Линклар

O‘tgan yili mehnat muhojirlariga sotilgan ishga ruxsatnomalar Moskva shahar byudjetiga neft kompaniyalaridan tushayotgan daromadlardan ko‘proq foyda keltirdi. Moskva shahar hokimi Sergey Sobyanin bu haqda 29 yanvar kuni Yangi Moskva mintaqasida Ko‘ptarmoqli migratsiya markazining yangi binosi ochilishida so‘zladi. Dam olish va bayram kunlarisiz ishlashga mo‘ljallangan yangi migratsiya markazi endilikda kuniga 7,5 ming muhojirga hujjat rasmiylashtira olishi aytilmoqda.

29 yanvar kuni Moskva shahar meri Sergey Sobyanin mehnat muhojirlariga ishchi patent rasmiylashtiruvchi Ko‘ptarmoqli migratsiya markazi yangi binosining ochilishida qatnashdi.

Umumiy maydoni 60 ming kvadrat metr bo‘lgan ko‘ptarmoqli markazni ko‘zdan kechirgan shahar hokimi migrantlarga ishga ruxsatnoma sotish poytaxt byudjetiga neft kompaniyalaridan ham ko‘proq daromad keltirayotganini e’tirof etdi:

- Moskvada davlatimizdagi eng yirik migratsiya markazi ishga tushirildi. Unda mehnat muhojiri uchun zarur bo‘lgan barcha xizmatlar taqdim etiladi: imtihon topshirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, barmoq izlari bo‘yicha identifikatsiyadan o‘tish. Xususan, xizmatlar minimal narxlar asosida, deyarli tannarxiga ko‘rsatilmoqda. Bu ko‘plab migrantlarniyu legallashishiga imkon yaratdi. O‘tgan yilda mehnat muhojirlari Moskva shahrida joylashgan neft kompaniyalaridan ko‘proq daromad keltirdi, dedi Sergey Sobyanin.

Hokim muhojirlarning legal holatga o‘tishi natijasida shaharda jinoyatlar soni ham 17 foizga qisqarganini bildirdi. Shuningdek, bu markazga shahar byudjetidan ajratilgan mablag‘lar yarim yilda o‘zini oqlagani ma’lum bo‘ldi.

Bir yil oldingi Saxarovo markazidagi navbatlar

Bir yil oldingi Saxarovo markazidagi navbatlar

Oddiy muhojirlar orasida “Saxarovo markazi” nomi bilan tanilgan Ko‘ptarmoqli migratsiya markazi Podmoskovyening “Yangi Moskva” mikrorayonida bundan bir yil oldin ishga tushirilgan edi va vaqtincha qurilgan binolarda ishlab kelardi.

O‘tgan davr mobaynida bu markaz 455 mingdan ziyod xorij fuqarosiga Rossiya poytaxtida ishlashga ruxsatnoma – patent rasmiylashtirib berdi.

Yangi KMM binosida 250 ziyod xodim ishlayotgani, markaz har kuni ertalabki soat 8-dan kechki 8-gacha dam olish va bayram kunlarisiz ishlashi aytildi.

Shahar hokimligi byudjet tushumlari o‘tgan bir yilda 11 milliard rublga oshganini bildirdi. Rossiyada migratsiya nazoratini amalga oshiruvchi FMS rahbari Romodanovskiy 2015 yilda butun Rossiya bo‘ylab mehnat muhojirlaridan davlat g‘aznasiga tushgan foyda 33 milliard rublni tashkil etganini ma’lum qildi.

Eslatish joyiz, 2016 yilda Moskvada patent narxi 200 rublga oshirilib, 4200 rublga etdi. Ishga ruxsatnoma 1 oydan 12 oygacha berilib, yangi qoidalarga muvofiq uni yana bir yilga uzaytirish imkoni berildi.

Moskva shahar byudjeti 2015 yilda neft-gaz bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan 10,5 milliard rubl daromad olgani qayd etildi.

XS
SM
MD
LG