Линклар

logo-print

Andijon viloyati Ulug‘nor tumanining Uchko‘prik qishlog‘ida istiqomat qilgan 17 yashar Tohirni "Andijonbaliq" jamiyatining qorovullari yakshanbaga o‘tar kechasi urib o‘ldirib qo‘ygan. Jamiyat mulozimlari bola baliq o‘g‘irlashga kelgan payti o‘zi suvga cho‘kib o‘lganini iddao qilmoqda. Yakshanba kuni Uchko‘prik qishlog‘ining yuzga yaqin aholisi bolaning qotillari jazolanishini talab qilib chiqishdi.

Ulug‘nor tumanining Uchko‘prik qishlog‘ida istiqomat qilgan 17 yashar Tohir ismli bola 30 yanvar kuni kechasi shu qishloq hududida joylashgan “Andijonbaliq” hissadorlik jamiyatiga qarashli sun’iy hovuzlardan birida kaltaklab o‘ldirildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan uchko‘priklik manbaga ko‘ra, baliq ovlashga borgan bolani “Andijonbaliq” jamiyatining qorovullari o‘ldirib qo‘ygan:

“Voqea yakshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan Bu bola bizning qishloqdan. Kechasi hovuzga baliq o‘g‘irlagani borgan. Qorovullar tutib olib, urib o‘ldirib qo‘yishgan. Bitta baliq uchun ham odamni o‘ldirish mumkinmi? Lekin, endi bu bolaning oyog‘ini tomiri suvda tortib, suvga cho‘kib o‘lgan deb aytishyapti”, dedi manba.

Uning aytishicha, voqeaning ertasi kuni yuzga yaqin qishloq aholisi bolaning qotili jazolanishini talab qilib, mahalla fuqarolar yig‘ini oldida norozilik bildirgan:

“Bola o‘lganning ertasi kuni hamma bundan juda darg‘azab bo‘ldi. Yuzga yaqin odam, aksariyati ayollar, bolani o‘ldirib qo‘ygan qorovullarni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilishdi. Hokimiyatdan vakillar keldi, hamma yoqni militsiya bosdi. Hokim o‘rinbosari bu ish albatta o‘rganilishini, haqiqat qaror toptirilishini aytganidan so‘ng, kechga borib odamlar tarqaldi”, dedi manba.

Ulug‘nor tumani ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi 17 yashar bola hovuzda o‘lganini Ozodlikka tasdiqladi. Biroq, mulozim bu ishni ayni paytda prokuratura o‘rganayotganini aytib, boshqa ma’lumot berolmasligini aytdi.

Uchko‘prik qishlog‘idagi mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, rasmiylar bolaning o‘limida qorovullarni aybsiz qilib ko‘rsatishga harakat qilishmoqda:

“Bu baliq hovuzlarini qurganlar orqasida tankalari bor baquvvat odamlar. Ular uncha-buncha ishni bosti-bosti qilib yuboradigan odamlar. Endi ular bolani suvni ichida uzoq o‘tirib, oyog‘ini tomiri tortib qolib, cho‘kib o‘lgan deyishyapti. Lekin uning badanida kaltaklanish alomatlari yaqqol ko‘rinib turgan edi. Ekspertiza ham noto‘g‘ri ma’lumot bergan. Shuning uchun ham qishlog‘imiz aholisi bunt ko‘tarib chiqdi”, dedi mahalla faollaridan biri.

Ulug‘nor tumani prokuraturasidan bu masalaga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG