Линклар

logo-print

Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi Shofirkon Shoh ko‘chasi va Qassoblar qishlog‘ida yashovchi 40 xonadon 2 yildan ortiq deyarli yo‘q gaz uchun nohaq pul undirilganidan sudga shikoyat qildi. Oilalar yonmayotgan gaz uchun oyiga 70 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha pul to‘lashga majburlanayotgani, bu summa oilaning ishlovchi barcha a’zolaridan barobar yig‘ilayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ozodlikka 40 xonadon nomidan bog‘langan shofirkonlik Dilorom Hamroeva 2 yildan oshiroq vaqt davomida aholidan nohaq pul undirilmoqda, deb shikoyat qildi:

- Gaz yo‘q, yozda ham, qishda ham. Lekin, har bitta oilaning byujet tashkilotida ishlaydigan har bir a’zosidan oyiga o‘rtacha 70 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha ushlab qolinayapti. Ularning gaz hisoblagich bo‘yicha qarzi yo‘q, chunki gazning o‘zi yo‘q. Lekin, majbur ushlab qolinayapti. Shofirkon tumanida 2014 yildan buyon tinimsiz murojaat qilinadi. Natijasiz,- deydi Dilorom Hamroeva.

Uning aytishicha, tumanning Shofirkon Shoh ko‘chasi va Qassoblar qishlog‘idagi gaz ta’minoti 2010 yildan boshlab uzila boshlagan va so‘nggi ikki yil ichida tamoman uzilgan. Ammo, aholidan gaz uchun pul undirish to‘xtamagan.

​Qishloq ahli nomidan bitilgan ilk ariza 2014 yilda Buxoro viloyati hokimligiga My.gov.uz portali orqali yo‘llangan va qisman natijaga erishilgan. Ya’ni, shikoyatning portal orqali yo‘llangani ish berganmi yoki saylov arafasi bo‘lgani uchunmi, shofirkonliklarga noma’lum - ammo, o‘shanda ikki haftaga gaz berilgan:

- Parlament saylovi arafasida dekabrda ikki haftacha gaz yondi - shu bo‘yi yana uzildi. 2015 yil qishda umuman gaz bo‘lmadi, yozda ham tamoman yo‘q,- deydi Hamroeva.

Shofirkonlik oilalardan 40tasi imzo chekkan shikoyat xati Buxoro viloyatidagi gaz ta’minotiga mas’ul idoralar, hokimliklar va Respublika Vazirlar Mahkamasiga ham yo‘llangan:

- Shofirkon tumaniga gaz ta’minotiga mas’ul idora bo‘lgan - "G‘arbgazta’minot" idorasining rahbariyatidan 2014 yildan beri qoniqarli javob ololmaganmiz, hokimiyatlar ham tegishli javobni bermagan. Bu yil qishda qattiq qor yoqqanidan keyin Buxoro "G‘arbgazta’minot" idorasining boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Sattorov, degan amaldordan javob xati keldi - gazdan uzilsin, degan. Vaholanki, biz bekorga pul to‘layapmiz, deb 2014 dan beri gaz quvurini uzaylik deganmiz, xuddi shu idora qarshilik qilib kelgan, bekordan-bekorga xalqdan yo‘q gaz uchun pul undirgan,- deydi Dilorom Hamroeva.

Ozodlik bu shikoyat ortidan Shofirkon tumani va Buxoro viloyati hokimligiga bog‘landi. Ammo, hokimiyat mutasaddilari bu shikoyat borasida izoh berishdan bosh tortdi. Viloyat hokimligining shunday shikoyatdan xabari borligini rad etmagan xodimi bu borada izoh bermasdan, gapni qisqa qildi.

Shofirkonliklar arizasida nomi va telefon raqamlari keltirilgan mas’ul - Buxoro "G‘arbgazta’minot" unitar korxonasi rahbari o‘rinbosari Sh.Sattorov idorasidan ham hozircha biror javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Shofirkonliklar nomidan ariza yo‘llagan Dilorom Hamroeva, oxir-oqibat, sudga murojaat qilishga qaror qilganini aytadi:

- Yaqinda - 28 kun bo‘ladi - yana shu huquq portali orqali sudga murojaat yo‘lladik. Men o‘zim ariza yozdim va unga aholi arizasini ilova qildim. Shundan keyin o‘zini Buxoro viloyat hokimligidanman, degan odam menga telefon qilib: "Arizada nima deb yozgansiz o‘zi?" deb so‘radi, xolos. Hali biror javob yo‘q,- deydi Dilorom Hamroeva.

O‘zbekistonda 2010 yildan boshlab, tabiiy gaz yetib bormayotgan aholi punktlarini gaz quvurlaridan uzib tashlash va ballonlarda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 2013-2015 yillarda Vazirlar Mahkamasining bu qarori to‘liq ijro etilgani haqida rasmiy hisobotlar berilgan.

Ammo, shofirkonlik arizachilarga ko‘ra, ular yashayotgan hudud qog‘ozda tabiiy gaz yetkazib berilayotgan quvurlarga unlangan, ammo amalda gazsiz qolmoqda.

- Ozodlikka murojaat qilishimdan maqsad - Buxoro viloyatidagi mahalliy rahbarlarning layoqatsizligi haqidagi arzimizni shaxsan prezidentimizga yetkazishdir. O‘zbekiston xorijga qadar gaz sotyapti. Modomiki, mahalliy rahbarlarimiz o‘z ishini, o‘rnini, taqsimotni bilmas ekan, ularning bu davlatga, uning kelajagi va xalqi uchun nima keragi bor?! Men mana shu gapni aytish uchun sizga murojaat qildim,- deya gapini tamomladi Hamroeva.

Ozodlik tahririyatga kelgan bu shikoyat ortidan mutasaddi tashkilotlardan javob olishga urinishda davom etadi.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG