Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:07

O‘zbek tadbirkori faqat advokat ishtirokida jazolanadigan bo‘ldi


O‘zbekiston Adliya vazirligi boshqa besh idora bilan hamkorlikda tasdiqlagan Nizomda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishda advokatlarning so‘zsiz ishtirokini ta’minlash tartibi belgilab qo‘yildi.

Hujjatni Adliya vazirligi Milliy xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tasdiqlagan va u 28 yanvarda Adliya vazirligida qayddan o‘tkazilgan.

Hujjat mag‘zi

Nizom mazmuni to‘g‘risida ma’lumot bergan norma.uz saytiga ko‘ra, yangi joriy etilayotgan tartibga binoan tergov organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining tekshirilishi uchun jinoyat ishi ochilgan bo‘lishi lozim.

Tekshiruv esa, tadbirkorlik faoliyatining faqat ochilgan jinoyat ishi qamrovidagi qismi bo‘yicha o‘tkaziladi va bu tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilishi lozim.

norma.uz o‘z materialida tekshiruv o‘tkazadigan komissiya nimalarga e’tibor berishi, qanday qog‘ozlarni to‘ldirishi to‘g‘risida yangi hujjatga tayanib ma’lumot bergan.

Asosiy gap

Me’yoriy hujjatning mana bu jihati ayniqsa e’tiborlidir:

Agar tadbirkorlik sub’ekti tekshiruv jarayonida advokat ishtirok etishini istasa, tekshiruvni boshlash advokat yetib kelgunicha boshlanmay turadi. Biroq bu muddat 24 soatdan ortmaydi. Shu muddat ichida advokat yetib kelmasa, tekshiruv advokatsiz boshlanadi.

Tadbirkorlik sub’ekti jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi bo‘lsa, ular advokat bilan Jinoyat-protsessual kodeksga binoan ta’minlanadi.

So‘nggi abzatsdagi me’yor – har bir ayblanuvchi advokat xizmatidan foydalanishga haqliligiga oid me’yor to‘g‘risida bilmagan odam bo‘lmasa kerak.

Bas, shunday ekan, 6 ta idora o‘rtasida qabul qilingan Nizomning yangiligi nimada?

Bu savolni o‘zbekistonlik advokat Gulnora Oqilovaga berdik.

- To‘g‘ri, bu me’yorlar Jinoyat-protsessual kodeksida bor, lekin unda “majbur”, yoki “bo‘lishi shart”, deyilmagan. Tergov ishlari, so‘roq advokatsiz olib borilishi mumkin emas, deb yaxshilab yozib qo‘yilishi kerak kodeksda, dedi advokat va qabul qilingan hujjatni “yaxshi ish”, deb baholadi.

“Yaxshi ish”, dediyu “lekin”i ham borligini pisanda qilib, bunday dedi:

- Albatta, bu yaxshi narsa. Lekin amalda ishlasa, yaxshi narsa. Masala mana shunda. Bizda ko‘p narsalar qog‘ozda bor, amalda yo‘q. Tadbirkormi u yoki jinoyatchimi, oborishganidan keyin advokatsiz gapirmayman, deb ko‘rsin – tepib tashlashadi, dedi advokat Gulnora Oqilova.

U yangi Nizomga o‘ta kuchli skepsis bilan yondoshayotganini, uning o‘zbekistonlik tadbirkorga yordam berishiga shubhasi kattaligi bildirdi.

- O‘zbekistonlik tadbirkor bankka qo‘ygan pulini qaytarib ololmaydiyu siz yana qaerdagi advokat himoyasi to‘g‘risida gapirasiz, dedi Gulnora Oqilova.

Tadbirkorlar uchun jannat?

Ayni paytda O‘zbekistondagi jamoatchilik fikrini o‘rganish “Ijtimoiy fikr” markazi o‘zi o‘tkazgan “O‘zbekistonda tadbirkorlik muhiti – tadbirkorlar nigohida” mavzuida so‘rov natijalarini e’lon qildi.

Xabar qilinishicha, so‘rovda ishtirok etgan tadbirkor va fermerlarning mutlaq ko‘pchiligi mamlakatda yaratilgan sharoitni ijobiy baholagan.

“Ijtimoiy fikr” fikricha, sharoit 2014 yili ham o‘ta zo‘r edi.

O‘sha yili markaz o‘tkazgan co‘rov ishtirokchilarining 96,2 foizi “Mikrokreditlar joylarda, jumladan, chekka va qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirishga kerak bo‘lgan boshlang‘ich sarmoyani shakllantirishga zamin yaratmoqda”, deb javob bergan.

Respondentlarning katta qismi (96,3 foizi) tijorat banklari xodimlari tomonidan pul hisob-kitob hujjatlarini qabul qilish va uning ijrosini ta’minlash jarayonida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati ortib borayotganini e’tirof etgan.

XS
SM
MD
LG