Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:41

HRW: Ukrainadagi urush davomida yuzlab maktab vayron bo‘ldi


Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti tomonidan 11 fevral kuni e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, Ukraina sharqidagi urush davomida yuzlab maktab, jumladan, har ikki taraf harbiy maqsadlarda foydalangan ko‘plab maktab yo‘q qilingan.

HRWning “Hujumlar ostida o‘qish: Ukraina sharqidagi harbiy konflikt davomida maktablarga qilingan hujumlar va maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanishlar” deb ataluvchi hisobotida yozilishicha, omon qolgan maktablarda o‘quvchilar xavf-xatar ichida, ko‘p hollarda tiqilishib tahsil olishga majbur bo‘lmoqda. Ko‘pchilik o‘quvchi esa o‘qishni butunlay tashlashga majbur bo‘lgan.

Hisobot hukumat kuchlari hamda Rossiya dastaklayotgan ayirmachilarni bolalar xavfsizligini ta’minlash va ta’lim olish imkonini yaratish uchun chora ko‘rishga hamda maktablardan harbiy maqsadlarni foydalanishni to‘xtatishga chaqiradi.

“Mojaroda ishtirok etayotgan barcha taraflar bolalarni himoyaga qilishga, o‘z adovatlari bolalarning xavfsizligi va ta’limiga ziyon etkazmasligiga e’tibor berishga mas’uldir”, deyiladi markazi Nyu-York shahrida bo‘lgan HRW hisobotida.

HRW xodimlari 41 maktab va bolalar bog‘chasiga tashrif buyurgan, 62 o‘quvchi, o‘qituvchi, direktor va guvohdan intervyu olgan. Tashkilot ham hukumat boshqaruvidagi, ham ayirmachilar nazorati ostidagi yerlarda maktablar hujumga uchraganini hujjatlashtirgan.

HRWning ukrainalik tadqiqotchisi Yuliya Gorbunova Ozodlik bilan suhbatda har ikki taraf maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanganini, maktablar ichida va yaqinida harbiy amaliyotlarni amalga oshirganini aytdi.

“Maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanish ularni legitim harbiy hadafga aylantirgan va ularning hujumga uchrab, yo‘q qilinishi xavfini oshirgan,” dedi Gorbunova.

O‘zaro kurash olib borayotgan kuchlar konflikt davomida zarar ko‘rgan boshqa maktablardan foydalanmagan. Shu sabab ular “legitim” harbiy hadafga aylanmagan.

“Biz tartibsiz hujumlar qilingan hollar bo‘lganini aniqladik. Ularni hujjatlashtirdik. To‘qnashuvda ishtirok etayotganlar harbiy va noharbiy hadaflarni ajratib o‘tirmagan hollar juda ko‘p uchraydi”, dedi Gorbunova.

2014 yilning aprel oyida boshlangan to‘qnashuvlar natijasida 9 mingdan ziyod harbiy va oddiy fuqaro halok bo‘ldi. 2015 yilning sentyabr oyida kuchga kirgan otashkesim to‘qnashuvlarni sezilarli darajada ozaytirdi, lekin otashkesim shartlarini buzish hollari tez-tez uchrab turadi, mojaroni hal qilishga qaratilgan kelishuvga esa deyarli amal qilingani yo‘q.

Hisobotda Donetsk viloyatining Kiev nazorati ostidagi Krasnoxorivka shaharchasida joylashgan maktab 2015 yilning iyunida ayirmachilar tarafidan artilleriya hujumiga uchragani haqida hikoya qilinadi. 3-sonli maktab ukrain harbiy tekshiruv punktidan 700 metr narida joylashgan bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda Gorbunova “Juda shiddatli artilleriya hujumi bo‘lgan, maktab ko‘p marta, qayta-qayta hujumga uchragan. Harbiy tekshiruv punktiga esa birorta o‘q tegmagan. Shunday ekan, bu hujum qilganlarning mo‘ljalga olish qobiliyati juda-juda yomon ekanligini yoki ular maktabni atayin mo‘ljalga olganini anglatadi”, dedi.

Hisobot bunday institutlarni o‘qqa tutish urush qonunlarida man qilingani va urush jinoyatlari sifatida javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Hujjatda yana Ukraina armiyasi maktablarni egallab olgan, “ko‘p hollarda maktab mebellarini, jumladan, sinf eshiklari, stul va stollarni sindirgan yoki yoqib yuborgan” hollar ham qayd etilgan.

Hisobotda yozilishicha, ko‘p hollarda harbiylar maktablarda og‘ir artilleriya yoki qo‘llanilmagan o‘q-dorilarni qoldirib ketgan.

Hisobotga ko‘ra, Ukraina Ta’lim va ilm-fan vazirligi HRW bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida hukumat kuchlari maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanganini tan olgan.

HRW har ikki tarafni bolalar xavfsizligi va ta’lim olish imkoniyatini himoya qilishga hamda maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanmaslikka chaqirar ekan, Ukraina rasmiylarini xalqaro “Xavfsiz maktablar deklaratsiyasi”ga amal qilishga chorlaydi. Bu deklaratsiya Norvegiyada 2015 yilning may oyida bo‘lib o‘tgan konferensiyada taklif qilingan. Hozirgacha uni 51 davlat imzoladi.

Ozodlikka bergan intervyusida Gorbunova Kiev deklaratsiyani qo‘llashga rozilik bildirganini aytdi.

“[Deklaratsiyani imzolash uchun] aniq kun belgilangani yo‘q hali, lekin biz bunga erishish uchun hukumat bilan ish olib borishda davom etamiz. Yaqin kelajakda o‘z maqsadimizga erishamiz, deb umid qilamiz”, dedi Yuliya Gorbunova.

Hisobot ayirmachilarni ham deklaratsiyaning maktab va universitetlardan harbiy maqsadlarda foydalanmaslikka chorlovchi printsiplariga amal qilishga chaqiradi.

Gorbunova ayirmachilar bu printsiplarga amal qilayotganini muayyan chora-tadbirlar bilan isbotlashi kerakligini aytdi.

“Biz jangarilarni deklaratsiyani rasmiy tarzda ma’qullashga chaqira olmaymiz, chunki ular rasmiy hukumat vakillari emas. Shunday bo‘lsa-da, biz ularni belgilangan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilishga va o‘z boshqaruvlaridagi barcha kuchlarga maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanishga barham berishni buyurishga chorlay olamiz”, dedi u.

XS
SM
MD
LG