Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:53

Toshkentda o‘tkazilgan xatlov ortidan kvartiralar ijarasi arzonladi


O‘zini “O‘zbekistonda ilg‘or uy-joy izlagich”i, deb taqdim etadigan uybor.uz saytining hisob kitobicha, 2016 yilning birinchi oyida Toshkent shahrida kvartiralar ijara haqi o‘tgan yilning dekabridagi narxlarga nisbatan 12 %ga arzonlagan.

Kvartiralar ijarasi bozoridagi bu keskin o‘zgarish arafasida - 2015 yilning 10 noyabridan boshlab - poytaxtda turar va noturar joylar xatlovdan o‘tkazilgan edi.

Keyingi bir yil ichida Toshkentda uy-joyning qattiq valyutadagi narxi ham sezilarli pastlagani kuzatildi.

uybor.uz.ning hisob-kitobicha, yanvarda Toshkent shahridagi kvartiralarning ijara haqi 1 kv. metri o‘rtacha 6,1 shartli birlikka teng bo‘lgan.

Bu gapni saytning “siyosiy-iqtisodiy odob” doirasidagi tilidan o‘zbekchaga tarjima qilsak, ijaraning o‘rtacha narxini chiqarish uchun kvartiraning umumiy maydonini 6 dollaru 10 tsentga ko‘paytirasiz.

Ijara haqining keskin – 18 % ga pastlashi poytaxtning Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida kuzatilgan.

Aytilishicha, kvartiralar ijarasi qimmatroq yuradigan Mirobod tumanida ham pastlash kuzatilgan. Bu tumanda kvartiraning bir kvadrati o‘tgan oyda 8 dollarni tashkil qilgan.

Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarini “ijarada turadiganlar hududi”, deb atash mumkin. Chunki Toshkent bo‘ylab ijaraga beriladigan kvartiralarning 58% i shu ikki tumanga to‘g‘ri keladi.

Ijara bozorida 2 va 3 xonali kvartiralar bozori chaqqon. 2 xonali kvartiraning o‘rtacha narxi 330 dollar, 3 xonaliniki 528 dollardir.

Feruz massivi, Traktor zavodi, Qorasuv massivi, Sirg‘ali tumani hamda Chilonzor va Yunusobodning ba’zi qismlaridagi kvartiralar ijarasi narxi ancha arzondir.

Toshkentlik advokat Gulnora Oqilovaning aytishicha, u yashaydigan Sebzorda kvartiralar ijarasi narxi uybor.uz keltirgan shahar bo‘yicha o‘rtacha narxdan pastroq, lekin o‘sish bor.

- 2 xonali kvartiraning ijara narxi 200 – 250 dollar, bir yil oldin 100 dollar edi. 3 xonalining shu kundagi ijara narxi 300 – 350, 1 xonali kvartira 200 dollar, dedi Toshkentlik advokat Gulnora Oqilova.

Uning aytishicha, Sebzordagi kvartiralar ijarasi chaqqonligi Chorsu bozorining yaqinligi bilan izohlanadi.

Gulnora Oqilova 2015 yilning so‘nggi 2 oyida Toshkentda o‘tkazilgan xatlov to‘g‘risida eslab, bunday dedi:

- 10 noyabrdan 25 dekabrgacha Toshkentda xatlov o‘tkazildi va uy-joyni ijaraga beruvchilar va ijaraga oluvchilar tekshirildi.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, xatlovni o‘tkazuvchilar zimmasiga

“egasiz turar-joylarning paydo bo‘lishi sabablarini aniqlash, bo‘sh turgan va ijaradagi xonadonlarni aniqlab, ro‘yxatini tuzish, egasi aniqlanmagan xonadonlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rish, ijaradagi xonadonlarda yashovchilarning shaxsiga aniqlik kiritib, ro‘yxatini yuritish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan” edi.

Aytilishicha, tumanlar IIBlarida “Ob’ektni ijaraga beruvchi shaxslar” va “Ob’ektni ijaraga oluvchi shaxslar” elektron bazasi yaratila boshlagan.

Kvartira ijarasi narxlarining yanvarda 12 %ga arzonlashuvi noyabrь-dekabrda o‘tkazilgan xatlov oqibatimi yoki bu so‘nggi bir yil ichida kuzatilayotgan tendentsiya davomi – bu haqda hozircha bir narsa deyish qiyin.

Poytaxtning ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar 2015 yil bahoridan boshlab muttasil pasayayotgani va noyabrga kelib taqriban 30 foizgacha tushib ketgani to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan edi.

Uy-joy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi toshkentlik rieltorlar o‘shanda narxlar pasayib ketganini pulning qora bozorida so‘m qadrining keskin tushib ketgani va natijada aholi xarid quvvatining zaiflashib ketgani bilan izohlagan edi.

XS
SM
MD
LG