Линклар

O‘zini "Yaqiyn inkor"chilar guruhi deb atayotgan yuzga yaqin dindorlar oqimi Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida ko‘paymoqda. Ular asl musulmonning hayot tarzi Muhammad payg‘ambar zamoni bilan ayni bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi va boshqalarni ham tarki dunyo qilishga da’vat qiladi. Qirg‘iziston peshvolari bu guruhni noto‘g‘ri, ammo jamiyat uchun xavfsiz, deb baholamoqda.

Tarki dunyo

Safida yuzdan ortiq musulmon yig‘ilgan bu guruh viloyatning Qorako‘l, Oq-Suv va Tup tumanlarida kuzatilmoqda.

Guruh vakillari tashqi ko‘rinishidan darhol ajraladi - soch-soqoli o‘sgan, egnida arablar kiyadigan uzun xalat yoki eskirgan chopon, yurishlari esa darivishnamo kishilardir.

Ular faqat "Qur’on" va Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalomdan qolgan hadislargagina amal qilib yashashga targ‘ib qiladi va bundan tashqaridagi dunyoviy hayot - bugungi ijtimoiy hayot, davlatchilik tizimi va hatto, zamonaviy texnika hamda meditsinani to‘liq inkor qiladi.

Qizig‘i, bular hech qaerda ishlamaydi, ertasi uchun pul jamg‘armaydi, hatto, oilasi va bolalarini jamiyat hayotiga aralashtirmaslikka urinadi.

Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga o‘z g‘oyasini tushuntirgan "inkor"chilardan biri guruhiga shunday ta’rif beradi:

- Baxtli bo‘lishning sharti - imon. Imon esa - Ollohga hech shak-shubhasiz, to‘liq ishonish. Buni arabchada "yaqiyn", deydilar. Endi "inkor" deganimiz, faqat Ollohga tavakkal qilish va bundan boshqa hamma narsani inkor qilish, degani, - deydi qirg‘izistonlik dindor.

Hozircha bu yangi sektani kim va qachon tashkil qilgani noma’lum. Jamoa a’zolarining o‘zi bu haqda gapirmaslikni ma’qul ko‘radilar. Ular, odatan, hayot tarzi, tirikchiligini muhokama qilishni ham istamaydilar. Shu bois, bu sektaning yopiq hayot tarzi va yurish-turishini qoralovchilar soni ortmoqda.

Ammo, ularning qiladigan asosiy ishi - da’vatdir. Oilasini tashlab, 40 kunlab da’vatda yuradilar va aynan shu nuqtada ularning davlat hamda jamiyat bilan ziddiyati yuz bermoqda.

E’tiroz

Asosiy e’tiroz ularning g‘oyasi va tashqi ko‘rinishiga bo‘lmoqda.

Ular yashaydigan qishloq va shahar oqsoqollari hamda muftiyat vakillari ulardan soch-soqolini qirqish, noodatiy va uringan kiyim-kechakni yechishni so‘ramoqda.

Qirg‘iziston muftiyati bu sektaning mamlakatda asosiy yo‘nalish bo‘lgan Hanafiylik mazhabiga zid ekani va ayni paytda, yoshlarda Islom dini haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotganini aytmoqda.

Issiqko‘l viloyati qozisi Almaz Sagindikov buni shunday izohlaydi:

- Da’vatning o‘z tartib-qoidasi bor. Bular o‘sha tartibga bo‘ysunmayapti. Masalan, qirg‘izcha, milliy kiyim kiy, desa unamaydi. Sochingni qisqartir, desa unamaydi. Muftiyat va qoziyatning talablariga bo‘ysunmay, o‘zboshimcha bir jamoat bo‘lib qolayapti. Bundan tashqariyam ko‘p jihatlari bor. Dunyoga oid ishlarni qilmaslik kerak, deydi. Masalan, uy qurish kerakmas, ishlash kerakmas, degan gaplari bor. Hamma narsani Olloh beradi, deyishadi, - deya "Yaqiyn inkor" jamoatiga ta’rif berdi Issiqko‘l qozisi.

Xullas, shu kabi sabablar bilan muftiyat ularning da’vat qilishlariga ruxsat bermayotir. Ammo, "yaqiyn inkorchilar" mamlakatda tan olingan din peshvolarining noroziligiga qarab ham o‘tirmasdan, ayrim hududlarda ruxsat berilmagan holda da’vatga chiqmoqdalar.

Muhimi, ular muftiyatning talabini aslo inobatga olmayotir:

- Bizga sochingizni kesing, sunnat qilingan kiyimlarni kalta qiling, keyin ruxsat olasizlar, deyishyapti. Sochni kesmaymiz, chunki payg‘ambarning sochlari shunaqa bo‘lgan. Payg‘ambarimiz shunaqa kiyingan. Sunnatni kes, yech, deyilmaydida. Men faqat sunnat tarafdoriman, men bu kiyimni sunnat, deb kiyayapman. Payg‘ambarimizga o‘xshayin, deb shunaqa soch qo‘yganman, - deydi muftiyat talabini qat’iyan inkor qilayotgan yana bir "inkor"chi.

Nazorat

Bu sekta vakillari qayd etilgan tumanlarda IIB ularni qat’iy ravishda ro‘yxatga olish va qisqa muddatga ushlash tadbirini boshlab yuborgan.

Avvaliga bir necha kishidan iborat bo‘lgan bu jamoat so‘nggi bir necha oy ichida 100 kishidan oshib ketdi. Muhimi, ular kuch ishlatar tuzilmalarining talablariga ham bo‘ysunmayotir.

Dunyodan voz kechib qo‘ygan va ma’muriy tartibbuzarlik uchun belgilangan jarimani ham to‘lashdan bosh tortayotgan "Yaqiyn inkor"chilarga hozircha jiddiy jazo qo‘llangani yo‘q.

Issiqko‘l viloyati IIB mulozimi Arsen Samaev Ozodlikning qirg‘iz xizmati muxbiri bilan suhbatda ularning jamoat tartibiga bo‘ysunmaslikda davom etsa, taqiqlanishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi:

- Ular tartibga bo‘ysunmayapti. Muftiyat qaroriga ham quloq solmaydi, militsiyaga ham bo‘ysunmayapti. Rasmiy turda 90 nafari ma’muriy jazoga tortilgan. O‘tgan yili 73 nafari, bu yil boshidan beri 20 nafardan oshig‘i ma’muriy jazoga tortildi. Bular bilan tushuntirish ishlarini olib borish kerak va tartibga chaqirish kerak. Agar bu ish bermasa, u holda bularni taqiqlash kerak, - dedi IIB xodimi.

Hozircha Qirg‘iziston muftiyati va mahalliy qoziyat vakillari ham bunday kishilar va ularning oilasi bilan tushuntirish ishlarini olib borish kerak, degan fikrda qolmoqda.

Xususan, Qirg‘iziston muftiysi bu jamoat hozircha diniy-ekstremistik tashkilotlar sirasiga kiritilmagan va aslida bu guruhdan jamiyatga tahdid yo‘q, deb fikr bildirdi:

- Bu jamoatdagilar so‘fiylar yo‘lini tutgan odamlar. Qorni to‘ysa bo‘ldi. O‘z qornini bir burda non yoki bir tishlam kartoshka bilan to‘ydiradida, hatto xotini, bola-chaqasini ham tashlab ketaveradi. Mamlakat siyosatiga aralashmaydi. Ularning zarari faqat o‘ziga bo‘ladi, - deb hisoblaydi Qirg‘iziston muftiysi Maqsat hoji To‘qtomishev.

Issiqko‘l Qirg‘izistonning islomiy radikalizm kuchaygan viloyatlaridan biridir. Bu viloyatning ayrim tumanlarida o‘tgan yili Suriyaga 30 dan ortiq kishi ketib qolgani aniqlangan.

Hayot tarzi Islomning ilk davriga mos bo‘lishi kerak, deb hisoblagan va undan tashqari, hamma narsa, ayniqsa, davlat tizimi va jamiyatni tan olmaydigan, boshqalarni ham shunga da’vat qiladigan "Yaqiyn inkor" jamoatining tezlik bilan kengayib borayotgani, oxir-oqibat, diniy radikalimzga ulanishi mumkin, degan xavotirlar ham tilga olinmoqda.

XS
SM
MD
LG