Линклар

Shvetsiya sudi 9 fevral kuni taniqli ulamo Obidxon qori Nazarovga suiqasd urinishida ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyga berilgan hukm ustidan ikki shikoyatni ko‘rishni boshladi. Mahkamada Yuriy Jukovskiy ustidan hukmdan norozi bo‘lgan himoya tomoni va ayni paytda 18 yillik qamoqni oz, deb hisoblagan Obid qori yaqinlarining shikoyati ko‘rilmoqda.

Shvetsiya shimolidagi Ostershund (Östersund) shahri mahkamasi o‘tgan yili 15 dekabr kuni o‘zbekistonlik taniqli imom Obid qori Nazarov joniga qasd qilishda ayblangan Yuriy Jukovskiyga 18 yillik qamoq jazosi tayinlagan.

Bu hukmdan ayblanuvchi Yuriy Jukovskiyning himoyasi norozi bo‘lib allelyatsion mahkamaga murojaat qilgan.

Ayni paytda Obidxon qori Nazarovning yaqinlari va qoralovchi tomon Jukovskiyga umrbod qamoq jazosi tayinlanishini so‘ramoqda:

- Bu qaror kelgusi tergov jarayoniga tegishli bo‘lgan katta va keng ko‘lamli ishlarimiz uchun zamin yaratadi. Hali ish oxiriga etgani yo‘q. Asosiy ijrochi jazolandi, ammo bu ishning orqasida turgan kuchli guruhlar bor. Ularni javobgarlikka tortish harakatlari hali ancha davom etadi, - deydi Dovudxon Nazarov Ozodlik bilan suhbatda.

37 yashar Jukovskiy o‘tgan yilning 25 avgustda Rossiyadan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingan edi.Shved prokurori Krister Peterssen Jukovskiyga bir umrlik qamoq jazosi so‘ragan. Uning ishonishicha, suiqasdga Obid qorining faoliyati sabab bo‘lgan.

Ostershund shahar sudiga ayblov xuslosasini topshirib bo‘lgach, Ozodlikka gapirgan tergovchi Peterssen o‘z arizasida bevosita O‘zbekiston hukumatini ayblamagan bo‘lsa-da, Jukovskiy suiqasdni “O‘zbekiston hukumati buyrug‘iga ko‘ra” amalga oshirgani xususidagi iddaolarni ilgari surganini bildirgan.

57 yoshli Obid qori Nazarov 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromshund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida noma’lum shaxs tomonidan otib ketilgan.

O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Obid qori Nazarov hamon og‘ir ahvolda shifoxonada yotibdi.

Ozodlik 9 fevral kungi mahkamaga oid tafsilotlarni kuzatmoqda. Yangiliklarni saytimizda kuzating!

XS
SM
MD
LG