Линклар

Anqarada Turkiya rasmiylari bilan uchrashgan Merkel 8 fevral kuni “asosan Rossiya tomoni amalga oshirayotgan” havo hujumlaridan “o‘n minglab odam” jabr ko‘rayotganini aytdi.

Kansler Germaniya va Turkiya dekabr oyida qabul olingan, oddiy fuqarolarni bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqiruvchi BMT rezolyutsiyasiga amal qilinishiga erishish uchun kurashishini qo‘shimcha qildi.

G‘arb mamlakatlari Rossiyani muntazam ravishda “Islomiy davlat” yoki “Al-Qoida” jangarilari o‘rniga mo‘’tadil muxolifatni nishonga olishda hamda Suriyaning g‘arbiy va shimoliy hududlarida yuzlab oddiy fuqaroni o‘ldirishda ayblab keladi.

Kreml esa bu ayblovlarni rad etib, terrorchi guruhlarni bombardimon qilayotganini aytib keladi.

Suriya hukumat kuchlari Rossiya havo hujumlari yordamida Suriyaning markaziy hamda g‘arbiy qismlarida ekstemistik guruhlarga hamda muxolifatchi guruhlarga boy berilgan yerlarning bir qismini qaytib oldi.

Keyingi kunlarda Bashar Assadga sodiq kuchlar Halab shahri yaqinida ayrim hududlarni qo‘lga oldi. Halab Suriyadagi eng yirik shahar bo‘lib, uni hukumat kuchlari hamda muxolifatchilar talashib keladi.

Urushdan avval 2 million aholi yashagan Halabning qamal qilinishi o‘n minglab oddiy fuqaroni 40 km masofadagi Suriya-Turkiya chegarasiga qochib borishga majbur qilgan.

Merkel chiqish qilgan kun Human Rights Watch (HRW) Rossiya-Suriya harbiy amaliyotlari davomida 26 yanvardan beri kamida 14 marta kassetali bombalardan foydalanilganini bildirdi.

HRW bildiruvida hujumlar natijasida 37 oddiy fuqaro, jumladan, olti nafar ayol va to‘qqiz nafar yosh bola halok bo‘lgani, o‘nlab odam jarohat olgani aytiladi.

Kassetali bombalardan foydalanish Rossiya yoki Suriyadan boshqa 118 mamlakatda man qilingan.

Rossiya armiyasi matbuot kotibi Igor Konashenkov dekabr oyida Rossiyaning Suriyadagi havo bazasida kassetali bomba yo‘qligini aytgan edi.

Ammo, HRWga ko‘ra, Rossiyaning Suriyadagi Xmeymim havo bazasida olingan surat va videolarda kassetali bombalarni ko‘rish mumkin.

HRWning Yaqin Sharq bo‘limi direktori o‘rinbosari Nadim Xuriy “Suriyadagi bo‘hronni hal qilishga qaratilgan har qanday urinish hozir amalga oshirilayotgan qirg‘inni ham hal qilishi kerak. Rossiya bilan Suriya kassetali bombalardan foydalanishni to‘xtatsa, shuning o‘zi ilk yaxshi qadam bo‘lgan bo‘lardi”, dedi.

Angela Merkelь bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘li, zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa, o‘z mamlakati havo hujumlari tufayli Halabdan qochgan 30 ming chog‘li qochqinni qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

Yevropa Ittifoqi Turkiyaning Yevropaga yo‘l olayotgan migrantlar oqimini to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlari evaziga mamlakatga 3 milliard yevro berishga rozi bo‘lgan.

Dovudo‘g‘lining aytishicha, Turkiya va Germaniya NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining 11 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida suriyalik migrantlar oqimini hal qilishda tashkilot yordam berishini so‘raydi.

“NATOning kuzatish va monitor qilish mexanizmlaridan chegarada hamda Egey dengizida samarali foydalanish uchun hamkorlikda kurashamiz”, dedi Turkiya bosh vaziri.

Ozodlikning ingliz xizmati hozirlagan ushbu maqola Nodir Ataev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG