Линклар

O‘zbekistonning Qirg‘iziston ichkarisida joylashgan So‘x ekslavi turg‘unlari Farg‘ona va Rishtonga borish uchun Qirg‘iziston hududidagi yo‘llardan xavf-xatarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. So‘xliklarning aytishlaricha, 25-26 yanvar kuni so‘xlik haydovchilarning ish tashlashi ortidan Qirg‘iziston tomoni o‘zbekistonliklarning bosimlarga uchramay erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratib bergan.

So‘x tumanida qirg‘iz militsiyasi, bojgirlari va chegarachilarining ta’magirliklaridan norozi bo‘lgan 600ga yaqin haydovchi 25 va 26 yanvar kunlari ish tashlagani haqida Ozodlik avvalgi eshittirishlarida xabar bergan edi. Shundan so‘ng So‘x tumani hokimi qo‘shni Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani hokimi bilan so‘zlashuvlar o‘tkizgan va buning ortidan so‘xliklar ta’magir ekanini iddao qilayotgan huquq-tartibot xodimlari o‘zbekistonliklar foydalanadigan yo‘llardan olib tashlangan edi.

Ayrim so‘xliklar bu voqeani “Qirg‘iziston tomonidan ko‘rilayotgan vaqtinchalik tadbir, bir necha kundan so‘ng ta’magir huquq-tartibot xodimlari yo‘llarda yana paydo bo‘ladi”, deya baholagan edilar. Shuning uchun ham oradan bir hafta o‘tgach, bu masalada so‘xliklardan hol-avhvol so‘radik.

-Hozircha vaziyat yaxshi. Qirg‘iziston tomonidan GAIlar yo‘q bo‘lib qoldi, yo‘lda bizni hech kim to‘smayapti, ta’magirliklar ham to‘xtadi. Hozircha hammasi yaxshi, - dedi So‘x tumani davlat idoralaridan birida ishlaydigan Kamoliddin Azimov.

So‘xlik Suhrob Idrisov ham bu ma’lumotni tasdiqladi. Uning aytishicha, hozir so‘xliklar Botken viloyati hududida, botkenliklar esa So‘x tumani hududa emin-erkin harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

-Ular (qirg‘izistonliklar nazarda tutilmoqda –muallif) So‘xda bemalol poliklinikaga kelib davolanishayapti, mashinalarini ustaxonalarimizda o‘nglatishayapti, choyxonalarimizga kirib, dam olib ketishayapti. Qirg‘izistonlikar So‘xga benzin va ko‘mir olib kelib sotib ketishadi. Shuning uchun ularga erkin harakatlanish uchun sharoitlar yaratib berilgan,- dedi so‘xlik Suhrob Idrisov.

2013 yil yanvar oyida Qirg‘iziston chegarachilari So‘x anklavi hududida simyog‘och o‘rnatishga harakat qilgan payti mahalliy aholi norozilik bildirgan va o‘rtada chiqqan janjal ortidan qirg‘iz rasmiylari So‘x anklaviga boruvchi eng yaqin Rishton shoh yo‘lini berkitib qo‘ygan edi.

Bu yo‘l to‘rt yildan buyon butunlay yopiqligicha qolmoqda. So‘xliklar esa avvalgi 20 kilometr o‘rniga, Qirg‘iziston ichkarisidan 100 kilometr yo‘l bosib, Rishton va Farg‘onaga borishga majbur bo‘layotir.

So‘x tumani davlat idoralaridan birining xodimi Kamoliddin Azimovning aytishicha, 3 fevral kuni So‘x tuman kengashi deputatlari qo‘shni Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani deputatlari bilan uchrashgan va So‘x-Rishton shoh yo‘lini ochib berish masalasida so‘zlashuvlar olib borgan.

-So‘x tuman kengashi deputati Yoqubjon aka Zarifov Qadamjoyda mana shu masalani ko‘targan. Bu taklifni qirg‘iz mulozimlari qabul qilib, uni mart va may oylarida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda muhokama qilishga kelishib olishgan. Bu O‘zbekiston tomonidan qilingan taklif bo‘ldi. Biroq Rishton shoh yo‘lining ochilishi ko‘proq “yuqorining buyrug‘iga” bog‘liq. Bu masalani faqat yuqori tashkilotlar hal etib bera oladi, - dedi Kamoliddin Azimov.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Qirg‘izistonning Qadamjoy tumanida uchrashuv o‘tkazgan So‘x tuman kengashi deputatlari qirg‘iz mahalliy rasmiylariga O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida, qadamjoylik faollar hamda oqsoqollardan iborat guruhni Samarqand va Buxoroga sayohat qilishga taklif etgan. Qirg‘iziston mahalliy rasmiylari bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan.

XS
SM
MD
LG