Линклар

logo-print

Jizzax viloyati jinoiy ishlar bo‘yicha sudida millati armani nasroniy Aramais Avakyan va uning to‘rt nafar sherigi ustidan “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik va islomiy ekstremizm ayblovlari bo‘yicha sud ishi yakunlandi.

Sud jarayonini kuzatgan toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning Ozodlikka aytishicha, sud hukmi o‘qilgani yo‘q va qachon o‘qilishi noma’lum qolmoqda.

Jizzaxda baliqchi fermerlik bilan shug‘ullangan Aramais Avakyan va uning hamkorlari yer ostidan 1980 yilda o‘tkazilgan eski quvurlarni kavlab olganlik va ularni pullaganlikda ham ayblanayotgan edi.

2 fevral kungi sud majlisida davlat qoralovchisi Shavkat Turdiboev 33 yoshli Avakyanga 18 yillik qamoq jazosi, uning hamkorlari Furqat Jo‘raevga – 15 yil, Dilshod Alimov, Akmal Mamtmurodov va Bektemir Umirzoqovlarga 10 yildan jazo berilshini so‘radi.

Jizzaxlik fermer, asli millati armani bo‘lgan Aramais Avakyan IShIDga xayrxohlikda gumon qilinib, 4 sentyabrdan beri hibsda qolmoqda. Ammo yaqinlari 33 yashar Avakyanning hibsga olinishiga uning fermerlik faoliyati sabab bo‘lganini aytishadi. Yaqinlari uning tergov davomida qiynoqqa tutilayotganini aytishmoqda.

Hibsga olingan Avakyanning turmush o‘rtog‘iga ko‘ra, hammasi Paxtakor tumanida yashaydigan Aramais Avakyanning baliq hovuzidan boshlangan.

“Hozir qamoqqa olingan Furqat Jo‘raev, Akmal, Temur ismli yigitlar Aramaisning baliq hovuzida birga ishlashgan. Dilshod Alimov esa ijaraga olingan Neksiya avtomashinasida Aramais va uning brigadasidagi yigitlarning xizmatini qilib yurgan. Hovuz masalasida hokim bilan chiqqan nizo kattayib ketdi”, deydi suhbatdosh.

Fermer Aramais Avakyan bundan ikki yil avval Paxtakor tumanida ikkita xovuz ochib, u yerda baliq xo‘jaligi tashkil qiladi.

Tadbirkor hovuzni tozalatirib, Chinoz tumanidan mayda baliq urug‘larini keltirib, baliq yetishtirish bilan shug‘ullangan.

Ikki yil o‘tib hovuzdagi baliqlar kattayib ko‘payib ketgan paytda hokim bilan fermer o‘rtasida nizo chiqadi, deydi voqeani o‘rgangan Ulug‘bek Haydarov.

“Ikki hovuzda taxminan 70-80 tonna baliq yetishtirilgan. Fermer Aramais Avakyan baliqlarni sotishni boshlamoqchi bo‘lganida hokim bilan nizolashadi. Menga aytishlaricha, Paxtakor tumani xokimi Sobir Qarshiboev katta foyda keltirishi aniq bo‘lgan hovuzni o‘zining yaqinlaridan biriga olib bermoqchi bo‘lgan. Hokim va Aramais o‘rtasidagi suhbat janjal bilan tugagan. Bilishimcha, hokim Aramaisga “Seni turmada chiritaman!” deb baqirganini odamlar eshitgan”, deydi Ulug‘bek Haydarov.

Millati arman bo‘lgan Avakyanning nasroniy bo‘lishiga qaramasdan IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgani Armaniston hukumatini ham chetda qoldirmadi.

Armaniston Milliy majlisining Inson huquqlari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Elinar Vardanyan hafta boshida O‘zbekiston parlamentining huquqiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi komissiyasi raisiga jizzaxlik fermer Aramis Avakyanning taqdiri yuzasidan tashvish bildirib, murojaat qilgani to‘g‘risida Ozodlik radiosi arman xizmati xabar qildi.

Undan avval esa Armaniton Ombudsmeni ham o‘zbekistonlik hamkasbiga Avakyanning taqdiri borasida tashvish bildirib, xat yo‘llagan edi.

XS
SM
MD
LG