Линклар

AQSh prezidenti sifatida ilk bor Amerikadagi masjidlardan biriga borgan Barak Obama mamlakatda musulmonlarga nisbatan kuchayib borayotgan toqatsizlikni qoraladi. Shuningdek, musulmon jamoalarini Islom dinini ekstremistik din, deya qoralovchilarga qarshi turishga chaqirdi. 3 fevral kuni Baltimordagi musulmon jamoasi bilan uchrashgan AQSh prezidenti shu kunlarda ayrim siyosatchilarning aksil-musulmon kayfiyatidan siyosiy maqsadlarda foydalanishini tanqid qildi.

Merilend shtatidagi eng yirik shahar - Baltimordagi Islomiy jamiyati masjidiga tashrif buyurgan AQSh prezidenti o‘z nutqida, umumiyatla, Amerikada kuchayib borayotgan aksil-musulmon kayfiyatni tanqid qildi.

Hozir mamlakatimizdagi musulmon jamoalari jiddiy xavotir va ayni paytda qo‘rquv ichida qolgan palladir. Barcha amerikaliklar kabi sizlar ham terror tahdididan qo‘rayapsiz. Biroq buning ustiga amerikalik musulmon sifatida siz yana bir narsadan xavotirdasiz - jamoatingiz ozchilik kishilarning zo‘ravon harakatlari uchun tez-tez qoralanmoqda, ajratib qo‘yilmoqda. Menga ba’zilar o‘zini ikkinchi darajali fuqaro sifatida his qilayotgani haqida aytmoqda. Onalar xat yozishdi va “Qizim maktabda hujumga uchrashi mumkinligini o‘ylab, kechalari yig‘lab chiqayapman”, dedi. Biz amerikaliklar - bir oilamiz. Bu oilaning biror a’zosi o‘zini ajratilgan, ikkinchi darajali yoki yakkalangan kabi his qilishni boshlasa, bu - millatimizning chok-chokidan so‘kilishiga olib keladigan holdir”, dedi prezident Obama.

U, jumladan, Qur’on ta’limoti va AQSh tarixidan chiqarilgan saboq - turli millat, din, irq vakillariga nisbatan toqatlilik g‘oyasi bir-birini to‘ldirishini ta’kidladi:

"Biz odamlarning noto‘g‘ri tushunchalari va tarafkashliklaridan foydalangan siyosatchilarning kishilarni diniga ko‘ra ajratishiga qarshi turishimiz lozim", dedi, jumladan, Barak Obama.

Bu yetti yildan buyon AQSh prezidentligida qolayotgan Obamaning o‘z mamlakatidagi masjidga qilgan ilk tashrifidir. Bu tashrifdan asosiy maqsad mamlakatda davom etayotgan prezidentlikka nomzodlar saylov oldi kampaniyasi davomida kuchayib borayotgan Islom va qochqinlarga qarshi kayfiyatga munosib javob berish bo‘ldi.

Baltimordaggi nutqi oldidan Obama musulmon jamoalarining yetakchilari va mamlakatning turli burchidan borgan faollar bilan uchrashdi.

Ammo, uni Baltirmorda norozilar guruhi ham Islom va musulmonlarga qarshi kayfiyatdagi plakatlar bilan qarshi oldi.

Bu tashrif arafasida AQSh musulmonlari va masjidlarga diniy nafrat asosida qator hujumlar sodir etilgani kuzatildi. Ayniqsa, Kaliforniyaning San-Bernardino shahridagi hujumlar, o‘tgan yili dekabr oyida Parijda ekstremist musulmonlar tomonidan sodir etilgan qator terror hujumlaridan so‘ng Amerikada ham musulmonlarga qarshi kayfiyatdagilar soni ortgani kuzatildi.

Barak Obama baltimorlik musulmonlar bilan davra suhbatida

Barak Obama baltimorlik musulmonlar bilan davra suhbatida

​Xususan, San-Bernardinodagi hujumdan so‘ng Filadelfiyadagi masjidlardan biriga cho‘chqaning kallasi yo‘llandi, Kaliforniyadagi masjidlardan biri esa yong‘in sodir bo‘ldi va politsiya buni qasddan sodir etilgan harakat sifatida tergov boshladi.

AQSh prezidentligi uchun davom etayotgan saylovoldi kampaniyasida nomzod Donald Trampning musulmonlarga qarshi oshkora chiqishlari musulmonlar va ayni paytda ham demokrat, ham respublikachilarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

Avvaliga Tramp AQShdagi musulmonlarning alohida ma’lumotlar bazasini tuzish va ularni nazoratga olishga chaqirdi. Keyin esa xorijdan borayotgan musulmonlar, xususan, qochqinlarning mamlakatga kirishini taqiqlashga chaqirdi.

Prezident Obama Donald Tramp nomini tilga olmadi, ammo bunday chiqishlarni qattiq qoraladi.

"Biz nafratga asoslangan bu kabi ritorikaga qat’iy qarshi turishimiz lozim. Birortamiz bunga qarshi sukut saqlamasligimiz lozim. Bunday toqatsizlikka befarq bo‘lishimiz mumkin emas", dedi Obama.

Prezident Obama masjidga, odatdagidek, poyabzalsiz kirdi

Prezident Obama masjidga, odatdagidek, poyabzalsiz kirdi

​Ayni paytda, ayrim fuqarolarda AQShdagi radikallashgan ekstremist musulmonlar tomonidan Kaliforniyadagi kabi otishmalar yana sodir etilishi mumkin, degan xavotirlarni ham prezident e’tibordan soqit qilmadi.

Shuningdek, prezident Obama AQSh "Islomiy davlat" ekstremistik guruhiga qarshi kurashda ham sobit turishini ta’kidladi.

"Ularga legitimlik berishga mutlaqo qarshiman, biz ularni legitim bir guruh sifatida aslo tan olmasligimiz lozim. Chunki, ular aslida Islomni himoya qilayotgani yo‘q, ular musulmonlarni himoya qilayotgani yo‘q. Ular o‘ldirayotgan odamlarning ko‘pchiligi begunoh musulmonlar, ayollar va bolalardir", dedi Obama.

Uchrashuvlar davomida AQSh prezidenti musulmon jamoalari etakchilarini ham ekstremist guruhlarga qarshi kurashda faol bo‘lishga chorladi:

"Bu yerdagi yana bir haqiqat shuki, hozir kishilarning qalbi va ongi uchun kurash bormoqda, bu kurash aynan hozir davom etmoqda. Shunday bir paytda Islom diniga e’tiqod qilar ekan, musulmonlar hurfikr jamiyatning bir qismi bo‘la olishi, ilf-fanda yetakchi bo‘lishi va demokratiyaga ishonishi mumkinligini namoyish qilishi mumkin bo‘lgan eng to‘g‘ri qatlam aynan Amerika musulmonlaridir", deb urg‘uladi AQSh prezidenti Barak Obama.

XS
SM
MD
LG