Линклар

4 fevral kuni Islom Karimov kutilmaganda o‘zining ko‘pdan sinalgan general-hokimlaridan biri Ahmadjon Usmonovni sharmandali tarzda ishdan olib tashladi. Buning ortidan senatorlik daxlsizligidan ham mahrum etilgan Usmonov¸ jinoiy javobgarlikka tortilish tahlikasi ostida qolgan Karimov kadrlaridan yana biri.

Prezident ko‘pdan o‘z hokimiyati xizmatini qilib kelgan Usmonovni "tanish-bilishchilik"¸ jinoiy guruhlar bilan yaloqxo‘rlik qilish kabi ishlarda aybladi.

Shu bilan Karimovning o‘zi avvaliga maqtab amalga qo‘yib¸ so‘ngra yana o‘zi yozg‘irib amaldan olib tashlagan hokimlar soni yana bittaga ko‘paydi.

25 yil davomida mahalliy hokimlarni¸ kim tavsiya qilishidan qat’iy nazar¸ shaxsan o‘zi suhbatdan o‘tkazib¸ shaxsan o‘zi xalq deputatlari kengashi deb ataladigan tizim orqali tayinlatib kelayotgan Karimovning hozirgacha qancha hokimni avvaliga maqtab amalga qo‘yib¸ ko‘p o‘tmay¸ yer bilan yakson qilib amaldan olib tashlagani aniq emas.

Ammo kadr tanlash¸ xususan hokim tanlashning bunday uslubida jiddiy noqislik borligini Karimovning o‘zi ham har gal hokim almashtirar ekan¸ bilvosita tan olmasdan iloji yo‘q.

2015 yil noyabrida Namangan viloyati hokimini almashtirar ekan, O‘zbekiston prezidenti kadrlar tanlash¸ xususan¸ hokim tanlash o‘zi uchun “eng og‘ir ish” ekanini ta’kidlagan edi:

"Men ko‘p marta aytgan bir fikrni bugun yana bir bor takrorlashni o‘rinli deb bilaman. Mening mamlakat rahbari sifatida zimmamga yuklangan eng katta, eng og‘ir, shu bilan birga, o‘ta mas’uliyatli vazifa haqida gapirganda, bu avvalo kadrlarni rahbarlik lavozimlariga - bu vazirlik yoki tarmoq yetakchisi bo‘ladimi, viloyat yoki tuman rahbarlari bo‘ladimi - tanlash va tavsiya qilishdan iborat. Bu safar ham ana shunday og‘ir mas’uliyatli ishni bajarishga to‘g‘ri kelganini o‘zim uchun yana bir sinov deb bilaman. Lekin bu sinov, ochiq aytadigan bo‘lsam, barchamizning zimmamizga tushadigan sinovdir"¸ degan edi Karimov.

Sizningcha¸ Karimovning kadr¸ xususan¸ hokim tanlash siyosati nimaga asoslangan?

Uning o‘ziga bu kadrlarni kimlar¸ qaysi mezonlar asosida taqdim etadi?

Kadrlar tanlashda qiynalishini e’tirof etuvchi Karimov¸ nega bu jarayonda fundamental noqisligi borligini e’tirof etib¸ uni o‘zgartirmayotir?

Kadrlar¸ xususan¸ viloyat va tuman hokimlarini tanlash qanday prinsiplarga asoslanishi kerak?

O‘zbekistondagi hozirgi boshqaruv tuzumida halol va xalqparvar odam yuqori lavozim¸ xususan¸ hokimlikka kelishi mumkinmi?

Dushanba¸ 8 fevral kuni Toshkent vaqti bilan oqshomi soat 7 dan 8 ga qadar bo‘ladigan jonli muloqotda shu haqda gaplashamiz. Suhbatda OzodSkype, OzodOvoz va OzodlikOnline Skype manzillari orqali qatnashishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG