Линклар

logo-print

Farg‘ona viloyati So‘x tumanida so‘nggi bir hafta ichida o‘nlab yosh yigitlarning hibsga olinishi ayni tumandan Suriyaga ketib qolgan aka-ukalar surishtiruviga bog‘lanayotgani ma’lum bo‘ldi. Farg‘ona MXX tumanning G‘aznov qishlog‘ida yashagan Nozil va Nusrat T.larning Suriyaga ketganini o‘tgan yilning oktyabr oyida oilasiga ma’lum qilgan va manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi hafta ichida ular bilan Rossiyada aloqada bo‘lgan so‘xliklar hibsga olinmoqda.

Ozodlikning ismini oshkor etishni istamagan g‘aznovlik manbasiga ko‘ra, bu qishloqdagi umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘qituvchisi o‘g‘illari bo‘lgan Nozil va Nusrat T.lar 2007 yillarda Rossiyaning Qozon shahriga mehnat muhojirligiga ketishgan.

Oradan bir necha yil o‘tgach, Qozondan Turkiyaga ishlagani ketgani ular bilan tanish bo‘lgan so‘xlik yigitlarga ma’lum bo‘lgan.

"4 oycha oldin SNBni odamlari bu bolalarning uyiga borib: "O‘g‘illaring Suriyaga ketgan, kichigi o‘sha yerda o‘lgan", deb rasmini ko‘rsatishibdi. Shundan keyin surishtir-surishtir boshlanib ketdi. Qozonda bu bolalarni tanigan-bilganlarni hammasini topib, bittama-bitta so‘roq qilishayapti. G‘aznovda Sadiyor, degan yigitni bir hafta bo‘ldi olib ketishgan. Qaerda ekanini hech kim bilmaydi", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan manba.

Bu manbaning iddaosicha, kuch ishlatar tuzilmalari Suriyaga ketganini iddao qilayotgan aka-ukaning oilasi mahallada qoralangan, otasi esa ishidan bo‘shatib yuborilgan. Bu manba oiladagi ayollarning ro‘mollari ham yechtirilganini da’vo qilmoqda.

T.lar oilasining esa ziyoli oila ekani, Nozil T. Farg‘ona viloyatidagi universitetlardan birida aniq fanlar yo‘nalishida o‘qib, oliy ma’lumot olgani aytilmoqda.

Shuningdek, uning o‘zi ham Rossiyada ishlab qaytgani va So‘xda bir necha bor IIV suhbatidan o‘tkazilganini aytdi. Unga ko‘ra, IIV va MXX xodimlarini Qozonda yurgan so‘xliklarning ibodati va namozxonlar jamoati qiziqtirmoqda:

"Mendan so‘rashdi: "Qaerda namoz o‘qigansan, necha mahal o‘qigansan, kimlar o‘qigansan?" va shunga o‘xshagan savollar. Men Hayit namozdan boshqasini o‘qimaganim uchun o‘qimaganman, dedim qo‘yvorishdi. Lekin, boshqa namoz o‘qigan g‘anovlik bolalarning pasportlarini olib qo‘yishgan, gde-to 4 kishini. Yana Qal’acha va Tul, degan qishloqlarda ham yosh-yosh yigitlarni qamab qo‘yishgan. Bilishimcha, 4 yigit Qal’achadan, yana 4tasi Tuldan", dedi bu manba.

Ozodlikning So‘x tumanidagi yana bir manbasi so‘nggi hafta ichida nomi tilga olingan uch qishloqda hibsga olishlar bo‘layotgani, uyidan olib ketilgan yigitlarning qaerda ekani noma’lum qolayotganini tasdiqladi.

Ozodlik bu borada Farg‘ona viloyati va So‘x tumani IIBsidan rasmiy ma’lumot olishga urinmoqda, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Kuni kecha Ozodlikka Rossiyadan bog‘langan so‘xlik mehnat muhojiri shu kunga qadar So‘xda jami 6 kishining hibsda saqlanayotganidan aniq xabardor ekanini aytgan edi:

- Shu Qozon shahrida bir yil - bir yarim yil ishlab borgan bolalar edi. 90, 91-yillarda tug‘ilgan bolalar ko‘pi. Bir oycha oldin hech sababini ham aytmay, ogohlantirmay, 15 sutkaga, deb qamab qo‘yishdi. 3 tasi Qal’acha qishlog‘idan, yana 3 tasi Tul qishlog‘idan. Bularning orasida mening yaqin tanishim ham bor. Mana bir oy bo‘ldi, chiqarishgani yo‘q. Bir haftacha bo‘ldi, Tuldan yana 7 kishini olib kirib qo‘yishibdi, deb eshitdim, lekin buni aniq bilmayman, - dedi ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan so‘xlik.

Ozodlik so‘xlik norasmiy manbalar tasdiqlagan, ammo rasmiy idoralar sukut saqlayotgan bu ma’lumotga oid tafsilotlarni aniqlashga urinishda davom etmoqda.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda xorijdan borayotgan fuqarolarning so‘roqqa tutilayotgan, hibsga olinayotgani haqida ma’lumotlar ko‘paymoqda.

Xususan, 2015 yilning oktyabr va noyabr oylarida Toshkent viloyati hamda shahrida 200dan ortiq odamning hibsga olingani inson huquqlari faollari tomonidan xabar qilingan.

Bundan tashqari, yana o‘nlab odam Farg‘ona, Xorazm va Namangan viloyatlarida hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor.

O‘zbekiston IIV faollar tarqatgan bu xabarlarni qisman tasdiqlagan,ammo bu borada aniq raqamlarni ma’lum qilmagan.

XS
SM
MD
LG