Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:09

Farg‘onada 5 kishini chavaqlab, yoqib yuborganlikda gumonlanganlar qo‘lga olindi


Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Tinchlik shaharchasida yashovchi Madaminovlar oilasining besh a’zosini, jumladan ikki nafar yosh bolani o‘ldirib, yoqib yuborganlikda gumonlangan ikki shaxs qo‘lga olindi. Tergovchilarning gumon qilishicha, hibsga olinganlar oila bekasining jiyanlari bo‘lib, ular xolasining mashinaga yiqqan pulini o‘g‘irlash maqsadida oila a’zolarini o‘ldirib, keyin murdalarga o‘t qo‘yishgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, voqea 7 fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Tafsilotlardan xabardor oltiariqlik manbaning Ozodlikka aytishicha, Tinchlik (sobiq Hamza) shaharchasi Ro‘dakiy ko‘chasi 21-uyda yashovchi Madaminovlar oilasining besh nafar a’zosi yakshanbaga o‘tar kechasi chavaqlab o‘ldirilib, keyin yoqib yuborilgan:

"Oldiniga hamma oddiy yong‘in bo‘lgan va shuning natijasida ular o‘lib qolgan deb o‘yladi. Keyin ekspertiza qilingan payti ular oldin o‘ldirilib, keyin uyga o‘t qo‘yilgani aniqlangan. Uchta katta yoshdagi xotin-qiz va ikki yosh bola o‘ldirilgan", dedi shaxsi sir qolishini istagan oltiariqlik manba.

Farg‘ona viloyat prokuraturasidagi Ozodlik manbasi o‘lganlar shaxsiga oid ma’lumotlarni ochiqladi:

"Madaminova Karimaxon va uning 1992 yilda tug‘ilgan qizi Eldora o‘ldirilgan. Shuningdek, Karimaxonning kelini 1991 yilda tug‘ilgan Umidaxon va uning Elnora ismli 5 yashar qizi hamda Nurgul ismli hali 2 yoshga to‘lmagan qizi ham o‘ldirilgan", dedi ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan gapirgan manba.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, temiryo‘l sohasida ishlaydigan oila boshlig‘i Erkin Madaminov bilan uning o‘g‘li Elyor o‘sha kuni tungi navbatchilikda bo‘lishgan.

Prokuraturadagi manba ma’lumotiga ko‘ra, qotillikda gumonlanib, qo‘lga olingan ikki yigit oila bekasi Karimaxonning jiyanlari bo‘lib, ular o‘sha kuni xolasinikida mehmonda bo‘lishgan:

"Qotillar oiladagi erkaklarning o‘sha kuni tunda ishlashidan xabardor bo‘lishgan. Mehmonga kelgan ikki jiyan o‘sha kuni xolasinikida tunab qolgan. Yarim kechasi turib, avval Karimaxon va uning qizi Eldorani pichoqlab o‘ldirishgan. So‘ng Umidaxonning eshigini taqillatishgan. Umidaxon eshikni ochgach, unga tashlanib, 24 marta pichoq urishgan. Keyin uyga kirib ikki qizchani ham pichoqlashgan. Keyin o‘liklarni ustidan solyarka sepib, yoqib yuborishgan", dedi prokuraturadagi manba.

Oltiariqdan olingan ma’lumotga ko‘ra, qotillar uylarning deraza va eshiklarini berkitib ketgani tufayli, jasadlar yonib bo‘lgach, yong‘in o‘zi o‘chgan. Qo‘shnilar voqeadan faqat yakshanba kuni ertalab xabar topishgan.

Prokuraturadagi manbaga ko‘ra, qotillikni sodir etganlikda gumonlanib, hibsga olingan ikki kishi xolasining uyida mashina olish uchun yig‘ilgan pul borligidan xabardor bo‘lishgani va shu pulni o‘zlashtirish maqsadida qotillikka qo‘l urganini bo‘yniga olishgan.

Oltiariq tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Madaminovlar oilasi Tinchlik mahallasidagi o‘rtahol oilalardan bo‘lib, temiryo‘lchilik sohasida ishlaydigan ota-o‘g‘il topgan pulga tirikchilik qilib kelishgan va haqiqatdan ham oila a’zolari mashina uchun pul yig‘ayotgani aniqlangan.

Hozirda qotillik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Qotillikni amalga oshirganlikda gumonlanayotgan ikki shaxsga 25 yildan qamoq jazosi berilishi mumkin.

O‘zbekistonda 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish eng og‘ir jazo hisoblanadi. Bunday jazoga qasddan odam o‘ldirish va terrorizmda aybdor topilganlar mahkum etiladi. O‘zbekistonda 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘lim jazosiga moratoriy e’lon qilingan.

Jumladan, ikki hafta avval Namanganda yakunlangan mahkamada uch odamni qasddan o‘ldirgan to‘rt shaxsga 25 yilgacha qamoq jazosi berildi.

Sudlanuvchilar Haqqulobod shaharchasida yashagan 61 yashar Zarifa Botirova, uning 27 yashar kelini Nargiza va 4 yashar nabirasini vahshiyona tarzda o‘ldirib, Andijonsoyga tashlab ketganlikda aybdor deb topildi.

Qotillik qurbonlari O‘zbekiston IVV Jinoyat tergov bo‘limida ishlaydigan militsionerning oila a’zolari bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG