Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:46

Rossiyada IShIDga aloqadorlikda gumonlangan markaziy-osiyoliklar qo‘lga olindi


Moskva va Sankt Peterburgda terrorchilik hurujlarini rejalashtirganlik va IShIDga aloqadorlikda gumonlangan guruh Yekateringburgda hibsga olindi. Rossiya FSBsi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, ushlangan 7 nafar shaxs orasida Rossiya va Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari borligi aytilmoqda.

7 fevral kuni Rossiya FSBsi Yekaterinburgda hibsga olingan guruh “Islomiy davlati” ekstremistik tashkilotga a’zolikda ayblanayotgan yetti kishini hibsga olganini xabar qildi.

Qo‘lga tushirilgan shaxslar qo‘lbola portlovchi moslamalar yordamida Moskva, Sankt-Peterburg va Sverdlovsk viloyatlarida qator terrorchilik xurujlarini uyushtirishni rejalashtirilganlikda gumonlanmoqda.

Jinoiy guruh tuzganlikda ayblanib hibsga olinganlar Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari ekani ma’lum qilindi.

- O‘tkazilgan tintuv natijasida ushlanganlar yashash manzillari bo‘yicha qo‘lbola portlovchi moddalar, portlovchi moslamalar, elektrodetonatorlar, jangovar qurol, granatalar, yasama portlovchi modda komponentlari saqlangan laboratoriya va ekstremistik ruhdagi adabiyot aniqlandi. Hibsga olinganlar terrorchilik amaliyotini amalga oshirgandan so‘ng Suriyaga ketib, “Islomiy davlat” xalqaro terrorchilik tashkiloti tarkibida jangovar harakatlarda ishtirok etishni rejalashtirgan, deyiladi FSB tarqatgan rasmiy xabarnomada.

Federal xavfsizlik xizmati rasmiylari Ozodlik so‘roviga terrorchilikda gumonlanayotgan shaxslar orasida o‘zbekistonliklar bor-yo‘qligi masalasiga hozircha oydinlik kirita olmasliklarini bildirishdi.

Tergovchilarga ko‘ra, “IShIDchilar”ni Turkiyadan Rossiyaga maxsus kelgan “jangari” boshqarib kelgan. Life78 nashrining xabar qilishicha, FSB Moskva, Sankt-Peterburg va Yekaterinburgda portlashni rejalashtirgan yana uch kishini qidirmoqda. Ular orasida ikkita xudkush-ayol borligi ma’lum qilindi.

Lifenews nashri qidiruvdagi ayollar Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lib, ayollardan birining ismi Madjida Al-Saleyli, unga tunislik Bakri Habib al-Adri va Abu Mashad al-Jorjiya ko‘maklashganini “Rossiya maxfiy xizmat xodimlari”ga tayanib ochiqladi.

Ismini oshkor qilmagan Rossiya maxfiy xizmat xodimi saudiyalik va tunislik gumonlanuvchilar Suriyadan Turkiyaga, u yerdan esa Rossiyaga sayyohlar niqobi ostida kirib kelib, mamlakatning yirik shaharlarida terrorchilik xurujlarini uyushtirishni rejalashtirganini ma’lum qildi.

Qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205-modda (“Terrorchilik harakati”), 222-modda (“O‘qotar qurollardan noqonuniy foydalanish) hamda 222.1-modda (“Portlovchi moddalarni noqonuniy saqlash”) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bu shaxslarning “boshqa jinoiy aloqalari o‘rganilayotgani” va operativ-qidiruv ishlar davom etayotganini ma’lum qilmoqda.

XS
SM
MD
LG