Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:49

Karimov “Gitler” hokimining qilmishlarini fosh qildi


Uch yil avval o‘zi maqtab Toshkent viloyatiga hokimlikka qo‘ygan Ahmadjon Usmonovni prezident ishdan olish payti rosa tanqid qilgani ma’lum bo‘ldi. Karimovning ta’biricha, “mas’uliyatni unutgan rahbar” xalq xo‘jaligining barcha sohalarini barbod qilgan, “g‘arazli maqsadni ko‘zlab” tanish-bilishlarini rahbarlikka tayinlagan. Prezident tanqididan so‘ng Usmonov Oliy Majlis Senatidan haydaldi. "Gitler" laqabi bilan tanilgan Usmonovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkinligi ham aytilayapti.

Toshkent viloyatining sobiq hokimi, sobiq militsiya generali Ahmadjon Usmonov Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 4 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida ishdan olindi.

O‘zA ma’lumotiga ko‘ra, sessiyada chiqish qilgan prezident Islom Karimov sobiq hokim xatolari, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini va g‘arazli maqsadlarini birma- bir sanab chiqqan:

“A.Usmonov kadrlarni tanlash va lavozimga qo‘yishda g‘arazli maqsad bilan ish ko‘rib, asosan o‘ziga shaxsiy sadoqatda bo‘lgan, lekin zarur bilim va tajribaga, ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lmagan shaxslarni turli rahbarlik vazifalariga tayinlagan, Toshkent viloyatining o‘zida yuqori malakali kadrlar yetarli bo‘lishiga qaramasdan, ba’zi bir lavozimlarga o‘zining tanish-bilishlarini olib kelish uning odatiga aylanib qolgan”, dedi prezident.

Karimovning aytishicha, umid bilan hokimlikka ishga qo‘yilgan Usmonov “vaqt o‘tishi bilan ishga qarashi va odamlarga munosabatida manmanlik, o‘ziga bino qo‘yish, yon-atrofdagilardan o‘zini yuqori tutish, qo‘pollik, qo‘l ostida ishlayotganlarni mensimaslik paydo bo‘lgan”:

“Masalan, Toshkent viloyati hokimligining axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i lavozimiga A.Hamdamov, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi vazifasiga B.Qoraev tayinlangan. Shuningdek, u viloyat hokimligining ishlar boshqaruvchisi vazifasiga, kapital qurilish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri lavozimiga, huquq-tartibot, safarbarlik va favqulodda holatlar bo‘yicha tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi guruh boshlig‘i vazifasiga, "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasining bosh muhandisi lavozimiga o‘ziga yaqin odamlarni ishga qo‘ygan”, dedi Islom Karimov.

Karimovga ko‘ra, “o‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlaydigan bu shaxslar amaldagi qonunchilikni buzib, mansabni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq turli jinoyatlarni sodir etishgan. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar tufayli ularning ayrimlari (A.Temirov, A.Sattorov, O.Mahmudov) jinoiy javobgarlikka tortilgan, ayrimlari (A.Erjigitov, A.Hamdamov, B.Qoraev, S.Samadov) ishdan bo‘shatilgan”.

Karimovning aytishicha, “oyog‘i yerdan uzilib qolgan” va bosar-tusarini bilmay qolgan Usmonov bilan bir necha bor xos suhbatlar o‘tkazilgan va u ogohlantirilgan bo‘lsada o‘z bilganidan qolmagan:

“A.Usmonovning yaqin hamtovoqlari bo‘lgan bir guruh shaxslar, jumladan, viloyat hokimining yordamchisi A.Umarov, viloyat hokimligining sobiq ishlar boshqaruvchisi M.Ikromov, viloyat "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi bosh muhandisi Sh.Xo‘jamqulov, Rubber trast shoss mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Ismoilov poraxo‘rlikda ayblanib, ularga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan”, dedi Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘zlagan Islom Karimov.

Ahmadjon Usmonov viloyatda fermerlarining rejadan ortiq bug‘doyini tortib olgani va 27 nafar fermer bundan arz qilib Oqsaroyga borgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Usmonovning ishdan olingani haqidagi xabardan so‘ng oqqo‘rg‘onlik fermerlar qo‘y so‘yib, ziyofat uyushtirgani ham xabar qilindi.

2006-2013 yillar davomida Andijon hokimi bo‘lib ishlagan paytda mahalliy aholi, fermerlar va tadbirkorlar unga “Gitler” laqabini berishgan edi.

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida 1958 yilda tug‘ilgan Ahmadjon Usmonov hokimlik lavozimiga tayinlangunga qadar Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, keyin Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident nutqidan so‘ng Ahmadjon Usmonovga ham O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining bir necha moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin.

Toshkent viloyati hokimi lavozimidan bo‘shatilgan Ahmadjon Usmonov Oliy Majlis Senatidan ham haydaldi.

Prezident Karimov Usmonovni hokimlikdan olganidan so‘ng shoshilinch tarzda o‘tkazilgan Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida uning senatorlik faoliyatiga ham chek qo‘yishga qaror qilingan.

XS
SM
MD
LG