Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:49

Bola yig‘lamasa ona emchak solmaydi (Blog)


So‘xga doir so‘nggi yangilik bir muhim narsani ko‘rsatdi: mahalliy rahbarlarning Karimovdan qo‘rquvidan samarali foydalanish mumkin ekan. Ya’ni yechilmayotgan muammo to‘g‘risidagi shikoyatning Oqsaroyga yetib boradigan shakli, masalan, so‘xlik sho‘pirlarnikiga o‘xshgan, shakli topilsa bas, hokim va hokimchalar jonini Jabborga bervoradi. Axir jonni Jabborga berish Karimovga berishdan ko‘ra beog‘riqroqda!

O‘tgan haftada berilgan bir xabarimiz o‘z mohiyatiga ko‘ra o‘ta muhim xabar ediyu lekin u Toshkent viloyati hokimi Ahmadjon Usmonovning ishdan olinishi to‘g‘risidagi xabar soyasida qolib ketdi.

Xabarki, u 2013 yil boshidan beri 20 km o‘rniga 100 km yo‘l bosishga majbur bo‘layotgan so‘xliklarning bir muammosi qisman hal bo‘lgani to‘g‘risida.

O‘zbekistonning atrofi Qirg‘iziston bilan o‘ralgan So‘x eksklavi aholisi bilan qirg‘izistonliklar o‘rtasida 2013 ning boshida chiqqan janjaldan keyin qirg‘iz rasmiylari So‘xni Rishton bilan bog‘lovchi qisqa yo‘lni yopib qo‘ygan edi.

Natijada so‘xliklar O‘zbekistonga Qirg‘iziston ichkarisidan 100 kilometr yo‘l bosib borishga majbur bo‘layotgan edi.

So‘xliklar uch yildan beri Qirg‘iziston hududidan o‘tar chog‘da turli-tuman tamagirligu ba’zida hatto qaroqchilik qurboni bo‘layotganidan arz qilib kelar, lekin masalani hal qilishni hech kim o‘ylamayotgan edi.

Oxir-oqibat so‘xliklar jonidan to‘ygan o‘xshaydi, pichoq borib suyakka yetgan o‘xshaydi, sho‘pirlari 25, 26 yanvar kunlari norozilik aksiyasi o‘tkazdi...

...va masala hal bo‘la boshladi: mahalliy rasmiylar yugurib Qirg‘izistonga o‘tdi, so‘zlashuvlar o‘tkazdi, otang yaxshi, onang yaxshi dedi, hatto, xabarlarga qaraganda, qirg‘izistonlik faollar hamda oqsoqollardan iborat guruhni Samarqand va Buxoroga sayohat qilishga taklif qildi.

Bo‘lar ekanu?!

Nima uchun 3 yildan beri qilinmadi shu ish?

Nima, 3 yildan beri So‘x rahbariyatining ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar ediyu o‘sha ikkala muchasi birdan ochilib ketdimi?

Muchalarni ochvorgan narsa nima?

Muchalarni ochvorgan narsa qo‘rquvdir. Prezidentdan qo‘rquv.

So‘xda sho‘pirlar norozilik aksiyasi o‘tkazdi degan xabar Oqsaroyga yetsa tuman hokimining “kallasi ketadi”. Axir, prezident uni hokim qilib, birinchi navbatda, tumanda “g‘ing” degan ovoz chiqmasligini ta’minlash uchun tayinlagan.

Eng qizig‘i, So‘x rahbariyatining muammoni hal qilishga urinmagani sababi ham qo‘rquvdir. Prezidentdan qo‘rquv.

Urinsayu buni qo‘qqis Oqsaroy bilib qolsa, “nega aqling yetmagan narsaga burningni tiqasan, bu davlatlararo masala, bu davlat rahbarining vakolatlari doirasidagi masala”, degan gapni eshitishdan va oqibatda yana “kallasi ketishidan” qo‘rqdi.

Xullas, So‘xga doir so‘nggi yangilik bir muhim narsani ko‘rsatdi:

mahalliy rahbarlarning Karimovdan qo‘rquvidan samarali foydalanish mumkin ekan. Ya’ni yechilmayotgan muammo to‘g‘risidagi shikoyatning Oqsaroyga yetib boradigan shakli, masalan, so‘xlik sho‘pirlarnikiga o‘xshgan, shakli topilsa bas, hokim va hokimchalar jonini Jabborga bervoradi.

Axir jonni Jabborga berish Karimovga berishdan ko‘ra beog‘riqroqda!

Ha, aytgancha, nima uchun Karimovning o‘zi 3 yildan beri so‘xliklarning muammosiga e’tibor bermadi?

Bilsa, qiziqsa e’tibor beradimi?

Bilgan, qiziqqan taqdirda ham Karimov oqsoqol “qarab qo‘ying”, deb Atambaevga qo‘ng‘iroq qilmaydi. Qilsa – otdan tushib qoladi: axir qariyb 30 yillik prezident, buyog‘iga qachon ketishini faqat o‘zi hal qiladigan Karimov prezidentlikka kecha kelgan va ertaga ketishi aniq Atambaevga qo‘ng‘iroq qiladimi?

Hech hamda!

XS
SM
MD
LG