Линклар

logo-print

Sirdaryo viloyatidagi Guliston Davlat universiteti pedagogika fakulteti dekani talabadan 300 ming so‘m pora olayotgan paytda qo‘lga olingani aytilmoqda. Ozodlik manbalari iddaosiga ko‘ra, Rustam Ergashev 2-bosqich talabasidan o‘tgan yilgi paxta mavsumida qatnashmagani vajidan pora talab qilgan va pulni olayotgan vaqtda MXX xodimlari tarafidan qo‘lga olingan. Tergov davom etayotgan paytda ochiqda qolayotgan Ergashevning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda aybsiz ekani va buni tergov davomida isbotlashini bildirdi. O‘zbekistonda nafaqat talabalar, balki o‘qituvchi va boshqa soha mutaxassislaridan ham paxtaga chiqmaganlik uchun pora undirilishi odatiy holga aylangan.

Sirdaryo viloyatining asosiy oliy o‘quv yurti hisoblangan Guliston Davlat universiteti pedagogika fakultetining dekani Rustam Ergashev 1 fevral kuni milliy xavfsizlik xizmati va militsiya xodimlaridan iborat guruh tarafidan qo‘lga olingani aytilmoqda. Ozodlik manbasining iddao qilishicha, dekan o‘tgan yilgi paxta mavsumida qatnashmagan talabalarning biridan 300 ming so‘m miqdorida pora olgan paytda ushlangan.

Manbamizga ko‘ra, Rustam Ergashev dushanba kuni porani olib bo‘lgach, universitetdan mashinasida chiqib ketayotgan paytda maxsus guruh tomonidan qurshovga olingan.

“Pedagogika fakulteti dekani 1 fevral kuni mashinasida universitet hududidan chiqib ketayotgan paytda ikki tarafidan to‘xtatishib, mashinasiga qo‘shib olib ketishdi. U fakultetning boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasidan 300 ming so‘m pora talab qilgan. Bu talaba o‘tgan yili paxtaga bormagan ekan. Oradan yarim yil o‘tganiga qaramasdan, talabadan pora olayotgan joyida ushlashdi dekanni”, deydi Ozodlik manbasi.

Uning iddao qilishicha, 59 yoshli Rustam Ergashevga nisbatan MXX tergov bo‘limi jinoyat ishi ochgan. Lekin dekan 2 fevral kuni yana universitetda paydo bo‘ldi, deydi Ozodlik manbasi.

“Uni o‘sha kuni qo‘yib yuborishgan ekan, lekin kecha (4 fevral kuni) yana tergovga chaqirtirishdi. Rustam Ergashev o‘zi 2010 yilda ham moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, javobgarlikka tortilgan. O‘shanda talabalar stipendiyalarini tayinlashda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yib, davlatning 49 million so‘m pulini o‘zlashtirganlikda ayblanib, sudga tortilgan edi. Lekin shunga qaramasdan, Barakaev degan prorektorimiz, sudlangan odamni yana dekan qilib tayinladi”, deya iddao qildi manba.

Ozodlik tergov davomida ochiqda qolayotgan Rustam Ergashevning o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Dekan o‘ziga nisbatan tergov ketayotganini tasdiqlab, o‘zining aybsizligini isbotlash niyatatida ekanini bildirdi:

“Telefonda birdaniga bir narsa deya olmayman. Chunki bu narsani bir og‘iz gap bilan tushuntura olmayman. Menga nisbatan provokatsiya bo‘lyapti. Hozircha gapirmay turaylik, chunki ular menga battar qilishi mumkin. Lekin men o‘zimni himoya qilaman, avdokatlarim bor, o‘zimning aybsizligimni bilaman. Hozir sizga ortiqcha gapirmay qo‘ya qolay, ish siyosiy tus olib ketmasin. Bu yerda juda ko‘p voqealar bor, balki u studentning qasdi bordir manda, kim biladi”, deya ta’kidladi fakultet dekani.

O‘zining mutlaqo aybsizligini ta’kidlagan Rustam Ergashev 2010 yilda jinoiy javobgarlikka tortilganiga doir iddaolarni ham inkor etdi.

Ayni paytda, Guliston Davlat universiteti prorektori Nusratulla Barakaev Ozodlik savoliga javoban o‘quv yurtida bunday voqea bo‘lganidan bexabar ekanini bildirdi.

O‘zbekiston huquq tartibot idoralaridan bu ish xususida izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida qatnasha olmagan talabalardan pora talab qilinishi odatiy holdir. Nafaqat talabalar balki o‘qituvchi, shifokor va hatto nafaqaxo‘rlarning ham paxtaga chiqmagani uchun moliyaviy jazoga tortilgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Guliston Davlat universiteti rahbariyati Ozodlikning avvalgi reportajlariga ham qahramon bo‘lgan. 2014 yilning dekabrida o‘quv yurti rektori Ashraf Eminov moliyaviy qonunbuzarliklarda ayblanib, lavozimidan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG