Линклар

Buxoro shahri markazidagi “Salohiyat-Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatda 3 fevral kuni tush paytida sodir bo‘lgan yong‘inda mahsulot ishlab chiqaruvchibir necha sex yonib kul bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, yong‘in ko‘lami 500 kvadrat metrni tashkil qilgan. Yong‘in oqibatida bir necha kishi kuyish jarohati olgani aytiladi.

Buxoro shahri markazidagi “Salohiyat-Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatining (sobiq poyafzal ishlab chiqarish fabrikasi – tahr.) sexlaridan birida 3 fevral kuni soat 13 da yong‘in chiqdi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan ishchilardan birining aytishicha, yong‘in qisqa muddatda boshqa sexlarni ham qamrab olgan:

“Bu fabrikada ilgari poyafzal ishlab chiqarilardi. SSSR tugaganidan so‘ng fabrika ham tugadi. Fabrika binosini “Salohiyat-Baraka” MChJ olib, bir qancha sexlarda turli xil mahsulotlar ishlab chiqarilardi. Yong‘in tuxum soladigan qog‘oz idish – fleykalar ishlab chiqaradigan sexdan chiqqan. Apparatlardan biri yonib ketgan. Yong‘in juda tez tarqalgan. Uch-to‘rt ishchi kuyish jarohati olgan”, dedi ishchi.

Buxoro shahar hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasi yong‘in sodir bo‘lganini tasdiqlar ekan, o‘t o‘chirish vositalari yo‘qligi uchun yong‘in tez tarqalganini aytadi:

“Ma’lum bo‘lishicha, ognetushitel kabi o‘t o‘chirish vositalari yo‘q ekan. Shuning uchun yong‘in o‘chog‘ini tezda o‘chirish imkoni bo‘lmagan. Umumiy maydoni 500 kvadrat metr joy kuyib kul bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar kechga borib yong‘inni to‘liq bartaraf eta olishdi”, dedi manba.

Manbaning aytishicha, korxona va tashkilotlar so‘nggi paytlarda yong‘in xavfsizligiga deyarli e’tibor bermay qo‘ygan:

“Hozir ognetushitel, belkurak, qum, suv kabi yong‘inga qarshi vositalarni korxonalarda nomigagina bitta-ikkita qilib qo‘yishgan. Kelgan pojarniklar ham bir-ikki so‘m pora evaziga bu kamchiliklarni “ko‘rmay” ketishadi. Bitta misol aytaman. Buxoro tibbiyot kollejida 3000 talaba o‘qiydi. Yong‘in sodir bo‘lganda qochish uchun zaxira yo‘lakchalar hammasi yopib tashlangan. U joylarga kollej direktoriga qarashli odamlar tijorat do‘konlari qurib olishgan. Yong‘in payti pojarniy moshina kira olmaydi. Xudo ko‘rsatmasin, yong‘in sodir bo‘lsa o‘quvchilarni evakuatsiya qilishning imkoni ham yo‘q”, dedi hokimiyat mulozimi.

O‘zbekistonda yong‘in xavfsizligi qoilariga rioya qilmaslik oqibatida noxush hodisalar ko‘p sodir bo‘ladi.

Jumladan joriy yilning 23 yanvar kuni, Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi asfalt zavodida gaz sizishi oqibatida zavodning qozonxonasi portlab, yong‘in sodir bo‘lgan edi. Yong‘indan kamida 8 kishi jarohatlangan, lekin qurbonlar bo‘lmagani aytildi.

O‘tgan yili Namangan markazidagi “So‘g‘diyona fayz tekstil” tikuvchilik sexida, undan avval “O‘zbegim” kafesida yong‘in sodir bo‘lgan, buning oqibatida bir qancha odam kuyish jarohati olgan edi.

XS
SM
MD
LG