Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:36

Di Kaprio Putin rolini ijro etishi to‘g‘risidagi mish-mishlar tasdiqlanmadi


Rossiya prezidenti haqidagi biografik filmda Putin rolini Hollivud yulduzi Leonardo Di Kaprio ijro etishi haqidagi mish-mishlar nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Bunday filmni yaratish loyihasi chindan ham bor. Film loyihasi “KGBdan bosh vaziru prezidentgacha. Putin. Afsona!” degan tizer bilan reklama qilinmoqda.

Lekin hozircha bosh rolni kim ijro etishi aniqlangani yo‘q.

Rossiyaning “Dojd” mustaqil telekanali 2 fevral kuni “film prodyuserlariga yaqin” ikki manbaga tayanib, Leonardo Di Kaprio Rossiyaning avtoritar prezidenti rolini o‘ynashga rozi bo‘lgani haqida xabar berdi.

Bu yangilik ruscha ijtimoiy tarmoqlarni jumbushga keltirdi. Kremlparast LifeNews yangiliklar sayti Putin rolini ijro etish Di Kaprioning orzusi ekanligi haqida yozdi. Aktyor o‘tgan oyda Putin rolini o‘ynash “juda, juda, juda qiziq bo‘lardi”, degan edi.

Germaniyada chiqadigan Welt am Sonntag gazetasiga bergan intervyusi davomida “Tirik qolgan” filmidagi roli uchun “Oskar” mukofotiga da’vogar bo‘lgan Di Kaprio “Uning rolini jon deb o‘ynagan bo‘lardim”, dedi.

Ammo “Dojd”ning manbalari podadan oldin chang chiqargan ko‘rinadi. Putin haqidagi film loyihasi ustida ishlayotgan Knightsbridge Entertainment kinoshirkati direktori Grant Kramer Ozodlik bilan suhbatda shirkat Di Kaprio bilan aloqaga chiqmaganini aytdi.

“Men Leonardoni bilaman va uni eng yaxshi aktyor va insonlardan biri deb hisoblayman. Shunday ekan, uni tanlash biz uchun sharaf bo‘lgan bo‘lardi. Lekin biz hali unga murojaat qilganimiz yo‘q”, dedi Kramer.

Rossiya hukumatiga tegishli “RIA Novosti” agentligining xabar berishicha, Knightsbridge shirkatining Sharqiy Yevropa hamda Yaqin Sharq bo‘yicha postanovka direktori o‘rinbosari Valeriy Saaryan film aktyorlari orasida oliy toifadagi to‘rt aktyor borligini, filьm rejissyori esa ikkita “Oskar” mukofotini olganini ochiqlagan.

Kramer esa bu gap “ozgina shoshma-shosharlik bilan aytilgan”, deya fikr bildirdi.

“Biz loyihaga qiziqayotgan yetuk rejissyor bilan muzokara olib boryapmiz. Lekin aktyorlarga hali murojaat qilganimiz yo‘q”, dedi u.

Kramer Ozodlik radiosi u bilan aloqaga chiqishidan avval Di Kaprioning Putin rolini o‘ynashni istashi haqidagi mish-mishlarni eshitmaganini qo‘shimcha qildi.

Kramer shirkat xodimlari Di Kaprionig qiziqishi haqida eshitganidan keyin ularda qiziqish uyg‘onib, loyihani aktyorga murojaat qilish mumkin bo‘lgan darajaga olib chiqishga shoshilish kerakligi haqida o‘ylay boshlaganini aytdi.

Knightsbridge rejalashtirilayotgan loyihani “dunyodagi eng qudratli odamlardan birining hayoti va uning hukumat tepasiga ko‘tarilishiga yaqindan nazar” deb ta’riflaydi.

Kramer filmni suratga olish jarayoni keyingi yilning boshida boshlanishi mumkinligini aytdi.

2 fevral kuni Di Kaprio yoki uning vakillari bilan aloqaga chiqib bo‘lmadi.

Putin bilan Di Kaprio 2010 yil Sankt-Peterburgda uchrashgan. O‘sha paytda Putin Rossiya bosh vaziri lavozimida ishlayotgan edi. Putin Di Kaprioni yovvoyi yo‘lbarslarni saqlash muammosiga bag‘ishlangan anjumanda ishtirok etgani uchun olqishlagan edi. Aktyor Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan anjumanga ketayotib mexanik va ob-havo bilan bog‘liq qiyinchiliklarga uchragan edi.

O‘shanda BBC Di Kaprio Putinga o‘zida ruslar qoni borligini, buvisi bilan Sankt-Peterburgga sayohat qilishni orzu qilganini aytgani haqida yozgan edi.

“Dojd” telekanali xabari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi. Photoshop dasturi yordamida Putin va Di Kaprioning yuzi birlashtirilgan suratlar ham paydo bo‘ldi:

Yana bir Twitter foydalanuvchisi Di Kaprio yaratgan obraz ayiq hujumiga uchraydigan “Tirik qolgan” filmiga shama qilib, Putin o‘zining macholigini ko‘z-ko‘z qilish uchun tushadigan suratlarning birini Photoshop yordamida o‘zgartirdi.

XS
SM
MD
LG