Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:27

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Navoiy tavallud kuni nishonlandi


Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida Navoiy tavalludining 575 yilligi nishonlandi. Tadbir O‘sh shahridagi Navoiy xiyoboni yonida joylashgan Mir Alisher Navoiy xaykaliga gulchambar qo‘yish bilan boshlanib, Zahirriddin Muhammad Bobur nomidagi o‘zbek akademik drama teatrida “Navoiy gulshani” kompozitsion kecha bilan yakunlandi.

Mir Alisher Navoiyning 575 yilligi munosabati bilan 9 fevral kuni O‘shda o‘tkazilgan tadbir shahardagi Navoiy bog‘i yonida joylashgan adib yodgorligiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi.

Tadbirda Bobur nomidagi o‘zbek akademik drama teatri ijodkorlari, O‘sh davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulьteti o‘qituvchi va talabalari, O‘sh shahar hokimyati vakillari va O‘shdagi o‘zbek maktabi o‘qituvchilari ishtirok etdi:

- Navoiy besh dostondan iborat bo‘lgan Xamsasida xalqlar do‘stligi, millatlarning o‘zaro bir-biriga bo‘lgan muhabbati, munosabati masalasi o‘sha davrda ham eng asosiy masalalardan biri bo‘lgan. Xozirgi kunda ham eng aktual, eng muammoli bo‘lgan millatlarning do‘stligi, ular o‘rtasidagi xamjixatlik masalalariga yana bir marta nazar tashlashni istasak, biz Navoiy asarlariga murojaat qilamiz. Navoiy aytadi: “El nechun topgayki men o‘zimni topmasam”. Bu degani biz doimo eng avvalo o‘zimizga sarxisob berishimiz, o‘zimizning qilayotgan ishlarimizga munosabat bildirishimiz kerak degan ma’noni beradi,-deydi O‘sh Davlat dorilfununi o‘qituvchisi, adabiyotshunos, dotsent Ravshanbek Tursunov.

Navoiy yodgorligi yoniga gulchambar qo‘yilgach adib muxlislari uchun O‘shdagi Zaxiriddin Muxammad Bobur nomidagi o‘zbek musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan “Navoiy gulshani” adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Qardosh qirg‘iz xalqi ijodkorlarining Navoiy ijodiga bag‘ishlangan chiqishlari bilan boshlangan tadbirda, o‘zbek san’atkorlari tomonidan tayyorlangan Navoiy monologi, uning g‘azallaridan namunalar, ilmiy ma’ruzalar qilindi, "Layli va Majnun" spektaklidan parcha havola etildi.

“Bu yil mamlakatimizda “Madaniyat va tarix yili” deb e’lon qilingani uchun biz xozir alohida ish rejalarini tuzyapmiz. Shu tadbirlarda Navoiy bobomizning madaniyatini ko‘tarish uchun avvalo uning merosiga nazar tashlamoqchimiz. Hozir Navoiy shunos olim Ravshanbek domla Tursunov bilan Navoiy xaqida yaxlit bir spektakl qo‘yishga harakat qilyapmiz. Bu yil shuni ham boshlashni rejalaganmiz”, -deydi Bobur nomidagi o‘zbek akademik dramma teatri direktori Nabijon Shukur. Uning aytishicha, bugun Poytaxt Bishkekda ham Qirg‘iziston hukumati vakillari va O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi bilan birgalikda adib tavalludiga bag‘ishlangan tadbir uyishtirgan.

O‘sh shahrida esa, 9 fevral kuni ko‘plab o‘zbek maktablarida Navoiyxonlik kechalari o‘tkazildi.

- Navoiy ijodi xech qachon davr bilan hamnafas bo‘lmay qolmagan. Navoiy ijodi kecha ham, bugun ham, ertaga ham ahamiyatli bo‘ladi. Uning ijodi siz xoxlagan masaladagi siyosiy-ijtimoiy masalalarga javob topa olasiz. Kechagi, bugungi, ertangi kunga ham. Shuning uchun biz Navoiyga muroojatimiz bilan har qanday savolga javob topa olamiz. Masalan yoshligimizdan barchamiz biladigan:

G‘urbatda g‘arib shodimon bo‘lmas emish

El anga shafiqu mexribon bo‘lmas emish

Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa

Bulbulg‘a tikondek oshiyon bo‘lmas emish

Bu ruboiyni bugungi kunda ahamiyatsiz deb aytolemizmi? Yo‘q. Sababi hammamiz tug‘ilib o‘sgan yurtimizni, vatanimizni, oshiyonimizni nima bo‘lishidan qatiy nazar sevamiz, - deydi O‘shdagi o‘zbek maktablaridan birining direktri A’zam Rahim.

Bobur teatrida o‘tkazilgan Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy gulshani” kechasida 500ga yaqin o‘shlik Navoiy muxlislari ishtirok etdi.

Kechaga Navoiy she’riyatining muxlislari, talabalar, o‘quvchilar ishtirok etdi.

XS
SM
MD
LG