.

Uchrashuv so‘ngida hokimiyat vakillari Shirin Tursinovaga erining aybi isbotlanmasa¸ albatta¸ ozod etilishini aytib, xushmuomalalik bilan kuzatib qo‘yishgan.

Matbuotdan qo‘rqish

Ozodlikning sudda qatnashgan manbalari o‘zlarining qiziq evrilish guvohi bo‘lishganini aytadi.

22 yanvarь kuni davom etgan sud majlisida hokim vakili Karim Totlibaev sud raisi Asqar Mamarahimovga murojaat qilarkan, Ozodlik radiosi orqali tuman hokimiga tuhmat qilganlar, hamda shu radioga intervьyu berganlarga jazo tayinlashni so‘radi¸ deydi sudda qatnashgan Dilshod:

- U sud raisidan, Aramais Avakyandan yana bir bor tuman hokimi G‘ofur Qarshiboevga e’tirozi bor yoki yo‘qligini so‘rashni iltimos qildi. Lekin sud raisi Asqar Mamarahimov bu masala bo‘yicha Aramais avvalgi majlisda gapirganini aytib, hokim vakilining bu so‘rovini rad qilgan. "U holda¸ Ozodlik radiosiga intervьyu va xabarlar berayotganlarga chora ko‘ring” ¸ degan Karim Totlibaev. Sud raisi esa unga, “Biz fuqarolarning kimga nima deyishlarini taqiqlay olmaymiz. Buni o‘zlaringiz Mahalla fuqarolar kengashlari bilan maslahatlashib, hal qilinglar. Mahallaga chaqirib¸ tashviqot va targ‘ibot qilinglar”¸ deb javob berdi¸ deydi suhbatdosh.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi manbaaning aytishicha, Paxtakor tumani hokimining fermer Aramais Avakyanning xo‘jaligini tortib olish maqsadida, fermerni qamoqqa oldirgani xaqidagi xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlar, nafaqat tuman, balki viloyat hokimligidagi amaldorlarni ham tashvishga solgan.

Joriy hafta Paxtakor tumanida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishi qatnashchilari¸ Eltuz Internet nashrida Aramais taqdiriga oid maqolalar e’lon qilgan Kanadada istiqomat qilaëtgan jurnalist Ulug‘bek Haydarov faoliyatini tanqid qilishgan.

“Mehnatkashlar yig‘ini” qatnashchilari Jizzaxda o‘sib-ulg‘aygan jurnalist “Ulug‘bek Haydarov farovon mamlakatga borib olib vaqtinchalik qiyinchiliklar davrini kechiraëtgan o‘z yurtiga tuhmat toshini otgan” deya “la’natlashdi”¸ deydi Ozodlik manbalari.

Tuman hokimligining madaniy targ‘ibot ishlari bo‘yicha ma’suli Karim Totliboev, Alisher Ochilov va mahallalar bo‘yicha vakil Ra’no Zavqievalar yig‘ilgan “mehnatkashlar”ga Ozodlik muxbiri bilan gaplashmaslikni “tavsiya” qilishgan.

Bundan oldin 14 dekabrь kuni Shirin Tursunova doxil qamalganlarning yaqinlari sud bo‘lmasdan turib mahallada sazoyi qilingan edi.

Bobur mahallasida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida mahalla raisi hali ustidan sud hukmi o‘qilmagan Aramais Avakyanni “Ishidchi va terrorchi” deb atagan va MXXdan kelgan tavqi-la’nat maktubini o‘qib bergan edi.

To‘qson varaqlik ayblov

Aramais Avakyan va uning 4 nafar sherigiga “O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish” ( 159-modda) va “Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish” (244-modda) kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG