Линклар

Mutaxassis O‘zbekistonda tez-tez zilzila sodir bo‘layotganini... ijobiy baholadi. Sirdaryoda puldor ayol yolg‘iz qariyani o‘ldirib, kanalga cho‘ktirdi. Pensiyani plastikka o‘tkazgan mansabdorga ish qo‘zg‘atildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqelar haqida yozdi.

“Toshkentning Nukus ko‘chasidagi ayrim binolar buziladi”

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov Yakkasaroy tumani Nukus ko‘chasidagi bir qator turar va noturar binolarni buzish va u erda obodonlashtirish ishlarini olib borishga buyruq berdi. Bu haqda 28 yanvar kuni shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Husan Ermatov matbuot nashrlari orqali ma’lum qildi.

Buziladigan binolar Yagona buyurtmachi xizmati injiring kompaniya tomonidan baholanadi. Tegishli komissiya esa buziladigan bino egalariga ajratiladigan kompensatsiya miqdori haqida xulosa beradi.

Yakkasaroy tuman hokimiyatiga esa buzish ishlarini tashkillashtirish va hududni buzish natijasida hosil bo‘lgan chiqindilardan tozalash vazifasi yuklangan.

“Sirdaryoda puldor ayol yolg‘iz qariyani o‘ldirib, kanalga cho‘ktirdi”

Sirdaryo viloyati Xovos shaharchasida yashab kelgan 72 yoshli keksa muallima Valentina Kositsinaning jasadi Janubiy Mirzacho‘l kanalidan topildi (“Darakchi”, 28 yanvar).

Tergov jarayonida qotillik shu tumanda yashovchi puldor tadbirkor Gulnora Davletova hamda uning o‘g‘li va qarindoshi tomonidan sodir etilgani aniqlangan. O‘ziga to‘q Davletova yolg‘iz yashovchi keksa V.Kositsinaning uyi hamda bankda jamg‘arib kelayotgan pensiya pullarini o‘zlashtirish maqsadida uni o‘ldirgan. Qayd etilishicha, jinoyatchilar keksa muallimani dastlab kaltaklab qamab qo‘yishgan. So‘ng bo‘g‘ib o‘ldirib, kanalga cho‘ktirishgan.

“Qo‘lini qonga botirgan, farzandini esa jinoyatga boshlagan xovoslik Gulnora Davletovaga bir mushtipar ayolning uy-joyi, misqollab yiqqan nafaqa puli kerakmidi? Uning Xovos shaharchasida dang‘illama uyi, savdo do‘koni, yana qanchadan-qancha tadbirkorlik yo‘li bilan keladigan daromadlari bor edi”, deb yozadi gazeta.

Mutaxassis: “O‘zbekistonda zilzila tez-tez sodir bo‘layotgani yaxshi”

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Ulfat Nurmatov mamlakatda keyingi paytlarda bot-bot zilzila sodir bo‘layotganini ijobiy hodisa deya baholadi (“Hurriyat”, 27 yanvar).

“Silkinishlarni tez-tez sodir bo‘lgani bir jihatdan yaxshi, chunki bunda er ostida quvvat, energiya yig‘ilishiga imkon bo‘lmaydi. Bu energiya yillar mobaynida yig‘ilib qolsa, kuchli silkinishga olib kelishi mumkin”, degan fizika-matematika fanlari nomzodi U.Nurmatov.

Mutaxassis bundan qo‘rquv va vahimaga tushmaslikni uqtirgan. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida zilzilalar ko‘p kuzatilagan, XXI asrda bu yana takrorlanmoqda. Mutaxassis bu holatni “davrning qaytalanishi” deb atagan.

“Pensionerlarning roziligisiz pensiya pulini plastikka o‘tkazgan mansabdorga ish qo‘zg‘atildi”

Sirdaryo viloyati Xovos tumani byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi X.Boysarievga nisbatan ish qo‘zg‘atildi (“Adolat ko‘zgusi”, 28 yanvar).

Pensiya jamg‘armasi bo‘limi shu hududda yashovchi fuqaro M.Otabekovaning uch oylik – jami 2,1 million so‘m pensiyasini uning roziligisiz plastik kartochkaga o‘tkazib yuborgan. Oqibatda yolg‘iz yashovchi pensioner kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lay olmagan, dori-darmon ololmagan.

Pensioner arz qilgach, tuman prokuraturasi pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘iga ish qo‘zg‘ab, nafaqa pulini naqd pulda to‘lab berishni ta’minlagan.

“Sayting qo‘yaber, sayyod...”

Qashqadaryo viloyatining ayrim davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining veb-saytlari ishini izchil yuritish va yangilashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu haqda viloyatning “Qashqadaryo” gazetasi xabar beradi.

Aksar saytlarga kirgan foydalanuvchi “Not found” ko‘rinishidagi yozuvga duch keladi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyatdagi ko‘plab saytlarning ma’no-mazmuni, shakl va dizayni talabga javob bermaydi. Qolaversa, imloviy va uslubiy xatolar ko‘p.

“Ayrim tuman hokimliklari saytlarida “Hozirgi kunda saytimizda ma’lumotlar jamlanmoqda. Noqulaylik uchun uzr so‘raymiz” kabi jumlalarnigina o‘qish mumkin”, deyiladi maqolada.

Gazeta tanqidiy maqolani kinoya tarzida “Sayting qo‘yaber, sayyod” deb nomlagan.

“Chirchiq daryosi va kanallarda o‘tkazilgan reydlarda 60 ga yaqin qonunbuzarlik aniqlandi”

Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Chirchiq daryosi, Shokir ariq, Bo‘zsuv, Bo‘rijar, Qorasuv, Salar va Anhor kanallarida o‘tkazgan reydlarda 60 ga yaqin qonunbuzarlik holatini aniqladi hamda aybdorlarni jarimaga tortdi (“Toshkent oqshomi”, 27 yanvar).

Masalan, Toshkent truba zavodi qo‘shma korxonasi yaqinida – Chirchiq daryosining o‘ng qirg‘og‘i chiqindixonaga aylangani aniqlangan. Vazirlar Mahkamasining 2003 yildagi qaroriga ko‘ra, Chirchiq daryosida suvni muhofaza qilish zonasi va qirg‘oqbo‘yi polosasi belgilangan va ularga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi berilgan.

“O‘zbekistonlik bir necha futbolchi Malayziya chempionatida o‘ynaydi”

O‘zbekistonlik bir necha futbolchi yangi mavsumni Malayziya chempionatida davom ettiradi.

“Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, “Paxtakor”dagi o‘yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan Oybek Qilichev Malayziyaning “Perak” klubi bilan shartnoma imzoladi. Shuningdek, hujumchi Kamoliddin Mirzoev ham yangi mavsumni ushbu mamlakatda o‘tkazadi.

Bungacha o‘zbekistonlik Vohid Shodiev, Lutfulla To‘raev kabi futbolchilar ham Malayziya chempionati ishtirokchilari safini to‘ldirgan.

XS
SM
MD
LG