Линклар

logo-print

Tojikiston Milliy banki Rossiyadan rublda kelayotgan jo‘natmalar jismoniy shaxslarga faqat milliy valyutada, ya’ni somoniyda berilishi haqida bildirdi.

Milliy bankka ko‘ra, bu chora somoniy qadrini mustahkamlashga qaratilgan. Avvallari pul jo‘natmalari qaysi valyutada yuborilgan bo‘lsa, o‘sha valyutada berilgan.

News.tj nashrining yozishicha, yangi tartib faqat rublda jo‘natilgan pul jo‘natmalariga taalluqli bo‘lib, boshqa valyutalarda jo‘natilgan pullarga bu qoida qo‘llanilmaydi.

Tojikiston Milliy banki rahbari Jamshed Nurmahmadzodaning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili Rossiyadan Tojikistonga rublda yuborilgan pul jo‘natmalari 2014 yilga nisbatan 3 foizga oshgan. Ayni paytda dollar ekvivalentida pul jo‘natmalari 33 foizga qisqargan.

Nurmahmadzodaga ko‘ra, Tojikistonga 2015 yilda yuborilgan pul jo‘natmalarining 95 foizi Rossiyadan kelgan. Jo‘natmalar asosan Rossiya rubli va AQSh dollarida yuborilayotir.

Milliy bank belgilagan rasmiy kursga muvofiq, bugungi kunda 1 Rossiya rubli 0,1040 somoniyga teng.

Tahlilchilarning qayd etishlaricha, Tojikistondagi iqtisodiy vaziyat ko‘p jihatdan Rossiya iqtisodiyotidagi vaziyat bilan bog‘liq.

So‘nggi yil ichida Tojikiston milliy valyutasi bo‘lgan somoniyning tez sur’atda qadrsizlanishi kuzatildi. Naqd xorij valyutasi taqchilligi tufayli Milliy bank barcha sarroflik maskanlarini yopishga qaror qildi.

Endilikda Tojikistonda fuqarolarga xorij valyutasini mamlakatning yirik banklaridagi valyuta ayirboshlash shaxobchalarida qora bozordagidan ancha past kurs bo‘yicha almashtirish taklif qilinmoqda.

O‘tgan yillarda O‘zbekistonda ham xorijdan kelayotgan pul jo‘natmalarini o‘zbek so‘mida berishni yo‘lga qo‘yish harakatlari kuzatildi. Biroq bu ayrim banklarning tashabbusi ekani aytilib, keyinchalik bu bekor qilingani xabar qilindi.

O‘zbekiston Markaziy banki rasmiylariga ko‘ra, shu kunda xorijdan yuborilgan pulni istalgan valyutada olish mumkin.

XS
SM
MD
LG