Линклар

O‘zbekistondan piyoda qochgan nasroniy YeI hududiga yetib oldi


Abdreshid Kushaev Estoniyadagi Qochqinlar markazi binosi oldida.

Abdreshid Kushaev Estoniyadagi Qochqinlar markazi binosi oldida.

O‘zbekistondan Qozog‘istonga poi piyoda qochib ketgan, keyin esa piyoda Rossiyaga o‘tib ketgan Abdreshid Kushaev Estoniyaga yetib bordi. Yevropa Ittifoqiga a’zo bu mamlakatda u siyosiy boshpana olishga umid qilmoqda.

Estoniyaga yetib borgan o‘zbekistonlik nasroniy qochqin Abdreshid Kushaev chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tgan shaxs sifatida hibsga olinmadi, uni Qochqinlar markaziga joylashtirdilar va siyosiy boshpana haqidagi arizasini ko‘rib chiqa boshladilar. Unga bunday yaxshi munosabatda bo‘lishlariga Kushaev o‘zining Internetda yoyinlangan “uqubat sarguzashtlari” sabab bo‘lganini aytadi.

Nasroniylikning protestant mazhabiga mansub bo‘lgan 51 yoshli Abdreshid Kushaevda Yevropa Ittifoqiga a’zo Estoniya hududiga yetib olganidan so‘ng dahshatli tush kabi ko‘rgiliklari ortda qolajagiga umid paydo bo‘lgan. Ozodlikning qozoq xizmati muxbiri bilan Facebook tarmog‘i orqali yozishmada Kushaev hozir ishlari joyidaligini ma’lum qilgan.

Fuqaroligi bo‘lmagan Abdreshid Kushaev 2015 yil martida O‘zbekistondan Qozog‘istonga piyoda qochib o‘tgan va Olmaota shahriga yetib kelgan. Olmaotada unga qochqinlik maqomi bermaganlar. Qozoq rasmiylari Kushaev masalasini ko‘rib chiqish bilan mashg‘ul bo‘lgan 4 oy ichida u bu yerda bazo‘r kun kechirgan. O‘zbekistonga deportatsiya qilinish xavfi tug‘ilganidan keyin Olmaotadan ham qochgan.

O‘tgan yilning iyul oyida Kushaev Shimoliy Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tib ketgan. Hujjatlari joyida bo‘lmagan Kushaev Qozog‘iston-Rossiya chegarasini aylanma yo‘llar bilan yana poi piyoda kesib o‘tgan va Omsk shahriga etib olgan. Biroq bu yerda qochqinlik maqomini ololmagan. Bu maqomga erishish uchun u Moskvaga yetib olgan.

Rossiya poytaxtida yonida bir miri ham qolmagan Kushaev endilikda Qozog‘istonga deportatsiya qilinish xatari bilan to‘qnashgan. 2015 yil oktyabrida u Rossiyadan Estoniyaga qochib o‘tgan va u yerdan Finlyandiyaga o‘tib ketmoqchi bo‘lgan, ammo Estoniya yoqqani uchun o‘sha yerda qolgan.

Kushaevga ko‘ra, u boshidan kechirgan barcha uqubatlar uchun Estoniyada mukofot olgan. U o‘zini tushunadigan qavmga ega chog‘roq protestant cherkoviga borayotgani va bundan masrur ekanini aytgan.

Kushaev O‘zbekistondagi uyini arzimagan pulga sotib qochganini, bu pullarning barchasini Qozog‘iston va Rossiyada sarflab tugatganini, Estoniyada esa sarmoyaga ehtiyoj sezmayotganini ma’lum qilgan.

“Bu yerda turar-joy tekin. Nafaqamni yanvar oyidan 143 yevroga ko‘tardilar. Ovqatni o‘zimiz qilamiz. Hozircha berayotgan pullari oziq-ovqatga yetib turibdi. Kiyim-kechak uchun 35 yevro beradilar. Uyni tartibga keltirishdek bir tashvishimiz yo‘q. Hammayoq ozoda. Qorni traktor tozalaydi. Vay-fay bor. Mobil telefonidan foydalanmayman, chunki menga shunisi qulay. Bo‘sh vaqtimizni uyda [Qochqinlar markazida] o‘tkazamiz. Bir-birimizga milliy taomlarimizni tortiq qilamiz. Markazda Ukraina, Gruziya, Iroq, Sudan va boshqa mamlakatlardan bo‘lgan 60 ga yaqin kishi istiqomat qiladi. Kerakli narsalarni zamonaviy supermarketdan xarid qilamiz, pulimiz hammasiga yetib turibdi. Kiyim-kechak bo‘yicha ham muammoimiz yo‘q”, deydi Estoniya timsolida jannatni topganini aytgan Abdreshid Kushaev.

Abdreshid Kushaevga Estoniyada berilgan hujjat.

Abdreshid Kushaevga Estoniyada berilgan hujjat.

Estoniyada o‘zini deportatsiya hibsxonasiga emas, balki Qochqinlar markaziga joylashtirilishini Kushaev O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyada boshidan kechirgan ko‘rgiliklari haqida Internetda chiqqan maqolalarning ijobiy ta’siridan, deb biladi.

O‘zbekistonlik qochqinga Estoniyada “Boshpana kutayotgan shaxs guvohnomasi” deb ataladigan hujjat berganlar. Chegara qo‘riqchiligi va politsiya departamenti tomonidan yarim yilga berilgan bu hujjat unga ishga joylashish huquqini ham beradi. Hozircha Kushaev Qochqinlar markazida yashab, eston tilini o‘rganayotgan ekan. Uning aytishicha, Estoniyada qochqinlik maqomini berish masalasi murojaatdan bir yil so‘ng, ya’ni joriy yil oktyabrida hal bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonlik qochqin Estoniyadagi huquq-tartibot idoralari xodimlari, Qozog‘istondagi va Rossiyadagidan farqli o‘laroq, “madaniyatli va muloyim” ekanlarini ham qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekistonlik nasroniy qochqinning avval boshdan kechirgan ko‘rgiliklari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG