Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:16

Xorazmda davlat ishchilari maoshlari kommunal to‘lovlar uchun ushlab qolinmoqda


Xorazmdagi davlat korxonalari va tashkilotlarida kommunal xizmatlar uchun qarzi bor ishchilarga oylik maoshlari berilmayapti. Ozodlikka kelayotgan shikoyatlardan ayon bo‘lishicha, ishchilarning oyligi majburiy tarzda kommunal to‘lovlar uchun ushlab qolinmoqda, ayrim korxonalarda qarzi bo‘lmagan ishchilarning ham maoshi qirqilmoqda.

Urganch shahridagi “Xorazm ipagi” korxonasi ishchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan oy uchun juda kam miqdorda ish haqi olgani, maoshining katta qismi uning roziligisiz kommunal to‘lovlar uchun ushlab qolinganini aytdi.

- Hayron bo‘lib, buxgalterimizga borsam “elektr energiyasi va gaz korxonalariga o‘tkazib berdik” deydi. Bizga bir og‘iz aytsa bo‘ladiku,- deydi korxona ishchisi.

Xorazmdagi boshqa korxona ishchilari esa kommunal qarzi bo‘lmasa ham, maoshlarning bir qismi ushlab qolinayotganidan shikoyat qilmoqda.

- Qarzimiz yo‘q bo‘lsa ham, oyligimizning yarmini kommunal xizmatlarga o‘tkazamiz, deb urib qolyapti. O‘zi 600 ming so‘m oylik olamiz. Uning yarmini urib qolsa, qanaqa qilib kun ko‘ramiz,- deydi Urganchdagi Yog‘ zavodining ishchisi.

Urganch shahridagi Xalq banki xodimlaridan biri viloyatdagi tashkilot va korxonalar ishchilaridan kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar Vazirlar Mahkamasining maxsus buyrug‘i asosida undirilayotganini tasdiqladi.

- Kommunal xizmatlar uchun shu oy va kelasi oyda oyliklardan ushlanadi, bu haqda shunday ko‘rsatma bor. Qazdorlarni ro‘yxati idora-tashkilotlardan beriladi. Masalan, Husanboyning 300 ming so‘m, Hasanboyning 500 ming so‘m qarzi bor. Shu ushlab qolinadi va svet, gazga o‘tkaziladi, qolganini oylik qilib beradi. Bu haqda Bosh vazirning qarori kelganku, qarzi bormi, oyligidan olinadi, hammasi shu ishchilarning rozi-rizoligi bilan bo‘lyapti, - dedi bank xodimi.

Ammo so‘ngi paytlarda elektr energiyasi, suv va gaz iste’moli uchun nafaqat joriy to‘lovlar, balki oldindan avans to‘lovlarini ham undirish viloyatda keng tarqalmoqda.

- Mening qarzim yo‘q. Buxgalterga borsam, hali iste’mol qilinmagan gaz, elektr energiyasi va boshqa kommunal to‘lovlari uchun olindi, deydi. Bu noto‘g‘riku,- deydi xorazmlik zavod ishchisi.

Xorazmdagi “Najot” inson huquqlari tashkiloti raisi Hayitboy Yoqubovning aytishicha, kommunal xizmatlarga deb, ishchilarning oyliklaridan urib qolinishi naqd pul etishmovchiligi bilan bog‘liqdir.

- Banklarda oylik berish uchun naqd pul yetishmaydi. Shuning uchun bo‘lyapti bu. Ikkinchidan, ish beruvchi ishchi xodimlarining oyligidan ularning roziligisiz kommunal to‘lovlar, elektr energiyasi va gaz yetkazib beruvchilarga pul o‘tkazish uchun urib qolishga haqqi yo‘q. Bu ishchi huquqlarini buzilishidir. Bu anchadan beri davom yetib kelayotgan muammo va hukumat buni tartibga solishi kerak,- deydi Hayitboy Yoqubov.

O‘zbekiston Markaziy banki o‘tgan yilning aprel oyida Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni mamlakat iqtisodidad naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani va bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Bundan avval O‘zbekistonning boshqa viloyatlari va poytaxt Toshkentda ham ishchilarni oyligidan kommunal to‘lovlar uchun urib qolinayotgani haqidagi shikoyatlar Ozodlikka kelgan edi.

Aksar xollarda to‘lovlar aholining istak-xohishisiz va kimning qancha gaz yoki elektr energiyasi ishlatganini aniq tekshirmasdan turib, kishilarning oylik maoshlari yo-da nafaqalaridan ushlab qolinadi.

Huquq faollari, jumladan Hayitboy Yoqubov ham O‘zbekistonda aholi daromadlarining kamligi sabab ularni aksar qismi kommunal to‘lovlarini to‘lashga imkonsiz ekanini aytadi.

XS
SM
MD
LG