Линклар

Amerikada prezidentlik saylovi shu yil 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylov kampaniyasi esa allaqachon boshlangan. Respublikachilar hamda Demokratlar partiyalarining AQSh prezidentligiga da’vogar a’zolari saylovda ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritish uchun o‘zaro bellashmoqda.

AQSh prezidenti ko‘pi bilan ikki muddatga saylanishi mumkin. Ya’ni 2008 yil Oq uyga kelgan va 2012 yil qayta saylangan prezident Obama bu yil prezidentlik kursisini bo‘shatishi lozim.

Mamlakatdagi ikki asosiy partiya, ya’ni Demokratlar hamda Respublikachilar partiyasi saylov uchun bir nafardan nomzod tanlashi kerak. Bundan tashqari, saylovda boshqa kichik partiyalar nomzodlari hamda bir yoki birdan ortiq mustaqil nomzod ham qatnashishi mumkin.

Demokratlar hamda respublikachilar o‘z nomzodlarini qanday qilib tanlaydi?

Fevraldan iyungacha har bir shtat va hudud o‘z partiyasi nomzodi bo‘lish uchun kurashayotgan Demokratlar hamda Respublikachilar partiyasi da’vogarlariga ovoz beradi.

Bu saylovlar ko‘pincha “dastlabki” (inglizcha primary) saylov, deb ataladi. Aksar shtatlarda dastlabki saylov o‘tkaziladi. Bu saylovlarda saylovchilar o‘zlari xohlagan nomzodga ovoz beradi. Ayrim shtatlarda, jumladan, Ayovada nomzodlarni partiya a’zolari yopiq yig‘in (inglizcha caucus) o‘tkazib tanlaydi.

Shtatlarda bo‘ladigan bellashuvlar nomzodlarni o‘z siyosiy qarashlarini oddiy fuqarolarga bayon qilish uchun minglab kilometr masofaga sayohat qilishga majburlaydi. Saylov oldidan nomzodlar va ularni qo‘llovchi ko‘ngillilar har bir shtatga borib, iloji boricha ko‘proq saylovchi bilan ham rasmiy, ham norasmiy tarzda uchrashishga harakat qiladi. Sport stadionlarida minglab odam ishtirok etadigan yig‘inlar o‘tkaziladi, odamlar uyida kichik yig‘inlar uyushtiriladi. Nomzodlar mijozlar bilan qo‘l berib ko‘rishish va suratga tushish uchun mahalliy restoranlarga tashrif buyuradi. Ayrimlar hatto odamlarning uyiga borib agitatsiya qiladi.

Bu juda sermashaqqat jarayondir. Respublikachilar partiyasida o‘tgan yili 30 dan ziyod da’vogar bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib ularning soni 11 taga tushib qoldi. Demokratlar orasida esa o‘tgan yildagi olti nomzodning uch nafari qoldi, xolos.

Har bit shtatdagi saylovning natijasi partiyalarning iyulda bo‘lib o‘tadigan milliy nominatsiya qurultoylarida necha shtat vakili muayyan nomzodni qo‘llashini belgilaydi.

Mamlakat bo‘ylab 2 472 ta respublikachilar vakili bor. Da’vogarlar partiya nomzodligini qo‘lga kiritish uchun ko‘pchilik ovozini (kamida 1 237 ovoz) to‘plashi kerak. Demokratlar partiyasi nomzodligini qo‘lga kiritish uchun esa partiyaning milliy qurultoyida ishtirok etishi kutilayotgan 4 764 vakilning kamida 2 383 nafari ovozini olish kerak.

Har ikki partiyaning shtatlarda nomzodlarni aniqlash jarayoni 1 fevral kuni Ayovada boshlandi. Respublikachilar va demokratlar 1 700 ga yaqin saylov uchastkasida partiya yig‘ini o‘tkazib, o‘z nomzodini tanladi. 9 fevralda Nьyu-Gempshirda, 20 fevralda Janubiy Karolinada dastlabki saylov bo‘lib o‘tadi. 23 fevralda esa Nevada shtatida partiyalarning yopiq yig‘ini o‘tkaziladi.

1 mart kuni “super seshanba” bo‘lib o‘tadi. Bu kunda bir necha shtat bir vaqtda nomzod tanlaydi. Mazkur yilgi super seshanbada 14 shtat hamda bitta hudud ishtirok etadi. Agar biror da’vogar barcha shtatda g‘alaba qozonsa, boshqa da’vogarlar saylov jarayonini tark etishga qaror qilishi mumkin. Iyunь oyi o‘rtasigacha barcha shtatda dastlabki saylov yoki partiyalarning yopiq yig‘ini o‘tkazilishi kerak.

Demak, oxirgi shtatdagi bellashuvdan keyin partiya nomzodi aniqlanadi, shundaymi?

Odatda ha, lekin har doim emas. Har ikki partiya yoz oxirida prezidentlik qurultoyini o‘tkazadi. Respublikachilar 18 iyul haftasida Klivlendda uchrashadi, demokratlar esa 25 iyul haftasida Filadelfiyada yig‘iladi. Qurultoy davomida har bir partiya Oq uyga o‘z nomzodini tanlaydi.

Odatda qurultoygacha har ikki partiyaning nomzodi etib tayinlanadigan da’vogar aniqlangan bo‘ladi. Ammo qurultoygacha partiyalar bitta da’vogarni qo‘llashga kelisha olmasa, kutilmagan qarorga kelishlari mumkin. Bunday hollarda “dallollik” qurultoyi o‘tkaziladi, ya’ni vakillar siyosiy yon berishlar evaziga ovozini o‘zgartiradi.

Pirovardida bitta shaxs partiya nomzodligini qo‘lga kiritadi, lekin buni hal qilish uchun olib borilgan jang ham partiya, ham nomzod uchun og‘ir kechishi mumkin.

Bundan keyin saylov kampaniyalari boshlanadi.

Har bir partiya o‘z nomzodini rasman e’lon qilganidan so‘ng saylov kunigacha taxminan uch oy vaqt qoladi. Bu vaqt davomida nomzodlar o‘z partiyasi qo‘llovini kuchaytirish va bu partiya a’zosi bo‘lmaganlarni o‘zi tomon og‘dirish umidida mamalakat bo‘ylab sayohat qilib, saylovchilar bilan uchrashadi, so‘zga chiqadi. Televidenie va radio kanallari siyosiy reklamalarga to‘lib ketadi.

Bir necha jonli debat ham o‘tkaziladi. Bu debatlarda, odatda, Demokratlar hamda Respublikachilar partiyasi nomzodlari sahnada bir-biri bilan bellashadi, moderator savollariga javob beradi. Ayrim hollarda bu ikki partiya a’zosi bo‘lmagan uchinchi nomzod ham debatlarda ishtirok etadi. Oxirgi marta 1992 yilda shunday bo‘lgan.

Noyabrning ilk dushanbasidan keyin keladigan seshanba kunida amerikaliklar prezidentlik saylovida ishtirok etadilar.

Keyin g‘olib aniqlanadimi?

Javob berishga shoshilmang. AQSh prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanmaydi. Prezidentni saylovchilar hay’ati (inglizcha Electoral College) bergan ovozlar aniqlaydi.

Saylovchilar hay’ati 538 individual prezidentni “saylovchi”lardan tuzilgan. Prezidentlikka nomzod Oq uyga etakchilik qilishni qo‘lga kiritish uchun bu saylovchilarning kamida 270 ovozini to‘plashi kerak.

Har bit shtatda muayyan sanoqda saylovchi bor. Ular soni shtatning Kongressdagi a’zolari soniga tengdir. Kongress a’zolarining soni esa aholi soniga bog‘liq. Masalan, Kongressda ko‘p aholi yashaydigan Kaliforniyaning 55 vakili bor. Shunday ekan, Kaliforniyada 55 prezident saylovchi bor. Aholisi oz bo‘lgan Alyaskaning esa Kongressda uch vakili bor, xolos. Shunday ekan, Alyaskaning bor-yo‘g‘i uch prezident saylovchisi bor.

50 shtatning 48 tasida “g‘olib hammasini oladi” metodiga amal qilinadi. Ya’ni agar nomzod milliy saylovda 50 foizdan ko‘proq ovozni qo‘lgan kiritgan bo‘lsa, u o‘sha shtatning barcha prezident saylovchisi ovozini oladi. Masalan, Kaliforniyada oddiy saylovchilar ovozining yarmidan ko‘pini to‘plagan nomzod barcha prezident saylovchisining ovozini, ya’ni 55 ovozni qo‘lga kiritadi.

Faqatgina Men va Nebraska shtatlarida qoidalar boshqacha. Ularda shtatning har bir kongress tumanidagi saylov natijalariga asoslangan holda prezidentlik ovozlari beriladi.

Ammo saylov hay’ati tizimiga e’tiroz bildiruvchilar ko‘p, sababi milliy saylovda mag‘lub bo‘lgan nomzod prezident etib saylanishi mumkin. 2000 yilda aynan shunday bo‘lgan. O‘shanda demokrat AlbertGor individual saylovlarning aksarida g‘alaba qozongan, lekin saylov hay’ati ovozlarining ko‘pchiligini qo‘lga kirita olmagan. 266 prezident saylovchisi ovozini olgan Gor 271 ovoz to‘plagan Jorj Bushga yutqazgan. (XIX asrda ham ikki marta shunday hol kuzatilgan.)

2017 yilning 20 yanvarida Barak Obama rasmiy ravishda Oq uyni tark etadi. Uning o‘rniga boshqa odam AQShning 46-prezidenti o‘laroq ish boshlaydi.

XS
SM
MD
LG