Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:54

Neonatsistlar Pragadagi qochqinlar markaziga o‘t qo‘ydi


Chex politsiyasining aytishicha, 6 fevral kuni 20ga yaqin noma’lum shaxslar Pragadagi qochqinlar markaziga o‘t qo‘yib yubordi.

Hodisa Chexiya poytaxtida minglab odamlar musulmonlar va muhojirlarga qarshi namoyish o‘tkazishidan bir necha soat o‘tib yuz berdi.

Hujumchilar qochqinlarga kiyim-kechak to‘plovchi markazga bostirib kirib, Molotov kokteyllarini uloqtirganlar.

Chex rasmiylariga ko‘ra, hujumda kamida bir odam jarohat olgan.

Praga o‘t o‘chirish xizmatining matbuot kotibi yong‘in zudlik bilan o‘chirilganini aytdi.

Markazda ishlagan faollarga ko‘ra, hujumchilar neonatsistlar bo‘lgan.

Praga markazida o‘tkazilgan musulmonlarga qarshi yig‘in g‘arbning islomlashishiga qarshi bo‘lgan tashkilot - Pegida tomonidan Yevropa bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlardan biridir.

Pegida 2014 yilda Germaniyaning Drezden shahrida barpo etilishi bilanoq o‘ta o‘ng qanot va muhojirlarga qarshi qatlamni o‘ziga jalb qila boshladi.

Yevropa bo‘ylab Pegida marshlari

6 fevral kuni Drezden ko‘chalariga chiqqan 8 mingga yaqin Pegida tarafdorlariga qarshi minglab odamlar jam bo‘ldi, biroq ko‘p sonli politsiya ikki guruh o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymadi.

Drezdendagi namoyishda chiqish qilgan Pegida a’zosi Zigfrid Daerbritz Yevropa chegaralarini qo‘riqlashga chaqirdi.

“Biz Yevropaning ichki va tashqi chegaralarini qo‘riqlashimiz va nazorat qilishmiz shart," dedi u.

Pegida tashkilotchilariga ko‘ra, Drezdendagi namoyishda 15 mingdan ko‘proq odam ishtirok etdi.

Ularga qarshi Elba daryosining boshqa qirg‘og‘ida tashkillashtirilgan yurishda 10 mingga yaqin odam ishtirok etdi.

Polsha, Niderlandiya, Britaniya, Latviya va Fransiyada tashkillashtirilgan Pegida namoyishlariga esa bor yo‘g‘i bir necha yuz odam to‘plandi xolos.

Amsterdam markazida ilk namoyishni o‘tkazishga uringan 200ga yaqin Pegida tarafdori politsiya bilan to‘qnashdi.

Fransiyaning Kale bandargoh shahrida politsiya 150 nafarga yaqin aksil-muhojir kayfiyatdagi olomonga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ishlatdi.

Politsiya shuningdek bir necha o‘ta o‘ng qanot namoyishchini hibsga oldi.

XS
SM
MD
LG