Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:54

So‘xda IShIDga aloqador ko‘rilgan 10dan ortiq odam hibsga olindi


Farg‘ona viloyati So‘x tumanining Qal’acha, Tul va G‘aznov qishloqlarida Rossiyada ishlab qaytgan o‘ndan ortiq muhojir hibsda saqlanmoqda. Hibsdagilarning Rossiya va So‘x tumanidagi yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, IIVni xorijda ishlagan mehnat muhojirlarining diniy e’tiqodi va qarashlari qiziqtirmoqda. Rossiyadagi manbalarga ko‘ra, borganlarning aksariyati Qozon shahrida bir yil yoki undan ortiqroq ishlagan.

Ismi-familiyasini oshkor etmaslik sharti bilan Rossiyadan OzodMikrofonga bog‘langan so‘xlik mehnat muhojiri shu kunga qadar 6 kishining hibsda saqlanayotganidan aniq xabardor ekanini da’vo qilmoqda:

- Shu Qozon shahrida bir yil - bir yarim yil ishlab borgan bolalar edi. 90, 91-yillarda tug‘ilgan bolalar ko‘pi. Bir oycha oldin hech sababini ham aytmay, ogohlantirmay, 15 sutkaga, deb qamab qo‘yishdi. 3 tasi Qal’acha qishlog‘idan, yana 3 tasi Tul qishlog‘idan. Bularning orasida mening yaqin tanishim ham bor. Mana bir oy bo‘ldi, chiqarishgani yo‘q. Bir haftacha bo‘ldi, Tuldan yana 7 kishini olib kirib qo‘yishibdi, deb eshitdim, lekin buni aniq bilmayman, - dedi ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan so‘xlik.

Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, IIV Tatariston poytaxti Qozondan borgan yigitlardan ularning diniy e’tiqodi, ibodati va qarashlarini so‘rab-surishtirmoqda:

- Yaqin tanishimning oilasidan eshitdim shunaqa, deb. Boshqa bolalardan ham: "Rossiyada qaerda ishlading, kimlar bilan yashading, namoz o‘qidingmi, kimlar bilan o‘qiding, nega soqol qo‘ygansan, namozni qanaqa o‘qiysan?" deganga o‘xshagan narsalarni so‘rashayotgan ekan. Men endi shunaqa, deb eshitdim. Lekin, hibslarning sababi haqida aniq bilmayman, - dedi Rossiyadan bog‘langan so‘xlik mehnat muhojiri.

Uning aytishicha, shu kunda Rossiyada yurgan so‘xliklar yurtiga qaytishga cho‘chimoqdalar:

- 15 sutkaga, deb olib ketgan, bir oy bo‘layapti ham chiqargani yo‘q. Qama-qama boshlandimi, deb qo‘rqayapmiz. Surishtirishayotganidan xabarimiz bor edi. Lekin, borishi bilan pasportini olib qo‘yib, bunaqa qamab qo‘yishganini endi eshitib turibmiz. Buning ustiga ba’zilarning ayollarini ham olib borib, so‘roq qilishayotgan ekan. Shuni bir aniqlab beringlar, iltimos! Nima gap ekan o‘zi? - dedi so‘xlik tinglovchi.

Ozodlik bu murojaat ortidan Farg‘ona viloyati va So‘x tumani IIBga bog‘landi, ammo aniq ma’lumot ololmadi. Ammo, So‘x tumanida yashovchi faollar Rossiyadan bog‘langan mehnat muhojiri so‘zlarini qisman tasdiqladi.

Xususan, Tul qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Rossiyadan borganlar ustidan surishtiruv kuchaytirilgani, yangi qaytganlar so‘roq-savol qilib qo‘yib yuborilganini tasdiqladi.

"So‘roq-savol qilishayotgandi. Lekin, unaqa 10 kishi hibsda degan gapni men eshitmadim, to‘g‘risi", dedi xadigini yashirmagan keksa yoshli tinglovchi va suhbatni cho‘zishni istamadi.

So‘x markazida yashovchi yana bir faol esa 15 sutkaga hibsga olinayotganlar faqat Qal’acha va Tul qishloqlarida emas, balki G‘aznov qishlog‘idan ham borligini haqida eshitgani, ammo ularning soni haqida aniq ma’lumotga ega emasligini aytdi.

"Taxminan, 20 kishi atrofida, deb eshitdim. Shu radikalizm, ekstremizm, deb ushlangan va Farg‘onada ekan hammasi. Bugun birining otasi bilan gaplashdim, ertaga Farg‘onaga chaqirishibdi, qo‘yib yuborar, deb umid qilayapti. Endi IShIDga bog‘lashayapti, degan gap bor. Shuning uchun yaqinlari xavotirda. Ammo, ushlanganlarning ko‘pi Rossiyabir yil, yarim yil oldin qaytgan ekan. Endi ma’lumot o‘ta sir saqlanyaptida, oilasi ham qo‘rqayapti ortiqcha gapirgani", dedi ismi sir qolishi bilan gapirgan so‘xlik manba.

Ozodlik so‘xlik norasmiy manbalar tasdiqlagan, ammo rasmiy idoralar sukut saqlayotgan bu ma’lumotga oid tafsilotlarni aniqlashga urinishda davom etmoqda.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda xorijdan borayotgan fuqarolarning so‘roqqa tutilayotgan, hibsga olinayotgani haqida ma’lumotlar ko‘paymoqda.

Xususan, 2015 yilning oktyabr va noyabr oylarida Toshkent viloyati hamda shahrida 200dan ortiq odamning hibsga olingani inson huquqlari faollari tomonidan xabar qilingan.

Bundan tashqari, yana o‘nlab odam Farg‘ona, Xorazm va Namangan viloyatlarida hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor.

O‘zbekiston IIV faollar tarqatgan bu xabarlarni qisman tasdiqlagan, ammo bu borada aniq raqamlarni ma’lum qilmagan.

XS
SM
MD
LG