Линклар

Xalq banki Farg‘ona viloyat, Qo‘shtepa tumani filialining 9 xodimi bitgan va nusxasi Ozodlikka kelib tushgan arizada ular ishlayotgan muassasada “o‘tkazilayotgan tekshiruvlarga oydinlik kiritilib, masalaning adolatli hal etilishiga”umid bildirilgan.

Xalq banki Qo‘shtepa filiali mas’ul xodimi Ozodlik savoliga javoban ariza yozgan xodimlar ishdan bo‘shatilganini, ular ustidan sud jarayoni davom etayotganini bildirdi.

Ozodlikka 3 fevral kuni yetib kelgan shikoyat xati ancha oldin yozilganga o‘xshaydi, chunki shikoyatchilar xatda ishdan bo‘shatilganlari, ustlaridan sudlov borayotgani to‘g‘risida yozmagan.

Shikoyat mazmuni

Aftidan mamlakatdagi yuqori tashkilotlarga adolat qilishlarini so‘rab yozilgan arizani imzolagan 9 kishi asosiy maqsadini xat boshida mana bunday izhor qilgan:

“Tekshiruv davomida aniqlanayotgan 2014-yil noyabr, dekabr oylaridagi fuqarolarga to‘lanmagan nafaqa pullarini bizning zimmamizga dalilsiz va asossiz yuklatilayotganligi noxaq ekanligi, bu kamomad, 2012-yildan 2014-yil mobaynida kelib chiqqanligini tushintirish maqsadida quyidagilarni ma’lum qilamiz”.

Bank xodimlarining arizasi katta va uning mazmunini banklar faoliyatidan yiroq bo‘lgan odam tushunishi qiyin.

Shunday bo‘lsada, shikoyat xatidan yana bir parchani biroz qisqartirib keltiramiz:

“Kamomadning kelib chiqish sabablari Moliya bo‘limi tomonidan moliyalashgan nafaqa to‘lovlari to‘liq ravishda tarqatish hisob raqamiga olinmasdan <…> ombor kamomadi, ya’ni, 10102-hisob raqamdagi kassada mavjud bo‘lmagan summani qoplash uchun bizning ishtirokimizsiz naqd pul hisobida (naqd pul shaklida chiqim qilishga ruxsat bo‘lmasada) chiqim qilib yuborilib, kassa xujjatlari soxtalashtirilgan va bizlar bank kassasidan hech qanday naqd pul olmaganmiz. Nafaqa pullarini naqd pul shaklida tarqatmaganmiz. Natijada oylar davomida nafaqa pullarini tarqatish kechiktirilishiga va qarzdorlik ko‘payishiga sabab bo‘lgan”.

Qo‘shtepalik arizachilarning xatida o‘zbek prokurorlari katta qiziqish bilan o‘rganishlari lozim bo‘lgan gaplar ko‘p – unda bank sohasidagi korruptsiya ustidagi pardaning bir cheti ko‘tarilgan. Siz tinglovchi uchun esa, mana bu gap qiziq bo‘lishi mumkin:

Shikoyat satrlari orasiga yashiringan muhim gap:

“Respublika DT Xalq banki boshqaruvi tomonidan 2014-yil iyul oyida bank shaxobchalari berkitilib, barcha nafaqa pullari 100 % onlayn plastik kartasiga o‘tkazilsin deb buyruq chiqqan va viloyat, tumanlarga ham ushbu buyruq kelgan...”

Arizachilar allaqachon ishdan bo‘shatilgan

Ozodlik muxbiri Davlat tijorat Xalq banki Farg‘ona viloyat, Qo‘shtepa tumani filiali Kreditlash bo‘limining ism-familiyasini aytishni istamagan mutaxassisiga arizani imzolagan 9 xodimning familiyalarini birma-bir o‘qib berdi.

Mutaxassis arizachilarning barchasini tanidi va ular “ishdan bo‘shatilgan”ini xabar qildi.

“Ular ishdan bo‘shatilgan, ustlaridan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, sud jarayoni ketayapti”, dedi bank xodimi.

- 2014 yil noyabr-dekabr oylarida fuqarolarga to‘lanmagan nafaqa pullari shu kishilardan, ya’ni arizada familiyalari keltirilganlardan talab qilingani rostmi?

- Ha shunday bo‘lgan, dedi Davlat tijorat Xalq banki Farg‘ona viloyat, Qo‘shtepa tumani filiali Kreditlash bo‘limi mutaxassisi.

Mustaqil mataxassis fikri

Qo‘shtepalik arizachilardan kelgan xatni bank-kredit masalalari bo‘yicha mutaxassis Toshbekka yubordik va u xat bilan tanishib chiqdi.

Toshbek, xatda faqat bitta tomonning fikri aks etgani, boz ustiga mazkur janjal materiallari bilan shaxsan tanish emasligi uchun shikoyatchilarning haq-nohaqligi to‘g‘risida fikr bildirishdan tiyildi.

Biroq u xatda tasvirlangan qonunbuzarliklarning O‘zbekistondagi banklar uchun xarakterli ekanligini yashirmadi.

- Viloyatlarda bunday holatlar ko‘p uchrab turadi. Rahbarlar lavozimga kelish, mo‘may davromad ishlab olish maqsadida qing‘ir ishlarga qo‘l urishi juda keng tarqalgan. Lekin arizadagi holat juda ayanchlidir. Chunki bu bankda o‘z kamomadini yopish uchun qo‘rqmasdan pensiya pullarini ishlatib yuborgan ekan, bu og‘ir jinoyat hisoblanadi, dedi bank-kredit masalalari bo‘yicha mutaxassis.

Pensiyalar kechikishi surunkali kasallikka aylangan

Qo‘shtepalik sobiq “bankirlar” arizasida gap “2014-yil noyabr, dekabr oylaridagi fuqarolarga to‘lanmagan nafaqa pullari” ustida borgan.

Agar Qo‘shtepada nafaqa pullari to‘lanmagani xatda jinoyat bilan izohlansa, nafaqa ta’minotidagi o‘sha yilgi boshqa uzilishlarni nima bilan izohlash mumkin:

Mana 2013-2014 yillardagi ba’zi sarlavhalarimiz:

"Pensiya puli berilmayotganidan shikoyat qilganlar ko‘paydi",

"Markaziy bank naqd pul taqchilligini inkor qildi; oylik va pensiyalar kechikishi ko‘paymoqda",

"Naqd so‘m taqchilligi eng muhtoj qatlamni pulsiz qoldirmoqda",

"Qashqadaryolik pensionerlar vaqti naqd pul kutib o‘tmoqda".

XS
SM
MD
LG