Линклар

Yerni vaqtida shudgorlamagan 20 ga yaqin tuman hokimi javobgarlikka tortildi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qator tumanlarda yer maydoni vaqtida shudgorlanmaganini aniqladi (“Huquq”, 4 fevral). Mansabdor shaxslarning e’tiborsizligi oqibatida Navoiy viloyatida – 172, Sirdaryoda – 24, Farg‘onada – 13, Namanganda – 8, Toshkentda – 7, Andijonda – 5 va Qoraqalpog‘istonda 7,9 gektar yer maydoni vaqtida shudgorlanmagan. Shu bois Sardoba, Boyovut, Bo‘ka, Quyichirchiq, Bekobod, Termiz, Denov, Sariosiyo, Oltinsoy, Sho‘rchi, Sherobod, Uzun, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, G‘uzor, Qiziriq va Qamashi tumani hokimlari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Mansabdorlarning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashmagani tufayli 2383 gektar maydon sifatsiz shudgorlangan. Bundan tashqari, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgan – 14 ming 528 gektar shudgorlanmagan maydonlar hisobotda “shudgorlandi” deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston aeroportlarida joriy yil apreldan qizil va yashil yo‘lak tizimi yaratiladi

O‘zbekiston aeroportlarida joriy yil 21 apreldan qizil va yashil yo‘lak tizimi amalga kiritiladi (“Kuch – adolatda”, 2016 yil 4-son). Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi o‘rinbosari Akmal Rahmonov ma’lum qiladi. Amaldagi tartibga muvofiq, bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan barcha shaxslar yozma ravishda deklaratsiya rasmiylashtirishi lozim. Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksiga ko‘ra esa, agar jismoniy shaxs o‘zi bilan taqiqlangan, tegishli ruxsatnomalar asosida olib o‘tiladigan yoki nazorat qilinishi lozim bo‘lgan tovarlar olib o‘tayotgan bo‘lmasa, og‘zaki deklaratsiya usulidan foydalanishi mumkin. Ya’ni u bojxonachini og‘zaki ogohlantirgan holda yashil yo‘lakdan o‘taveradi. Maxsus belgilangan, yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan yukka ega shaxslar esa qizil yo‘lak orqali yuradi. Eslatib o‘tamiz, Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi joriy yil 20 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolandi va 21 apreldan kuchga kiradi.

O‘zbekistonda jin chiqaradigan duoxonlar ko‘paymoqda

O‘zbekistonda issiq-covuq qiluvchi folbin va jin chiqaradigan duoxonlar ko‘payib, bu hatto kasbga aylanib bormoqda (“Hurriyat”, 3 fevral). Ularning huzuriga asosan irodasi sust, ma’naviyat sayoz xotin-qizlar qatnamoqda. “O‘ziga yoqa bo‘lolmagan boshqaga eng bo‘larmidi?! Ularning hayotini o‘rgansangiz, yo farzandi, yo biror yaqini albatta bemor bo‘lib chiqadi. Bunday “kasb” egalari esa qaynona bilan kelin, yer bilan xotin, ovsinlar, tug‘ishganlar, qishloqdoshlar o‘rtasiga nizo solishdan boshqaga yaramaydi. Bolalarning yetim bo‘lishiga, onalarning achchiq ko‘zyoshlariga sababchi bo‘lsalar-da, tomoshabin bo‘lib turaverishadi”, deb yozadi gazeta.

Rayhon konsertiga chiptalar soxtalashtirildi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘anievaning joriy yil 23-27 fevral kunlari Toshkentda o‘tadigan kontserti chiptalari soxtalashtirildi (“Darakchi”, 4 fevral). Konsert tashkilotchilari muxlislarni qalbaki chiptalardan ogohlantirgan. “Istiqlol” san’at saroyida uyushtiriladigan konsert chiptalari 20 ming so‘mdan 180 ming so‘mgacha belgilangan. Avvalroq xonanda Ulug‘bek Rahmatullaevning kontsertida ham chiptalarni soxtalashtirish holati kuzatilgan.

Eriga qarshi killer yollagan ayol 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi erini o‘ldirish uchun qotil yollagan fuqaro Sarvinoz Ortiqovani 8 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Toshkent shahar prokuraturasi vakili Hayotbek Anortoevning “Huquq” nashriga ma’lum qilishicha, S.Ortiqova 21 yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan, 4 farzandining otasi bo‘lgan eri Botir Ortiqovni o‘ldirishi evaziga fuqaro Usmon Toshevga 15 ming dollar bermoqchi bo‘lgan. Ishtirokchilardan biri huquq idorasiga qotillik ro‘y bermasidan avval xabar bergach, jinoyatning oldi olingan. Qayd etilishicha, S.Ortiqova erini o‘ldirtirib, uning barcha mol-mulkiga ega chiqishni ko‘zlagan.

Toshkentda hayvonot bog‘ida yangi jonivorlar keltirildi

Toshkent hayvonot bog‘iga yangi jonivorlar – qulonlar, Prjevalskiy otlari, Buxoro tog‘ qo‘ylari va jayronlar olib kelindi (“Oila davrasida”, 4 fevral). Qayd etilishicha, bu hayvonlar O‘zbekistonning yovvoyi tabiatida yashagan, ularning soni kamayib bormoqda, hatto qirilib ketish xavfi bor.

Toshkentda kadastr hujjatlarini internet orqali rasmiylashtirish xizmati joriy qilindi

Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri idorasi arizalarni on-layn qabul qilish tizimini joriy etdi (“Toshkent oqshomi”, 3 fevral). Jismoniy va yuridik shaxslar kadastr hujjatlarni rasmiylashtirish uchun odnookno.uz sayti orqali ariza topshirishi mumkin. Qayd etilishicha, onlayn ariza ijrosini uning maxsus raqami yordamida kuzatib borish imkoni mavjud. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar my.gov.uz sayti orqali Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasiga ariza berishi mumkin.

XS
SM
MD
LG