Линклар

Rossiyadagi yetakchi partiya o‘z nomzodlari saylov kampaniyasini qanday olib borishi kerakligi haqida qo‘llanma tayyorladi. Sentyabr oyida Rossiyada Davlat Dumasiga hamda mahalliy boshqaruv organlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. “Yedinaya Rossiya” yetakchi partiyasi o‘z nomzodlari saylovchi yoki jurnalistlarning noqulay savollariga javob berishga tayyor bo‘lishini xohlaydi.

Pariya o‘zining vebsaytida nomzodlarni prezident Vladimir Putinning uzoq hukmronligi, G‘arb bilan to‘qnashuv hamda og‘ir iqtisodiy ahvol kabi muammoli masalalar haqida qanday so‘zlashni o‘rgatuvchi videoqo‘llanmalarni o‘z ichiga olgan bo‘lim yaratda. Bu bo‘lim hammaga ochiq emas.

Videolarni faqat ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar ko‘ra oladi. Ro‘yxatdan o‘tayotgan foydalanuvchi saylovlarda ishtirok etishni rejalashtirayotganini ko‘rsatishi zarur. Shunday bo‘lsa-da, “RBK” yangiliklar agentligi 2 fevral kuni yopiq bo‘limda berilgan materiallar haqida xabar berdi.

“RBK”ga ko‘ra,Putin haqida so‘zlayotganda “Yedinaya Rossiya” nomzodlari 90 yillardagi “qonunsizlikka” urg‘u berishi kerak. Partiyaning ta’kidlashicha, bu qonunsizlikka Putin 2000 yilda prezident etib saylanganindan keyin barham berilgan. Partiya tayyorlagan qo‘llanmada Rossiya o‘sha paytda “nafaqat cho‘kkalab qolgan, balki jar yoqasida” bo‘lgani aytiladi.

Ikkinchidan, nomzodlar “mamlakatda boshqa lider yo‘q ekanligiga” urg‘u berishi kerak.

Putinga qarshi muxolifatga keladigan bo‘lsak, “Yedinaya Rossiya” pozitsiyasi hayratlanarli emas. Partiyaga ko‘ra, “AQSh “rangli inqiloblar” yordamida dunyoni qo‘lga olishni istaydi va hozir e’tiborini Rossiyaga qaratmoqda”. Partiya nomzodlarni muxolifat mamlakatda, ayniqsa, Kavkaz, Sibir va Uzoq Sharq hududlarida ayirmachi oqimlarni qo‘llashi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Rossiya “so‘z erkinligi bo‘yicha dunyoning ilg‘or mamlakati” deb ataluvchi videoni “Rossiya Segodnya” davlat matbuot konglomerati yetakchisi Dmitriy Kiselyov olib borgan. Kiselyov “jurnalistika va nutq so‘zlashdan fikr ifodalash vosatasi sifatida foydalanishga qo‘yilgan to‘siqlar Ukrainani hozirgi ahvolga tushib qolishiga sabab bo‘ldi”, deya ta’kidlaydi.

Ukraina iqtisodiy muammolarni hal qilishga va Rossiyaning aralashuviga barham berishga kurashib keladi. Rossiya 2014 yil Ukrainaning Qrim yarimorolini anneksiya qilib oldi va hozirgacha Ukraina sharqida ikki viloyatni qo‘lga olgan ayirmachilarni dastaklab keladi.

“Byurokratlar xatolari”

“Yedinaya Rossiya” videolarida iqtisod haqida qanday gapirish bo‘yicha oz masalahat berilgan. Ularda Putinning iqtisodiy maslahatchisi, so‘l qanot iqtisodchi Sergei Glazyevning maslahatlari to‘g‘ri ekanligi aytilgan. “RBK” partiyaning Dumadagi deputati Vyacheslav Nikonovdan nega iqtisod masalasida qo‘llanma yo‘qligi haqidag so‘raganda, deputat partiya hali o‘zining iqtisodiy platformasini ishlab chiqmaganini aytdi.

“Yedinaya Rossiya” nomzodlarni yuqori lavozimli yetakchilar hamda “byurokratlar xatolari” haqidagi muayyan savollarga “qisman shunday daxmazalarni yo‘q qilish uchun saylovda ishtirok etayotganlarini” aytib javob berishga chaqiradi. Byurokratlarning aksari “Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zolari ekanligi ayon, chunki bu partiya Rossiyaning barcha siyosiy maydonlarida etakchidir.

Duma deputati Irina Yarovaya nomzodlarni 1990 yillarda, “parlamentda yovuz raqobat elementlari mavjud bo‘lgan, mamlakat og‘ir ahvolda bo‘lgan paytda bizning partiyamiz hali yaratilmagan edi”, deyishga chaqiradi.

“RBK”ga ko‘ra, 11 mingdan oshiq odam sayt materillarini ko‘rish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Rossiyada saylovlar odatda uyushtirilgan bo‘lib, haqiqiy raqobatsiz o‘tadi. Putin hukumat tepasiga kelganidan beri liberal muxolifat chetga surib qo‘yildi. Shunday bo‘lsa-da, “Yedinaya Rossiya” iloji boricha ko‘proq saylovchi ovozini olishni istaydi. Bundan maqsad Putinga manzur kelish hamda Kreml maqsadlariga erishishni osonlashtirishdir.

2014 yilning sentyabrida regionlarda bo‘lib o‘tgan saylovlardan keyin “Kommersant’” kundalik gazetasi jurnalisti Maria Karnaux “mamlakatning 84 hududida o‘tkazilgan barcha saylovlarda “Yedinaya Rossiya” g‘alaba qozondi. Gubernatorlar saylovlarida esa partiya nomzodlari 77,2 foiz natija ko‘rsatdi”, deb yozgan edi.

Dumadagi 450 o‘rinnning 238 tasini “Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zolari egallagan. Qolganlarini uch nominal muxolif partiya a’zolari olgan bo‘lib, bu deputatlar tez-tez “Yedinaya Rossiya”ga ovoz berib turadi.

“Yedinaya Rossiya” yana mamlakatning 3787 qonun chiqaruvchi idoralaridagi 2840 o‘ringa egalik qiladi. Rossiyadagi deyarli barcha gubernatorlar ham mazkur partiya a’zosidir. Bundan tashqari, shu gubernatorlar aksar hollarda “Yedinaya Rossiya”ning hududlaridagi bo‘limlariga yetakchilik qiladi.

Partiya yetakchisi esa bosh vazir Dmitriy Medvedevdir.

Robert Koalson

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG