Линклар

“O‘zbekiston pochtasi” shirkati rasmiylari Toshkentdagi “Xalqaro pochtamt” binosida juma kuni yong‘in ro‘y bergani sabab xalqaro va mahalliy pochta jo‘natmalari kechikishi mumkinligini aytishmoqda. “O‘zbekiston pochtasi” shirkatining Ozodlik bog‘langan mulozimi xorijdan jo‘natilgan ayrim jo‘natmalar yong‘in ichida qolib ketgani sabab egalariga yetib bormasligini ham aytdi.

Toshkentning Shimoliy vokzali yaqinida joylashgan “Xalqaro pochtamt” binosida juma kuni yong‘in kelib chiqqandi.

Yong‘in oqibatida binoning qariyb 1 ming kvadrat metr maydoniga zarar yetgan.

“O‘zbekiston pochtasi” shirkati mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda “Xalqaro pochtamt” binosidagi pochta jo‘natmalari saqlanadigan sexlar ham yonganini tasdiqladi.

- Chetdan keladigan pochta jo‘natmalari saqlanadigan sex ham yongan, deyilyapti. Qanchasiga zarar yetganini aniq bilmaymiz. Boshqa sexlarga ziyon yetmadi. Shuning uchun ozgina kechikish bo‘ladi, ayrim jo‘natmalar egalariga yetib bormasligi ham mumkin, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan “O‘zbekiston pochtasi” shirkati mulozimi.

Shimoliy vokzal yaqinidagi “Xalqaro pochtamt” binosida xorijga jo‘natiladigan va O‘zbekistonga xorijdan keladigan pochta jo‘natmalari saqlanadi.

“O‘zbekiston pochtasi” mulozimi alanga ichida qolgan pochta jo‘natmalari, posilkalar egalariga tovon puli to‘lanishini aytdi.

- Bu borada me’yoriy hujjatlar bor. Posilka yo‘qolsa egasiga qancha to‘lanishi haqida me’yoriy hujjatlar bor. Shu jo‘natmani egasiga uni qiymati qanchaligiga qarab tovon puli albatta beriladi, - dedi “O‘zbekiston pochtasi” mulozimi.

"O‘zbekiston pochtasi" rasmiy saytida keltirilishicha, “Xalqaro pochtamt” filialida kuniga 2 yarim mingdan ortiq banderol, pochta jo‘natmalari va xatlar qabul qilinadi.

Ayni paytda “O‘zbekiston pochtasi” shirkati rasmiylari 3 fevralgacha qabul qilingan barcha jo‘natmalar vaqtida egalariga etib borishini aytishdi.

- 3 fevraldan oldin qabul qilingan barcha jo‘natmalar chiqib ketgan va egalariga yetib boradi. 4 fevral kuni qolib ketgan posilkalar, agar jo‘natilmay qolganlari bo‘lsa zaderjka bo‘lishi mumkin. Tashqariga jo‘natiladigan posilkalarda muammo bo‘lmaydi. Tashqaridan keladiganlarda muammo bo‘lishi mumkin. Chunki yong‘in chetdan keladigan pochta jo‘natmalari saqlanadigan sexga ham o‘tgani aytilyapti, - dedi "O‘zbekiston pochtasi" mulozimi.

“Xalqaro pochtamt” filialidagi yong‘inga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Bu yuzadan Toshkent shahar prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda.

XS
SM
MD
LG