Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:19

Qirg‘iz chegarachilari bir tojikning uyiga o‘z bayroqlarini osib ketishdi


Qirg‘iziston chegarachilari 6 fevral kuni Tojikiston shimolidagi Bobojon G‘afurov tumani Ovchiqalacha qishlog‘ida yashovchi bir shaxsga tegishli uyning darvozasiga Qirg‘iziston bayrog‘ini osib ketishdi.

Qirg‘iz chegarachilari ushbu joy Qirg‘iziston hududi ekanini da’vo qilmoqdalar.

Taxminan 30-40ta qirg‘iz chegarachisi 6 fevral tushlik mahali Tojikiston ichkarisiga kirib, Muhammadali Abduvaliev uyining darvozasiga Qirg‘iziston bayrog‘ini tikishgan.

Bu haqda Ozodlik tojik xizmatiga 7 fevral kuni hodisa guvohlari xabar berishdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz chegarachilari bu hudud Qirg‘izistonga tegishli ekanini da’vo qilib, Abduvalevdan uyini bo‘shatib qo‘yishni talab qilganlar.

Ovchiqalacha yashovchilaridan birining aytishicha, mahalliy aholi qirg‘iz chegarachilarining bu amalidan taajjubga tushganlar.

Zero, ularga ko‘ra, ushbu hudud avval boshdan Tojikistonga tegishli bo‘lgan.

Bobojon G‘afurov tumani Ovchiqalacha qishlog‘i Qirg‘izistonning Botkent viloyati Qulundi qishlog‘i bilan chegaradosh.

Suhbatdoshlarga ko‘ra, qirg‘iz chegarachilari amaliga hech qanday munosabat bildirilmagan.

Ovchiqalacha qishlog‘ining raisi Ergash Jo‘raev ham Ozodlik bilan suhbatda mazkur hodisani tasdiqlab, yuzaga kelgan masala yuzasidan Qulundu qishlog‘i raisi Quvvatbek Sulaymonov bilan muloqot o‘tkazganini aytdi.

Uning aytishicha, qirg‘iz mahalliy rasmiylari ham ushbu joyning Qirg‘izistonga taalluqli ekani va bu masala ikki mamlakat yuqori rasmiylari tomonidan ko‘rib chiqilishi zarurligini bildirganlar.

Ergash Jo‘raevning ilova qilishicha, hodisa yuzasidan ikki mamlakat rasmiylari 8 fevral maxsus muloqot o‘tkazadi.

Ammo maslaning qay darajada muhokama etilishi hozircha ma’lum emas.

Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy sarhadlarining yarmidan ko‘prog‘i hozirga qadar belgilanmagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu holat chegara hududlarida yashovchi aholi o‘rtasida tez-tez janjallarning chiqshiga sabab bo‘layotir.

XS
SM
MD
LG