Линклар

logo-print

5 yil oldin Uzoq Sharq Federal Universitetiga (DVFU) kafedra mudirligiga taklif etilgan o‘zbekistonlik professor Yo‘lbarsxon Mansurov o‘ziga nisbatan bosim davom etayotganidan shikoyat qilayapti. O‘z haq-huquqlari uchun kurashishni davom ettirayotgani uchun universitet rahbariyati tomonidan yotoq joyidan mahrum etilgan domla Mansurov “Men ish sharoitlarim yaxshilanishidan ortiq narsa talab qilayotganim yo‘q”, demoqda. Domlaning so‘zlarini inkor etayotgan universitetning yangi rahbariyati Rossiya Sharqidagi eng yirik o‘quv dargohida o‘zbekistonlik olimga “barcha sharoitlar yaratilganini” ta’kidladi.

Texnika fanlari doktori, Rossiya tabiatshunoslik akademiyasi muxbir-a’zosi va Uzoq Sharq Federal Universiteti Injener maktabining “Materialshunoslik va materiallar texnologiyasi” kafedrasi mudiri Yo‘lbarsxon Mansurov o‘z ilmiy faoliyatini davom ettirish uchun normal sharoit yaratilishini o‘z rahbariyatidan talab qilmoqda.

Universitetning yangi boshliqlari tomonidan taqibga uchragani bois o‘z haqlari uchun kurashayotgan o‘zbekistonlik domla Mansurov Ozodlik bilan suhbatda uning muammolari universitetda rahbariyat almashgan davrdan boshlanganini gapirib berdi.

Professor Y.Mansurov Sheremetyevo aeroporti izolyatorida

Professor Y.Mansurov Sheremetyevo aeroporti izolyatorida

O‘tgan yilning 9 avgustida u bir guruh shogirdlarini Germaniyadan ilmiy safardan olib qaytayotganida Moskvada Sheremetyevo aeroporti chegarachilar tomonidan ushlanib, Rossiyadan O‘zbekistonga chiqarib yuborilgan edi.

Domlaning so‘zlaricha, Rossiyaga kirishga taqiq olib tashlanib, u ishiga qaytib kelganidan keyin, ilmiy va o‘qituvchilik faoliyatida boshqa qator qiyinchiliklar yaratila boshlangan:

- Yangi yildan oldin, bilishimcha, rektorning shaxsiy “sovg‘asi” asosida “Yashayotgan joyingni 31 dekabrgacha bo‘shatib berasan!”, deb talab qilib qolishdi. Birinchi taklif qilinganimda universitet va Injenerlik maktabi rahbariyati uy-joy, kontrakt masalasi hal bo‘lishini aytgan edi. Hozirga kelib Injener maktab direktori “Ishlagin biz bilan!” desa, rektor boshchiligidagilar “Bo‘shatib ber!” deyapti. Aslida meni bo‘shatish qonunga zid. Men Rossiya Oliy ta’lim vazirligi, mahalliy gubernatorga, mehnat inspeksiyasiga murojaat qildim. Ular tekshirishni boshlaganidan keyin qaerdandir “Uzr, biz professor Mansurovga ruxsat berganmiz, bemalol yashayversa bo‘ladi” degan qalbaki, 22 dekabr bilan yozilgan xat paydo bo‘ldi. Bugun esa na Interneti, na boshqa kommunal sharoitlari bor xonadan joy berishdi, deydi Yo‘lbarsxon Mansurov.

Domla umrining 4 yildan ortiq vaqtini sarflagan va barpo etgan kafedraning barcha laboratoriyalari va kampusdagi o‘quv binolari universitet rahbariyati buyrug‘i bilan tortib olingani va boshqa kafedralarga tarqatib berilganini aytdi. O‘quv korpuslari va laboratoriyalar tortib olinganidan buyon u boshqarayotgan kafedra qator xalqaro va ilmiy anjumanlarni o‘tkaza olmayotir.

Yo‘lbarsxon Mansurov universitetga “yuqoridan” yaqinda tayinlangan Sergey Ivanets istak-xohishlariga qarshi chiqqani uchun hatto yotoqxonasidan mahrum etilgan bo‘lishi mumkinligini gapiradi:

- Sabablardan biri - odamlar orasida qo‘shnisi natijalarga erishsa hasad, havas, rashq degan narsalar paydo bo‘ladi... Keyingisi, o‘zbek fuqarosi keldi, mehnatini qildi, ko‘rsatkichlari bor – joyi kerak bo‘lib qoldi kimgadir. O‘zim millatchilikdan uzoqdaman, lekin millatchilik qurboni ham bo‘lyapman. Rektor birdan to‘nini teskari kiyib oldi. “Siz munosib emassiz bu universitetga!” degan gap uning og‘zidan chiqqan. U o‘zi yaqinda kelgan odam bo‘lsa, dedi Yo‘lbarsxon Mansurov.

DVFU rektori Sergey Ivanets

DVFU rektori Sergey Ivanets

DVFU rektori Sergey Ivanets o‘zbek professorining bu iddaolarini mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali qat’iy rad etdi.

- U bizning hurmatli xodimimiz, u bo‘yicha FMSga so‘rovnoma yubordik. Agarda Rossiya hududida legal istiqomat qilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni namoyish qilganda edi, olam guliston bo‘lardi. Biz professor va uning oila a’zolari yashashi va ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib berganmiz. Unga kimdir halaqit berayotgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlarini haqiqat deb hisoblamayman, dedi bu masalada Vladivostok nashrlaridan biriga izoh bergan DVFU rektori Sergey Ivanets.

Ayni paytda, Ozodlik Yo‘lbarsxon domlaning mazkur universitetda aspirantura va magistraturada ilmiy ish qilayotgan o‘g‘li Saidno‘mon Mansurov ham mahalliy Federal migratsiya xizmati tomonidan migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblangani va “qora ro‘yxatga” kiritilganini aniqladi. Yarim yildan buyon Migratsiya xizmatidan rasmiy javob ololmayotgan Saidno‘mon asosiy vaqtini idorama-idora yurishga sarflayotgani ma’lum bo‘ldi.

Yo‘lbarsxon domla o‘tgan 4 yillik faoliyati davomida o‘nlab xalqaro miqyosdagi ilmiy maqolalar chop etgani, kafedraning xususiy mablag‘lari va imkoniyatlari evaziga 17 o‘qituvchini Yevropaning eng ilg‘or bilim dargohlarida malaka oshirishga yuborgani, bir nechta tilda diplom berish imkoniyatini beruvchi xalqaro dasturlarni ishga tushirgani va ilmiy muassasaning xalqaro miqyosda ilmiy aloqalari va almashinuvini yo‘lga qo‘ishga erishganini ma’lum qildi.

Meni, eng avvalo, ortimdan bu yerga kelgan yuzlab o‘zbekistonlik talaba farzandlarimizning keyingi taqdiri ham qiziqtiryapti”, deydi nafaqat ko‘p yillik mehnati uchun ichi kuyayotganini gapirgan professor:

- Menku istagan joyimda, o‘z yurtimda ham ishsiz qolib ketmayman... Shunchaki, bu yerda ishlashga o‘zimning xohishim bor. Lekin majburiyatlarim ham bor-da: ikkita xalqaro loyiham qolib ketyapti, agarda men teskari qarab chiqib ketsam buni xorijiy muvofiqlashtiruvchi hamkorlarimiz tushunmaydi, sababi barcha ma’lumot menda. Keyin, uch yil davomida aspirant va doktorantlarimni tashlab ketvorsam, ular yangi rahbar izlashga majbur bo‘ladi, yoqlagungacha juvonmarg bo‘lib qolishi mumkin, Xudoning ham, bandasi oldida ham noto‘g‘ri bo‘ladi bu! Uchinchi masala, falakning gardishi bilan O‘zbekistondan talabalarni o‘qishga olib kelib qo‘yganman. Ularni ota-onasi menga topshirgan! 2014-2015 o‘quv yiliga 100-ta talaba olib kelganman. Ulardan 25-tasi Rossiya byudjeti hisobidan, 75 tasi to‘lov asosida. Ular oldida ham majburiyatlarim bor, dedi professor Mansurov.

Materialshunoslik sohasida tanilgan olim yashashga maishiy, ishlashga esa ilmiy sharoitlarni yaratish uchun amaldorlar bilan kurashib charchaganini ma’lum qildi.

Suhbat so‘nggida domla Yo‘lbarsxon Mansurov o‘z talablariga mahalliy hukumat idoralaridan javob kutayotgani va o‘ziga qarshi boshlangan taqib va quvg‘inlarni bas qilishnigina so‘rayotganini bildirdi.

Ozodlik professor Mansurov va DVFUda tahsil olishni davom etayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG