Линклар

Eronda hukumat qatag‘onlariga jamoatchilik e’tiborini qaratishning qonuniy imkonlari cheklanganini angalagan Tehron universitetining sobiq yetakchisi Muhammad Malikiy hamda sobiq radikal jurnalist Muhammad Nurizod bir qarashda beg‘araz bo‘lgan ommaviy namoyish uyushtirishga, ya’ni Tehron ko‘chalaridagi axlatni tozalashga qaror qilishdi.

26 yanvar kuni Nurizod Facebookdagi sahifasida “[Axlat to‘plash] jinoyat emas. Yoki noto‘g‘rimi?”deb yozdi.

Bu ikki mashhur faolning Tehron ko‘chalarini tozalashi o‘tgan haftada muammosiz o‘tdi. Ammo Malekiy va Nurizod 5 fevral kuni ertalab uchrashganlaridan keyin xavfsizlik xizmati xodimlariga yo‘liqishdi. Xodimlar ikki faolni mashinada poytaxt tashqarisiga olib borib, yo‘l bo‘yida tashlab ketdi.

Ammo faollar bo‘sh kelmadi va qarovsiz qolgan magistral bo‘ylab axlat to‘plashda davom etishdi, ijtimoiy tarmoqlarda xayriya ishlari aks etgan suratlar bilan bo‘lishishdi.

Bu suratlarning birida 82 yoshga to‘lgan Malekiyning yo‘l bo‘yida “Axlat to‘plash” deb yozilgan matoni ustiga tashlab olib, qo‘li bilan g‘alaba belgisini ko‘rsatayotgani ifoda etgan. Suratning orqa fonida Eron Islom Respublikasining asoschisi oyatulloh Ruhulloh Humayniy surgundan qaytib kelganida olingan surat ilingan reklama taxtasini ko‘rish mumkin.

Ozodlik radiosi bilan suhbatda Malekiy sherigi Nurizod bilan aksiyani davom ettirishlarini aytdi.

Malekiy Tehronda turib telefon orqali bergan intervyusida “Biz o‘z namoyishimizni to‘xtatmaymiz. Biz ramziy namoyishlar qilishda davom etamiz”, dedi.

Keyingi oylarda ikki faol Eronda inson huquqlari buzilishiga, jumladan, faollarning qamalishiga e’tibor qaratish uchun bir necha aksiya uyushtirdi.

Ikkala faol ham qamoq muddatini o‘tagan bo‘lib, Erondagi tuzumni keskin tanqid qilib keladi.

Faollarga ko‘ra, ular axlat to‘plash Eronda jinoyat bo‘lmagani uchun mazkur aksiyani boshlashgan. Eronda mavjud tuzumni tanqid qilish yoki ommaviy yig‘in uyushtirishga urinish odatda jinoiy javobgarlikka olib keladi. Faollar ko‘pincha “Eronning milliy xavfsizligiga qarshi chiqishda” ayblanadi.

Nurizod yanvar oyi oxirida yangi aksiya haqida e’lon qilar ekan, unga nima turtki bo‘lganini ochiqladi. Faol axlat tozalash aksiyasi o‘zi va sherigi sayohat qilishiga “biror sabab yoki sud hukmisiz” qo‘yilgan to‘siq hamda Eron Inqilobiy gvardiyasi tomonidan ularning mulklari tortib olinganiniga qarshi namoyish ekanligini aytdi.

Nurizod boshida Erondagi tuzumni qo‘llagan, lekin keyinchalik uni tanqid qila boshlagan. Faol o‘zi, Malekiy hamda boshqa bir encha shaxs 2 fevral kuni Tehron ko‘chalarida plastik paketlarga to‘plagan axlatni ushlab turgani aks etgan surat bilan bo‘lishdi.

Gulnoz Isfandiyoriy, Muhammad Rizo Yozdanpanoh

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG